Vahshiy ibn Harb
Uhudda Hamza ibn Abdulmuttalibni halok qilib, Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) qon yig‘latgan, Yamomada soxta payg‘ambar Musaylamani o‘ldirib, musulmonlar ko‘ngliga taskin bergan inson kim? Bu “Abu Dasama” kunyali Vahshiy ibn Harb Habashiydir. U qurayshlik Jubayr ibn Mut’imning quli edi. Jubayrning amakisini Badr jangida hazrat Hamza o‘ldirgandi. Jubayr bundan qattiq xafa bo‘lib, amakisining qasosini olishga qasam ichgandi.
Badrdan ko‘p o‘tmay Uhud jangi bo‘ldi. Jang boshlanishidan oldin Jubayr Vahshiyga: “Hamzani o‘ldirsang, seni ozod qilaman”, dedi. O‘sha paytlar musulmon bo‘lmagan Abu Sufyonning xotini Hind ham Badrda o‘ldirilgan otasi va amakisining intiqomi uchun Vahshiyga mukofot va’da qildi.
Vahshiy nayzani nishonga bexato urish borasida tengsiz edi. Nayzasini olib, qo‘shin ortidan yo‘lga chiqdi.
Uhudda bir toshning panasiga yotib olib, Hamzani kuzata boshladi. Hazrat Hamza maydonda na’ra tortib jang qilardi. Vahshiy payt poylab turib, nayzasini otdi va hazrat Hamzani shahid qildi…
Jangdan so‘ng Makkaga qaytdi. Jubayr ibn Mut’im va’dasining ustidan chiqib, uni ozod qildi. Endi u hur odam edi.
O‘sha kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir qancha mushrikni duoibad qildilar. Sahobalar Hamzaning qotili Vahshiyni nega badduo qilmaganlarini so‘rashganida, u zot: “Men Me’roj kechasi Hamza bilan Vahshiy bir-birining qo‘lidan tutib, jannatga kirishayotganini ko‘rdim”, deb javob berdilar.
Musulmonlar qo‘shini Uhudda yengilgan bo‘lsa-da, Islomning obro‘si kundan-kun ortib, ta’sir doirasi kengayib borardi. Bunga sari Vahshiyning ham tashvishi kattalashardi. Makka fath qilingach, najot istab Toifga qochdi. Biroq ko‘p o‘tmay toifliklar ham musulmon bo‘lishdi. Nima qilishni bilmay boshi qotdi. Shunda bir kishi: “Ey Vahshiy! Muhammadning diniga kirib, shahodat kalimasini aytgan odamni u o‘ldirmaydi”, deb maslahat berdi. Buni eshitib, Madinaga otlandi. Yetib borgach, Rasullohni qidirdi va masjiddan topdi. Salom berdi, u zot alik oldilar. So‘ng Vahshiy: “Yo Rasululloh, bir kishi Allohga va Rasuliga dushman bo‘lsa, eng yomon gunoh qilsa, keyin pushaymon bo‘lib, imon keltirsa, Rasulullohni jonidan ham yaxshi ko‘radigan kishiga aylanib huzuringizga kelsa, uning jazosi nima bo‘ladi?”deb so‘radi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Imon keltirgan, pushaymon bo‘lgan kechiriladi, bizning og‘a-inimiz bo‘ladi”, deb javob berdilar.
U: “Yo Rasululloh, men imon keltirdim. Pushaymon bo‘ldim. Alloh taolo va Rasulini hamma narsadan ko‘p yaxshi ko‘raman. Men Vahshiyman”, dedi.
“Tanbehul g‘ofilin” asarida Vahshiyning musulmon bo‘lishi bunday tavsirlangan: “Ibn Abbos rivoyat qiladiki, Vahshiy Payg‘ambarimizga (alayhissalom) Makkadan xat yozdi: “Men musulmon bo‘lishni xohlayman, lekin sizga tushgan bu oyatlar meni qaytaryapti: “Ular Alloh bilan birga boshqa “iloh”ga iltijo qilmaslar va Alloh o‘ldirishni man etgan jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlar)ni qilsa, gunoh (uqubat)ga uchrar” (Furqon, 68). Men oyatda aytilgan uch gunohni ham qilganman, tavba qilsam bo‘ladimi?”
Keyin Alloh bu oyatni tushirdi: (Ey Muhammad,) o‘z jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning O‘zi mag‘firatli va rahmlidir” (Zumar, 53). Buni Vahshiyga yozdilar. Vahshiy Madinaga kelib, musulmon bo‘ldi”.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Vahshiy degan ismni eshitgach, hazrat Hamzaning shahid etilgandagi holi ko‘z o‘ngilariga kelib, yig‘lay boshladilar.
Vahshiy buni o‘zicha o‘lim farmoni deb tushunib, eshikka qarab yurdi. Sahobalar qo‘llarida qilich, ishora kutishardi.
Vahshiy oxirgi nafasini olayotganini his etib turganida, Jabroil (alayhissalom) kelib dedi: ”Alloh taolo aytdi: “Ey suyukli payg‘ambarim! Butun umrini butga sig‘inishu Menga dushmanlik qilish bilan o‘tkazgan kofir kalimai shahodatni aytsa, Men uni kechiraman. Siz amakingizni o‘ldirgani uchun nega Vahshiyni kechirmaysiz? U pushaymon bo‘ldi, Sizga ishondi. Men uni kechirdim, Siz ham kechiring!”
Hamma “O‘ldiring!” degan buyruqni kutayotganida, Payg‘ambarimiz: “Birodaringizni chaqiring”, dedilar.
Sahobalar “birodaringiz” degan so‘zni eshitgach, Vahshiyni hurmat bilan chaqirishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Vahshiyga kechirilgani haqidagi xushxabarni yetkazdilar, ortidan: “Biroq mening ko‘zimga ko‘rinma, seni ko‘rsam, beixtiyor amakim yodimga tushib, g‘amga to‘laman”, dedilar.
Hazrat Vahshiy Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) xafa qilmaslik uchun qaytib u zotga ko‘rinmadi. Suhbatlarda u zot ko‘rmaydigan joyda o‘tirardi. Garchi oldingi gunohlari kechirilganini bilsa-da, Islom va musulmonlarga qay darajada yomonlik qilib qo‘yganini tushunib turardi. Xijolatdan boshini egib yashar, bu qilmishini yuvishga arzigulik ish qilishni istardi.
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin payg‘ambarlik da’vosini qilgan Musaylama o‘z qabilasi Bani Hanifa bilan dindan qaytdi. Ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun bo‘lgan jangda Vahshiy hazrat Hamzani shahid qilgan nayzasi bilan yolg‘onchi Musaylamani o‘ldirdi.
Hazrat Vahshiy ibn Harb hazrat Usmon davrida vafot etdi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!
 Manbalar asosida Shoakmal Isroilov tayyorladi.
“Irfon” taqvimining 2014 yil 2-sonidan olindi.
* * *
Abu Dasama Vahshiy ibn Harb al-Habashiy (Alloh bu zotdan rozi bo‘lsin) ziddiyatli hayot yo‘li bilan Islom tarixida alohida iz qoldirgan sahobiylardan edi. Alloh taoloning irodasi va belgilagan taqdiri tufayli u Uhud kunida Hamza ibn Abdulmuttolibdek ulug‘ sarkardani o‘ldirib, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) muborak qalblarini qonga bo‘yagan, keyinchalik Yamoma kuni soxta «payg‘ambar» Musaylimatul Kazzobni qatl qilib, musulmonlar qalbidagi yaraga malham qo‘ygan edi. Tarixchilar uning haqida «Bu kishi Muhammaddan (sollallohu alayhi va sallam) keyingi eng yaxshi odamni… va eng yomon odamni ham o‘ldirgan» deb yozishgan.
Vahshiy Quraysh zodagonlaridan Jubayr ibn Mut’imning qora tanli quli edi. Badr jangida yengilib, katta qurbonlar bergan Quraysh mushriklari musulmonlardan o‘ch olish va Muhammad ibn Abdulloh masalasiga uzil-kesil chek qo‘yish maqsadida Uhud jangiga chiqishga qaror qildi. Mushriklar qo‘shiniga Abu Sufyon ibn Harb qo‘mondon, uning xotini Hind ibn Utba esa ayollar guruhining sarkori edi. Hind Badrda otasi, amakisi va inisidan ayrilgan edi. U ana shu qurbonlar evaziga musulmonlardan qasos olish hissi bilan yonardi. Ayol har gal Vahshiy bilan uchrashib qolsa, «Ey Abu Dasama, ko‘nglimizga taskin ber», deya vishillardi. Abu Sufyonning xotini Hind Vahshiyni ozod qilish evaziga Rasulullohning (s.a.v.) suyukli amakilari amir Hamzani o‘ldirishni topshirdi.
Vahshiyning o‘zi bunday hikoya qiladi: «Uhudga yetganimizdan so‘ng jang boshlandi. Men Hamza ibn Abdulmuttolibni qidirishga tushdim. Uni ilgari ko‘rganim uchun yaxshi tanirdim. Qolaversa, Hamzani tanimaydigan odam kam edi. U arab bahodirlari odatiga ko‘ra kuchli raqiblarni jalb qilish uchun peshonasiga tuyaqush patini taqib olgan edi. Hamza tuyadek o‘kirib, qilichini o‘ngu chapga sermar, hech kim uning qarshisiga bora olmas, hech narsa uni to‘xtat olmas edi.
Men Hamzaning yaqinlashishini poylab bir daraxtning orqasida yashrinib turgan edim. Sibo’ ibn Abduluzzo ismli Quraysh chavandozi yonimdan o‘tayotib: «Hoy Hamza, yakkama-yakka olishasanmi?» deya qichqirdi. Hamza unga qaradi va: «Bu yoqqa kel, mushrikvachcha, qani, oldimga kel-chi», dedi.
Ikki pahlavonning olishuvi uzoqqa cho‘zilmadi. Hamza bir qilich siltash bilan raqibining kallasini sapchaday uzib tashladi. Mushriklar bahodiri qip-qizil qoniga belanib quladi.
Men kutgan qulay mavrid kelgan edi. Nayzamni ko‘tarib, bir pas mo‘ljal olib turdim-da, keyin bor kuchim bilan tirik nishonga qarab otdim. Nayza Hamzaning qornidan kirib, orqasidan teshib chiqdi. U men tomonga qarab bir-ikki qadam tashladi-da, so‘ng yerga quladi. Bir oz kutdim, uning o‘lganiga aniq ishonch hosil qilgach, nayzamni uning tanasidan sug‘urib, izimga qaytdim. Chodirga borib o‘tirdim, chunki bu yerga urush qilish uchun kelmagan edim, Hamzani faqat ozod bo‘lish uchungina o‘ldirgandim».
Qonli jang nihoyasiga yetgach, qurayshiylar Makkaga qaytishdi. Jubayr so‘zining ustidan chiqib, Vahshiyni qullikdan ozod qildi. Ammo u bu bilan ham baxtiyor va xotirjam bo‘la olmadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Makka fathi boshlanib, g‘olib musulmonlar qo‘shini shaharga kirib keldi. U jonini saqlab qolish uchun Toifga qochdi. Ammo toifliklar ham tez orada Islom bilan sharaflanishdi. Vahshiy xuddi oyog‘i ostida olov yonayotgan kimsa kabi qayoqqa borishni bilmas, keng dunyo unga torlik qilib qolgan edi. O‘zicha Shomga yoki Yamanga yoxud biror boshqa joyga ketish rejasini tuzar edi.
Ana shunday tahlikali kunlarning birida uning nochor ahvoliga rahmi kelgan kishilardan biri: «Hoy Vahshiy, Allohga qasamki, Muhammad alayhissalom uning diniga kirib, shahodat kalimasini aytgan biror kishini o‘ldirmaydi», deb qoldi. Bu uning yuragiga umid uchqunlarini tashladi.
Vahshiy hikoya qiladi: «Bu gapni eshitib, Yasribga, Muhammadning huzuriga yo‘l oldim. Shaharga yetgach, odamlardan so‘rab-surishtirib, Payg‘ambarning masjidda ekanini bildim. Qo‘rqa-pisa oldilariga kirdim. To‘g‘ri tepalariga borib, «Ashhadu alla ilaha illallohu va anna Muhammadan abduhu va rasuluhu», dedim. U zot shahodat kalimasini eshitib, boshlarini ko‘tardilar. Menga ko‘zlari tushib, darrov tanidilar. Taniboq yuzlarini o‘girib oldilar. Shu holda «Sen Vahshiymisan?» deb so‘radilar. «Ha, ey Allohning Rasuli», dedim. «O‘tir, Hamzani qanday o‘ldirganingni gapirib ber», dedilar.
Men o‘tirib, bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdim. Hikoyam nihoyasiga yetgach, u kishi yana yuzlarini mendan o‘girib oldilar va: «Turqing qursin, ey Vahshiy, bor, ko‘zimga ko‘rinma, bugundan keyin seni ko‘rmayin», dedilar. O‘sha kundan boshlab men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) nigohlaridan qochadigan bo‘ldim. Sahobalar u zot oldilarida o‘tirishsa, men orqalaridan joy olardim. Payg‘ambar alayhissalom to Parvardigorlariga qovushgunlaricha meni ko‘rmadilar».
Vahshiy Islomga kirish avvalgi gunohlarni avf etib yuborishini yaxshi bilar edi. Rasulullohning bunday yo‘l tutganlari esa u zotning o‘z amakilari qotilini kechirganlariga ishora ham edi. Ammo bularga qaramay, Vahshiy qilib qo‘ygan mash’um xatosidan xijolat chekib, uni qanday yuvish yo‘llarini axtarar edi. Ana shunday imkoniyat Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan keyin Abu Bakr xalifaligi davrida keldi. Musaylima Kazzob qavmi murtadlik yo‘liga o‘tdi, bu esa Islom birdamligiga katta xavf solar edi. Dindan qaytgan qavmni Alloh diniga qaytarish uchun qo‘shin hozirlandi. Uning safida Vahshiy ham bor edi.
U shunday hikoya qiladi: «Jangga jo‘nar ekanman, Hamza ibn Abdulmuttolibni qatl qilgan nayzamni ham olvoldim. Yo Musaylimani o‘ldiraman, yo qurbon bo‘lishga qasam ichdim. Jang maydonida Musalimani qidira boshladim. Uni qo‘lida qilich tutgan holda ko‘rdim. Qarasam, bir ansoriy ham uni o‘ldirishga chog‘lanib turibdi. Qulay imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, nayzamni olib, bir-ikki chog‘landim va bor kuchim bilan Musaylimaga otdim. Nayzam nishonga aniq sanchildi».
Vahshiy umrining nihoyasigacha «Men Islomning eng yaxshi, ulug‘ kishisini o‘ldirib qo‘ygan edim, keyinchalik uning eng katta dushmanini ham o‘ldirdim», degan taskin bilan yashadi…
Siyrat.uz dan olindi.