Yalpiz iforini tuymay turib ko’klamni his qilish mumkinmi? Albatta, yo’q!
Axir yalpiz bahor darakchilaridan biri. Ushbu xosiyatli giyoh bahoriy taomlar masallig’i, oshko’k va ziravor bo’libgina qolmay, ko’hna zamonlardan beri dorivor malham ham hisoblanadi.
Tarixiy ma`lumotlarga qaraganda, Qadimgi Rim va Misr ahli uni muqaddas sanab, miyani peshlash uchun boshlariga yalpizli chambar kiyib yurishgan ekan. Harbiylar urushlar rejasini tuzishda diqqati jamlashga yordam beradi degan o’yda doim qarorgohlarida yalpiz saqlashgan.
Xalq tabobatida yalpizning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatmadan tish og’rig’i, milk yallig’lanishini davolashda foydalanilgan. Abu Ali ibn Sino yalpiz bilan ichak og’riqlarini davolagan. Uni ovqatni yaxshi hazm qildiruvchi vosita sifatida tavsiya etgan.
Shuningdek, me`da-ichak yo’li spazmi, qabziyat, me`da kislotaliligi oshishi, sariq va o’t-tosh kasalliklari, bavosil, hayz maromining buzilishida yalpizli damlamalar tavsiya etiladi.
Yalpizning bir necha xil turi bor va ularning barini bir jihat – o’ziga xos takrorlanmas ifor birlashtirib turadi.
Yalpiz tarkibida efir moylari (mentol, menton, pinen, flandren, seniol, yasmin), organik kislotalar, flavonoidlar, karotin, glyukoza, rutin, vitamin S , mineral tuzlar mavjud.
Zamonaviy tibbiyotda yalpizning terapevtik xususiyati qadrlanadi. U og’riq qoldiruvchi, yallig’lanishga qarshi kurashuvchi, tomirni kengaytiruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Jig’ildon qaynagashi va qorin dam bo’lishida yordam beradi, safro haydovchi ta`sir ko’rsatadi. Yalpiz, ayniqsa, jigar uchun foydali bo’lib, ushbu a`zoni tozalaydi.
Agar angina, tumov, bronxit qiynayotgan bo’lsa, sizga yalpiz yordam beradi: 1 osh qoshiq quritilgan giyoh barglarini olib, ustidan 1 stakan qaynagan suv quying va 15 daqiqa damlang. So’ng suzib, ichasiz.
Bugungi kunda tarkibida yalpiz bor preparatlar og’riqlar, spazm va migrenga qarshi ishlatib kelinmoqda. Shuningdek, ko’pgina tish pastalari va og’izni chayqashga mo’ljallangan eliksirlarga yalpiz qo’shiladi. Bunday eliksirni o’zingiz tayyorlasangiz ham bo’ladi. Buning uchun 1 osh qoshiq yalpiz barglari ustidan yarim litr qaynagan suv quyasiz va 3 soat damlaysiz. Og’zingizni chayqab tursangiz, noxush hiddan xalos bo’lasiz.
Ich ketishida 1 osh qoshiq yalpizni 1 stakan qaynagan suvda 40 daqiqa damlang. Suzib, kuniga 3 mahal, qultumlab ichasiz.
Yalpiz ichak faoliyatini, peristaltikasini yaxshilaydi. Agar sizni qabziyat qiynasa, 4 osh qoshiq yalpizni 1 stakan qaynagan suvda 4 soat damlang, idishning og’zini yopib qo’yish esingizdan chiqmasin. Suzib, kuniga 3 mahal yarim stakandan ichasiz.
Tumovda 50 gramm yalpizni 1 stakan suvda 20 daqiqa damlang. So’ng damlamani kattaroq idishga quyib, 10 daqiqa davomida bug’idan nafas oling. Bunday iglalyasiyani kuniga bir necha marta takrorlang.
Migren xuruj qilganda yalpiz damlamasini ichish, chakkalarga yalpiz moyidan surtish tavsiya etiladi. Damlama tayyorlash uchun 30 gramm yalpiz barglarini 400 ml qaynoq suvga soling, yarim soat tursin. Issiq holida 1 stakan ichasiz.
Diqqat! Yalpiz foydali giyoh bo’lsa-da, uni ko’p miqdorda ishlatish uyquning yomonlashishi yoki yurak og’rig’iga sabab bo’lishi mumkin. Shuningdek, Qon bosimi past va vena tomirlari tonusi sust bo’lganda ham undan ehtiyot bo’lgan ma`qul.
Diyorimizda yalpizning ko’pgina turlari uchraydi: qora yalpiz, Osiyo yalpizi, qalampir yalpiz, suv yalpizi va hokazo. Yalpiz tabiiy holda sernam joylarda, o’tloq, ariq, chashma, jilg’a, zovur yoqalarida o’sadi.