ABDURASULOV

ABDURASULOV Sodiqjon (1937.9.5, Shahrixon tumani) — Oʻzbekiston Qahramoni (1996). Oʻrta maktabni tamomlab, mehnat faoliyatini Shahrixon tumanidagi «Oltin vodiy» jamoa xoʻjaligida shofyorlikdan boshlagan (1955—65), shu xoʻjalikda paxtachilik (1965-93), 1993-y. dan gʻallachilik brigadasiga boshliq. Abdurasulov rahbarlik qilgan brigada uzoq yillar davomida paxtachilik va donchilikda yuqori koʻrsatkichlarga erishdi (paxtadan 22—45 s/ga; gʻalladan 1995-y. da 55 s/ga, 1997-y. da 70 s/ga). Abdurasulov Andijon viloyatida boshqa mintaqalardan keltirilgan yangi bugʻdoy navlarini sinash va ulardan moʻl hosil olish boʻyicha tajriba maktabi yaratdi.