U Quraysh qabilasini iqtisodiy qamal qilgan edi…
U Islom tarixida ilk bor «Talbiya» aytgan edi…
…Madinaga ko‘chishning oltinchi yilida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh dini ta’sirini kengaytirish uchun arab va ajam hukmdorlaridan sakkiz nafariga maktub yozdilar va ularni Islomga chorlab chopar yubordilar. Payg‘ambar alayhissalom nomalari yetib borganlardan biri Sumoma ibn Usol al-Hanafiy edi.
Buning ajablanarli joyi yo‘q edi, chunki Sumoma johiliyat zamonida arab olamida taniqli va baobro‘ shaxslardan, Bani Hanifa qavmining e’tiborli sayyidlaridan edi. Yamoma o‘lkasining rahbarlaridan biri bo‘lgani sababli uning aytgani aytgan, degani degan edi.
Sumoma Payg‘ambar alayhissalom maktublarini norozi holda, ensasi qotib o‘qib chiqdi. Uning kibru havosi, gunohlari ezgulikka chaqiriqni eshitishdan to‘sib turardi. So‘ng shayton uni yo‘ldan ozdirib, Allohning Rasuli joniga qasd qilish va shu yo‘l bilan uning chaqiriqlariga chek qo‘yish rejasini tuzdi. Sumoma Rasuli akramni g‘aflatda qoldirib, manfur niyatini amalga oshirishga qulay payt poylardi. Agar amakilaridan biri uni shashtidan tushirib, niyatidan qaytarmaganida, uning bu qabih jinoyatni amalga oshirishi hech gap emasdi.
Shu tariqa Alloh taolo O‘z payg‘ambarini Sumomaning yomonligidan asrab qoldi. U Payg‘ambar alayhissalomni o‘ldirish rejasidan voz kechgan bo‘lsa ham, sahobalardan alamini olish maqsadida qulay imkon kutardi. Hatto bir nechalarining jonlariga qasd ham qildi. U tobora quturib, halokat sari intilardi…
Bu voqealardan ko‘p o‘tmay Sumoma Ka’bani tavof etib, butlar uchun qurbonlik qilish niyatida Yamomadan chiqib, Makkaga jo‘nadi. Madinaga yaqin joyga yetganida yetti uxlab ham tushiga kirmagan bir voqea sodir bo‘ldi. Rasuli akram dushmanning qo‘qqis hujumidan g‘aflatda qolmaslik uchun Madina tashqarisiga qo‘ygan soqchilar guruhi tanimay Sumomani qo‘lga olib, Madinaga keltirdi. Payg‘ambar alayhissalom masjidga kirganlarida u yerda oyoq-qo‘li bog‘langan Sumomani ko‘rib qolib:
– Uning kimligini bilasizlarmi? – deb so‘radilar.
– Yo‘q, – deyishdi sahobalar.
– U Sumoma ibn Usol al-Hanafiy, unga yaxshi munosabatda bo‘linglar, – dedilar va uylariga borib, ayollariga:
– Qanday taomingiz bo‘lsa Sumomaga yuboringlar, – deya tayinladilar.
Sumoma Islomga moyillik bildirmaganini ko‘rgan Rasuli akram uni bir necha kun o‘z holiga qo‘ydilar. Lekin suvi-taomidan xabardorlikni kanda qilmadilar. Bir kuni unga ketishga izn berildi.
Sumoma Masjidun-Nabiydan chiqib ketdi. Madina atrofidagi Baqiy qabristoniga yaqin bir xurmozorga kelib, tuyasini cho‘ktirdi. O‘sha yerdagi chashma suvida to‘kis g‘usl qildi va masjidga qaytib keldi. U Payg‘ambar masjidiga kirar-kirmas:
– Ashhadu anla ilaha illallohu va ashhalu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu, – deya imonini izhor qildi. So‘ngra Payg‘ambarimizga yuzlanib:
– Ey Muhammad (alayhissalom), Allohga qasamki, bugungacha yuzingizni ko‘rgim kelmasdi, endi u men uchun eng sevimli yuzga aylandi. Allohga qasamki, bugungacha diningizni aslo yoqtirmasdim, endi u mening sevimli dinimga aylandi. Allohga qasamki, bugungacha shahringiz menga xunuk ko‘rinardi, endi u men uchun eng go‘zal maskan bo‘lib qoldi.
Sumoma shunday degach, avvalgi gunohlari uchun jazolashni iltimos qildi.
– Sen endi malomat qilinmaysan, ey Sumoma, chunki Islom o‘zidan oldingi gunohlarni yuvib yuboradi, – dedilar.
U bu gapdan sevinib ketdi va:
– Jonim, kuch-quvvatim va molu mulklarim diningizga ko‘makchi bo‘lsin, – dedi. So‘ngra Payg‘ambar alayhissalomdan so‘radi:
– Ey Allohning Rasuli, umra niyatida ketayotganimda meni ushlab olishgandi, endi nima qilay?
– Umrangni Alloh va Uning Rasuli shariatiga binoan ado qil, – deb javob berdilar Rasuli akram va uni umra tartibi bilan tanishtirdilar.
Sumoma yo‘lga tushdi va Makkaga yetganida ovozining boricha «Labbayka Allohumma labbayk…Labbayka la sharika laka labbayk… Innal hamda van-ne’mata laka val-mulk…La sharika lak», deb talbiya ayta boshladi. Bu bilan Sumoma Makkada eng birinchi talbiya aytgan odam sifatida tarixga kirdi.
Shunday qilib Sumoma ibn Usol butun Quraysh ko‘z o‘ngida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyurganlariday umra ibodatini ado etdi. But-sanamlarga emas, Alloh taologa qurbonlik qildi. Yurtiga qaytgach esa, qurayshliklarning adabini berib qo‘yish uchun ularga yuborilayotgan don-dunni to‘xtatishga buyurdi. Qavmi unga bo‘ysunib, Makkaga g‘alla jo‘natishni to‘xtatdi. Sumomaning iqtisodiy qamali Qurayshning tinkasini quritdi, shaharda ochlikdan qirilib ketish xavfi paydo bo‘ldi. Shunda makkaliklar Payg‘ambar alayhissalomga maktub yo‘llab, qamalni to‘xtatishni so‘rashdi. Rasuli akram Sumomaga yana don-dun yuborishni tiklash haqida noma yubordilar.
Sumoma ibn Usol umr bo‘yi diniga sodiq qoldi, Payg‘ambar alayhissalomga bergan va’dasiga vafo qildi. U zot vafotlaridan so‘ng dindan chiqqanlarga va soxta payg‘ambarlarga qarshi turdi. Qabilasini bu fitnalarga qo‘shilmaslikka chaqirdi. Alloh taolo uni O‘z mag‘firati bilan chulg‘ab olsin va jannati bilan mukofotlasin.
Abdurahmon Ra’fat Poshoning «Sahobalar hayoti» kitobi asosida Ahmad Muhammad tayyorladi
* * *
Hijratdan keyin Madinada Islom juda tez yoyila boshladi. Payg‘ambarimiz (a.s.) atrofdagi qabilalarga elchilar yuborar, ularni to‘g‘ri yo‘lga chaqirar, o‘zlari ham ularning elchilarini qabul qilardilar. Bir kuni huzurlariga Sumoma ibn Usol keldi. U Yamoma qabilasining raisi bo‘lib, asl maqsadi Rasululloh (s.a.v.)ni o‘ldirish edi. Yovuz niyat bilan Payg‘ambarimiz (a.s.)ga tashlanganida sahobalar to‘xtatib qolishdi. To‘s-to‘polonda Sumoma qochishga muvaffaq bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.) uni tutib jazo berishni buyurdilar va qo‘lga tushishi uchun duo qildilar.
Hijratning oltinchi yili boshlarida Sumoma ibn Usol umra uchun yo‘lga chiqib, Madina yaqiniga keldi. Rasululloh (s.a.v.)ning suvoriylari uni tutib olishdi va huzurlariga keltirishdi. Ushlab olganlar asirni tanishmas edi. Payg‘ambar (a.s.) aytdilar:
– Kimni olib kelganingizni bilasizlarmi? Bu Sumoma ibn Usol. Unga yaxshi muomala qiling. Ozor bermang!
Sumoma masjidga hibs etildi. Rasululloh (s.a.v.) uylariga kelib, ahllariga:
– Qo‘lingizda yeydigan nima bo‘lsa, to‘plab Sumomaga yuboring! – dedilar.
– Ey Sumoma, ko‘nglingdan nimalarni o‘tkazyapsan, mendan nima kutyapsan?
Sumoma javob berdi:
– Ichimda yaxshilik umidi bor. Chunki siz kechirimlisiz. Agar meni o‘ldirsangiz, bitta jinoyatchini yo‘q qilgan bo‘lasiz. Agar kechirsangiz, yaxshilikni biladigan, ne’matga shukr aytadigan odamga ehson etgan bo‘lasiz. Agar mendan ozod bo‘lishim uchun evaz istasangiz, mana, molim, istaganingizcha oling.
Payg‘ambarimiz (a.s.) ketma-ket uch kun har masjidga kelganlarida shu savolni so‘radilar va ayni javobni oldilar. So‘ngra olamlarga rahmat Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yana yuksak marhamatlarini ko‘rsatdilar – Sumomani qo‘yib yubordilar. Shu onda asirlikdan xalos bo‘lgan Sumomaning ko‘ngli ham shirk zulmatidan najot topdi – shahodat kalimasini aytib musulmon bo‘ldi, Rasululloh (s.a.v.)ga bay’at qildi. Payg‘ambarimiz (a.s.)ning so‘zlariga bo‘ysunib, g‘usl oldi va masjidga qaytdi. So‘ngra Rasululloh (s.a.v.)ga bunday dedi:
– Allohga qasam, kecha kechqurun yonimga kelganingizda ham bu dunyoda men uchun sizning yuzingizdan yoqimsizroq yuz yo‘q edi. Bugun tongda sizning yuzingiz men uchun eng sevimli yuzga aylandi. Allohga qasam, kecha kechqurun ham bu dunyoda men uchun sizning shahringizdan yoqimsizroq shahar yo‘q edi. Tong otganida esa sizning shahringiz men uchun eng sevimli joyga aylandi. Allohga qasam, kecha kechqurun ham sizning diningiz men uchun eng xato e’tiqod edi. Tong otganida eng sevimli din bo‘ldi.
Shundan keyin Sumoma Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga:
– Yo Rasululloh, meni suvoriylaringiz umra uchun ketayotganimda ushlashdi. Endi nima qilishimni amr etasiz? – dedi. Payg‘ambarimiz (a.s.) unga dunyo va oxirat saodati xushxabarini berib, umra qilishni buyurdilar.
Hazrat Sumoma Makkaga talbiya aytib kirib bordi. Bundan mushriklar g‘azabga minishdi, uni o‘ldirishga chog‘lanishdi. Lekin shu payt oralaridan biri: “Qo‘yvoringlar uni! – dedi. – Yeguliklar borasida Yamoma xalqiga muhtojligingizni unutmang. Sumomaga bir narsa bo‘lsa, hammamiz och qolamiz”. Mushriklar bu gapni ma’qul ko‘rishdi. Ulardan biri so‘radi:
– Demak, dindan chiqding, shundaymi?
– Yo‘q, – dedi hazrat Sumoma, – dindan chiqmadim. Aksincha, men haq yo‘l bo‘lgan Islomni qabul qildim. Muhammadni (a.s.) va u zot keltirgan narsalarni tasdiqladim. Allohga qasam, Rasululloh (s.a.v.)dan iznsiz Yamomadan foydalanolmaysiz!
Sumoma umrasini qilib bo‘lib, Yamomaga ketdi. Aholining Makkaga oziq-ovqat jo‘natishini taqiqladi. Mushriklar tang holda qolgach, Rasululloh (s.a.v.)ga maktub yozib, ahvollari yomonligini aytishdi. Hatto Abu Sufyon Madinagacha keldi, holatni bayon qilib, yordam so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) Yamomadan Makkaga ozuqa kelishiga to‘sqinlik qilmasligini aytib, Sumomaga xat yozdilar. Hazrat Sumoma amrga bo‘ysundi.
Rasulullohning (s.a.v.) vafotlaridan keyin, Sumoma ibn Usol va u bilan birga bo‘lganlardan boshqa barcha yamomaliklar dindan qaytdi. Bu paytda hazrat Sumoma ham Yamomada edi. Xalqni payg‘ambarlik da’vo qilayotgan Musaylamaga ergashishdan, uni qo‘llab-quvvatlashdan qaytarishga urindi.
– Ey Bani Hanifa! Islomdan qaytish zulmat demakdir. Bundan saqlaning. Oxirgi payg‘ambar Muhammad (s.a.v.), u zotdan keyin payg‘ambar kelmaydi, – dedi.
Shundan keyin hazrat Sumoma G‘ofir surasining ilk uch oyatini o‘qigach:
– Ey Yamoma xalqi! Mana bu Alloh taoloning kalomidir, – deb aytdi. Biroq Yamoma xalqi bu nasihatni quloqqa olishni istamadi. Ular Musaylamaga ergashish borasida yakdil edilar. Bu orada Alo ibn Hadramiy boshchiligida Bahraynga ketayotgan musulmonlar qo‘shini Yamomaga yaqinlashdi. Bundan xabar topgan Sumoma sheriklari bilan ularga qo‘shildi. Tamim qabilasidan ham bir qancha askarlar bilan quvvatlangan qo‘shin Hotam boshchiligidagi murtadlarga qarshi jang boshladi. Nihoyat, bir kecha sarxush bo‘lib, g‘aflatda qolgan mushriklar ustiga bosqin uyushtirildi. Dushmanning bir qismi o‘ldirildi, bir qismi asir olindi. Qolganlari qochdi. Hazrat Sumoma bu jangdan qaytishda yo‘lto‘sarlar tomonidan shahid etildi.