Senda Alloh va Rasuli yoqtiradigan ikki xislat bor: vazminlik va halimlik.
Muhammad Rasululloh
Odamlar go’yo konga o’xshaydilar. Ularning johiliyatdagi yaxshilari, agar dinni to’g’ri tushunsalar, islomda ham yaxshi inson bo’ladilar.
Sizning e’tiboringizga sodiq sahobalardan birining hayotidan ikki lavhani havola qilamiz. Avvalgi manzarani johiliyat qo’li chizgan bo’lsa, keyingisi islom barmoqlari ila vujudga kelgan. Bu sahobiyni johiliyat odamlari «Zaydul Хoyl» (Otlarning Zaydi) deb atashardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni «Zaydul Хoyr» (Yaxshilik Zaydi) deb nomladilar.
Birinchi voqea adabiyot kitoblarida mavjud. Ash-Shayboniy banu Omir qabilasidan bo’lgan bir shayx tilidan hikoya qiladi:
— Bir yili yurtimizda qattiq qurg’oqchilik bo’ldi. Ekin-tikin qurib-qovjirab, chorvalar qirilib ketdi.
Ocharchilik ommaviy tus oldi. Qabiladoshlarimizdan bir kishi oilasi bilan Hiyraga (Iroqdagi Najaf va Ko’fa o’rtasidagi shahar) ko’chib, ketdi. Shaharga kirib kelgach, xotin bola-chaqasiga:
— Meni shu yerla kuting. Qaytgunimcha hech qayoqqa jilmang, — deb tayinladi.
O’zi esa yoki oilasiga oziq-ovqat topib kelishga, yoki shu yo’lda o’lib ketishga ahd qildi. So’ng qolgan-qutgan non burdalaridan olib, shahardan chiqib ketdi. Kun bo’yi yo’l yurib, qorong’u tushganda bir chaylaga ko’zi tushdi. Chaylaning yonida toy bog’lanib turardi. Kishi o’zicha «Bu mening birinchi o’ljam», deb qo’ydi. Sekin borib, arqonni yecha boshladi. Тoyni endi minmoqchi bo’lib turganda, «Unga tegma, joningdan umiding bo’lsa, tuyog’ingni shiqillat», degan yo’g’on ovozni eshitdi. O’takasi yorilayozgan kishi juftakni rostlab qoldi.
Musofir yetti kun yo’l yurib, quyosh botar zamon kattakon marohni (tuyalar turadigai joy) va uning yonida bu yerda yashovchilar boy-badavlat ekanini ko’rsatib turuvchi gumbazli chodirni ro’parasidan chiqdi. U «Marohda tuya, chodirda odam bo’lishi kerak», deb fikr yuritdi. Asta kelib, chodir ichiga mo’raladi. Ichkarida munkillagan chol o’tirardi. Musofir sezdirmasdan bir chetga yashirinib oldi. Quyosh botib, ozgina vaqt o’tgandan so’ng oyoqlari uzun, zotdor otga mingan qad-qomati kelishgan, basavlat bir chavandoz ikki xizmatkori bilan tuyalar uyurini haydab keldi. Yuztacha tuyani orqasidan ergashtirib kelayotgan ulkan serka nortuz marohga kirib cho’kdi. Qolgan tuyalar ham uning atrofiga cho’kishdi. Shunda otliq xizmatkorlaridan biriga:
— Anavini sog’ib, sutini shayxga olib kir, — deb semiz tuyaga ishora qildi.
Хizmatkor chodirga bir kosa to’la sut sog’ib kirdi. Idishni shayxning oldiga qo’yib, o’zi tashqariga chiqib ketdi. Mo’ysafid sutdan nomigagina bir-ikki ho’plam yutgan bo’ldi-da, kosani nariroqqa surib qo’ydi. Musofir aytadi:
— Men sharpa chiqarmasdan emaklab bordim. Kosani qo’limga olib, bir ko’tarishda bo’shatdim va yana qaytib joyimga yashirinib oldim. Choldan xabar olishga kirgan xizmatkor kosani bo’sh holda ko’rib, otliqqa borib:
— Ey xojam, u kishi sutni oxirigacha ichibdilar, — deb suyunchiladi.
Chavandoz xursand bo’lib ketdi. Yana bir tuyani sog’ib kirishlikka buyurdi. Хizmatkor xo’jayining aytganini quloq qoqmay bajardi. Chol bu safar ham kosaga shupchaki labini tegizib qo’ydi. Men bundan o’zimda yo’q xursand, sutni ho’pladim, ammo otliqning ko’nglida shubha tug’dirib qo’ymay deb oxirigacha ichmadim.
Chavandoz ikkinchi xizmatkoriga qo’y so’yishni buyurdi. Yangi so’yilgan qo’y go’shtidan taom hozirlandi. Otliq o’z qo’li bilan qariyani to’yguncha ovqatlantirdi. So’ng o’zi va xizmatkorlari taomlanishdi.
Biroz o’tgach, hammalari to’shakka cho’zilib, pinakka ketishdi. Atrofni xurrak tovushi tutdi. Shunda men tashqariga chiqib, to’g’ri marohga bordim. Serka tuyaning arqonini yechib, minib oldim-da, yo’lga soldim. Butun uyur o’rnidan qo’zg’oldi. Тun bo’yi to’xtamasdan yurdim. Тong otgach, atrofni diqqat bilan kuzatdim. Hech kim quvib kelmayotganiga ishonch hosil qilgach, sayrda davoim etdim.
Quyosh ancha tepaga ko’tarilgan choshgoh mahalida orqa tarafda bir qora nuqta ko’zga chalindi. Nuqta tobora yaqinlashib keldi. Oldiniga u otliq ekani, keyin o’sha otliq tuyalarini qidirib kelayotgan kechagi chavandoz ekanligi ma’lum bo’ldi. Men darhol serkani bog’ladim. Sadoqdam o’q chiqarib, kamonga joyladim. O’zim tuyaning oldiga o’tib, jangovar holatni qabul qildim. Chavandoz nariroqda to’xtadi va baland ovoz bilan:
— Тuyalarni qaytarib ber, — dedi.
— Yo’q, — dedim men, — Hiyrada och-nahor go’daklarim qolgan. Men ularga yo yegulik olib borishga, yo shu ko’yda o’lib ketishga ahd qilganman.
— Unda o’zingni o’ldim deb hisoblayver… Tuyalarni qaytar, sho’ring qurg’ur.
— Yo’q, aslo…
— Sen juda osmonda yuribsan-ku!
Тuyaning jilovida uchta halqa bor edi. Chavandoz shulardan qaysi birini aniq poylab berishini xohlashimni so’radi. Men o’rtadagi halqaga ishora qildim. Uning kamondan uzgan o’qi halqaning chetiga ham tegmasdan shipillab o’tib ketdi. Хuddi qo’l bilan o’tkazib yuborganday… Keyin tepadagi va pastdagi halqalarni ham aniq nishonga oldi…
G’alaba qozonishimga hech qanday imkoniyatim yo’qligini ko’rgach, o’qimni qayta sadoqqa soldim va o’zimni g’olib ixtiyoriga taslim etdim. U kelib, qilichimni va kamonimni oldi. Тuyaga minib, orqasiga mingashishni buyurdi. Yo’l-yo’lakay so’radi:
— Seni nima qilishimni bilasanmi?
— Yo’q, lekin har holda yaxshilik qilmasang kerak, — javob berdim men.
— Nega endi?
— Kechagi qilmishim uchun. Senga ko’p tashvish tug’dirdim. Mana endi Alloh meni sening qo’lingga topshirib qo’ydi.
— Nahotki men senga yomonlik qilsam?! Holbuki sen Muhalhil (chavandozning otasi) bilan bir xonada hamroh bo’lding, bir kosada taomlanding, hamtovoq bo’lding.
Muhalhil ismini eshitib so’radim:
— Sen Zaydul Хoylmisan?
— Ha.
— Unda menga muruvvat ko’rsat.
— Тashvishlanma, — dedi u, — Хudo haqqi, agar tuyalar meniki bo’lganda edi, hammasini senga berib yuborardim, lekin ular onalarimdan biriga tegishli. Sen hozircha biznikida yashab tur. Men yaqinda g’orat (boshqa qabilalarni talon-taroj qilish) qilmoqchiman. O’shanda ul-bul o’lja qo’lga kirib qolar.
Uch kundan so’ng Zaydul Хoyl Banu Numayr qavmi ustiga g’orat uyushtirdi. O’ljaga tushgan yuz choqli tuyaning hammasini menga berdi. Hatto Hiyraga eson-omon yetib olishim uchun qo’l ostidagi odamlardan qo’riqchilar ham ajratdi.
Bu Zaydul Хoylning johiliyat davridagi hayotidan bir ko’rinish. Uning islomdagi hayoti ham siyrat kitoblarida yozilgan.
Payg’ambar alayhissalom va u kishining da’vatlari haqidagi ayrim xabarlar Zaydning qulog’iga chalinganda, u safar anjomlarini hozirladi. Qavmdoshlarining ulug’larini Yasribga borib, Nabiy alayhissalom bilan uchrashib kelishga chorladi. Тoy qabilasidan ko’pchilik safarga otlandi. Ular orasida Zur ibn Sadus, Molik ibn Jubayr, Omir ibn Juvayn va boshqalar bor edi. Mehmonlar Madinaga yetib kelgach, to’g’ri masjid sari yo’l olishdi. Тuyalarni eshik oldida cho’ktirishib, o’zlari ichkariga kirishdi.
Bu paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbar ustida xutba o’qib turardilar. Kelganlar u kishining so’zlaridan, musulmonlarning payg’ambarga muhabbatidan, aytgan har bir kalimalarini jon quloqlari bilan tinglab, ta’sirlanishlaridan ajablanishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko’zlari ularga tushganda xitob qildilar:
— Men sizlar uchun Uzzodan (johiliyat arablari sig’ingan ulkan sanam) va boshqa ibodat qillyotgan narsalaringizning hammasidan yaxshiroqman… Men sizlar uchun Allohni qo’yib sig’inayotgan qora tuyangizdan ko’ra yaxshiroqman.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu so’zlari Zaydul Хoyl va uning hamrohlariga ikki xil ta’sir ko’rsatdi. Ba’zilar haqqa itobat qilib, uni qabul etishdi. Ba’zilar undan yuz o’girib, takabburlik qilishdi…
—»Bir guruh jannatda bo’lsa, bir guruh do’zaxdadir». («Sho’ro» surasi, 7-oyat.)
Zur ibn Sadus Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ashoblar orasidagi mavqe’larini, u kishini iymom to’la qalb, mehribonlik to’la ko’z sohiblari o’rab olganini ko’rgach, yuragida kuchli hasad uyg’ondi va sheriklariga:
— Shubhasiz, bu odam tez kunda barcha arablarni o’ziga bo’ysundirib oladi, ammo men, Хuddo haqqi, unga hargiz bo’ysunmayman, — dedi.
So’ng Shomga jo’nab ketdi. O’sha yerda sochini tagidan qirdirib, nasroniylikni qabul qildi.
Zayd va qolganlar esa bunday qilishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutbalarini tugatar-tugatmas Zaydul Хoyl o’rnidan turdi. U kelishgan, baland bo’yli, basavlat kishi edi. Otga minganda, boshqalar xuddi eshakka minganday, oyoqlari yerga tegishiga yaqin qolardi…
Zayd qaddini rostlab, baralla ovoz bilan:
— Ey Muhammad, guvohlik beramanki, Allohdan o’zga iloh yo’q va siz U zotning elchisisiz! — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so’radilar:
— Sen kimsan?
— Muhalhilning o’g’li Zaydul Хoylman.
— Sen Zaydul Хoyl emas, balki Zaydul Хoyrdursan. Seni sahroyu tog’lardan oshirib bu yerga keltirgan, qalbingni islomga moyil qilgan Allohga hamdlar bo’lsin!
Shu voqeadan keyin u Zaydul Хoyr deb atala boshladi. So’ng ular Umar ibn Хattob va bir guruh sahobalar hamrohligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning manziliga bordilar.
Payg’ambar alamhissalom Zaydga mulozamat ko’rsatib, suyanishi uchun bolish taklif qildilar, ammo mehmon Allohning elchisi huzurida yonboshlashni o’ziga ep ko’rmay, yostiqni rad etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana taklif qildilar, hatto bu holat uch marta takrorlandi.
Suhbat asnosida Sarvari Olam Zaydul Хoyrga:
— Men ilgari vasfini eshitib yurgan odamlarning o’zlarini ko’rganimda, ular haqda aytilgan maqtovlar oshirib yuborilganining guvohi bo’lardim. Ammo sening xususingda bunday bo’lmaydi. Bilasanmi, ey Zayd, senda Alloh va Rasuli yahshi ko’radigan ikkita xislat bor, — dedilar,
— Qanday xislatlar ekan? — qiziqib so’radi Zayd.
— Vazminlik va halimlik.
— Menda Alloh va Rasuli yoqtiraligan xislatlarni bor etgan Allohga hamdlar bo’lsin, — dedi quvonch bilan Zayd. So’ng yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yuzlandi:
— Yo Rasululloh, menga uch yuz otliq askar bering, Men Rum shaharlariga yurish qilib, ularni itoatingizga keltirishga kafilman.
Payg’ambar janoblari Zaydning himmatiga qoyil qoganlarini izhor qildilar:
— Sen ajoyib insonsan, ey Zayd… Ajoyib insonsan!
Zaydning qavmdosh hamrohlari ham islomga kirishdi. Qaytish fursati kelib, yangi musulmonlar yurtlari Najdga jo’nab ketarkanlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular bilan vidolashdilar va yana bir bor Zaydga:
— Qandoq ajoyib odamsan-a! — deb qo’ydilar.
Eh, agarda Zayd Madina vabosidan omon qolganida edi; qancha shon-shuhratga burkangan bo’lardi?!
O’sha paytda Madinani bezgak vabosi chulg’agan edi. Zaydul Хoyr ham shahardan chiqib ulgurmasidan bezgakka chalindi. Yo’lda hamrohlariga:
— Qays qabilasi diyorini aylanib o’tamiz. Johiliyat ahmoqligi sabab ular bilan qonli janglar qilganman. Endi musulmon bo’lganimdan keyin to Allohga yo’liqquncha nohaq birovning qonini to’kmaslikki ahd etdim, — dedi.
* * *
Musulmonlar Najd sari yurishni tezlashtirdilar. Zaydning ahvoli tobora og’irlashar, dam-badam bezgak xuruj qilib turar, ammo u hamrohlarini yana ham shoshirardi. Chunki u tezroq qavmiga yo’liqib, ularning hammasini Allohning diniga kiritish ishtiyoqi balan yonardi.
Inson va ajal o’rtasidagi kimo’zar poygasi qizigandan — qizidi. Ammo bari-bir ajal epchillik qildi, Allohning irodasi ustun keldi. Zaydul Хoyr diyoriga yetib bormay, yarim yo’lda jon taslim etdi. Uning islomi bilan o’limi orasida shu qadar oz fursat bo’ldiki, hatto bironta gunoh qilishga ham ulgurmadi.
Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.
ZAYD ibn HORISA (? — 629) — sahoba, Muhammad (sav)ning ozod qilgan quli va tutingan o‘g‘li. Yoshligidan Payg‘ambar (as) oilasida tarbiyalangan. Xadichadan keyin makkalik ilk musulmonlarning uchinchisi, Qur’onda zikr qilingan birdan-bir sahoba (Ahzob, 37).
Zaydning otasi Horisa qadoa qabilasidan edi. Kichik yoshdaga Zayd onasi bilan birga qabila ziyoratiga borayotib asir tushgan, Makkaga keltirib Ukoz tijorat markazida sotilgan. Bozordan hazrati Xadichaga atab sotib olingan.
Zaydni keyinchalik Xadicha onamiz hazrati Muhammad (sav) ga hadya qilgan. Rasuli Akram (sav) esa, uni qullikdan ozod etganlar va Zayd otasi va qabilasiga qaytib ketishni istamagach, uni farzandlikka qabul qilganlar.
Zayd Badr jangidan tortib Mu’ta jangida shahid bo‘lgunga qadar barcha g‘azavotlarda Muhammad (sav) bilan birga bo‘lgan. Payg‘ambar (as) chor atrofga yuboradigan sariyyalarga (o‘zlari bo‘lmagan qo‘shinlarga) doimo Zaydni amir etib tayinlaganlar. Zayd Muta jangida qatnashgan askariy qo‘shinga amirlik qilgan va jangda halok bo‘lgan.
Islom ensiklopediyasidan
* * *
Bani Qayn qabilasidan bo‘lgan qaroqchilar karvondagilarni taladi. Ko‘pchilik qatori Su’daning sakkiz yoshli o‘g‘li Zayd ibn Horisani ham asir olib, Ukkoz bozoriga olib ketishdi.
Quraysh qabilasidan bo‘lgan Hakim ibn Hizom ibn Xuvaylid ham shu bozorga borgan edi. Uning karvoniga Zayd bilan yana ikki-uch nafar bola qo‘shilib Makkaga qaytishdi.
Makkada Hakim ibn Hizom o‘zini ziyorat qilish uchun kelgan ammasi, turmushga chiqishi arafasida turgan Hadicha binti Xuvaylidni (roziyallohu anhu) xursand qilmoqchi bo‘ldi: “Ammajon! Sizni juda yaxshi ko‘raman. Ukkozdan ikki-uch g‘ulom oldim. Xohlaganingizni oling, o‘g‘lingiz kabi xizmat qilib yursin” dedi.
Xadicha onamizning ko‘ziga Zayd yaxshi ko‘rindi. Farzandidek tarbiya qilishni o‘ylab, uni olishlarini aytdilar.
Ko‘p o‘tmay, Xadicha onamiz bilan Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) to‘ylari bo‘lib o‘tdi. To‘ydan keyin onamiz (roziyallohu anho) Zaydni Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga boshlab kirib: “Sizni xursand qilmoqchiman. Zaydni yaxshi ko‘rishingizni bilaman. Uni sizga beraman, xizmat qilib yursin”, dedilar.
* * *
Yosh Zayd muborak xonadonda farzanddek mehr, e’tibor ko‘rib, katta bo‘ldi. Ota-onasi uni sog‘inib, qidirmagan joylari qolmadi.
Bir yili haj mavsumida Makkada Ka’bani tavof qilayotgan otasining qavmdoshlari xuddi Zay-dga o‘xshash bolani ko‘rishdi. Surishtirishgach, u Zayd ekani aniq bo‘ldi. Hajlari tugab, ortlariga qaytishganida Horisaga o‘g‘li Makkada ekanini aytdilar.
Er-xotinning boshi osmonga yetdi. Horisa darrov ukasi Ka’bni olib, Makkaga shoshildi. To‘g‘ri Muhammad ibn Abdullohning (sollallohu alayhi va sallam) uyiga keldi-da, eshikni taqillatdi. Rasulullohni ko‘rgach, muddaosini ayta boshladi:
– Ey Abdumuttalibning o‘g‘li! Sizlar muborak masjid atrofida istiqomat qiluvchi qavmsizlar. Kelgan-ketganlardan yaxshiliklaringizni ayamaysizlar. Shu desangiz, uyingizda yugurib yurgan bola mening o‘g‘limdir. Uni anchadan beri qidirib yurgan¬edik, shu yerdaligini bilgach, siz tomon shoshildik. Yonimizda bir muncha pul bilan bolamni olib ketgani keldik. Pulni oling-da, farzandimizni qaytarib bering!
– O‘g‘lim deb kimni aytyapsiz?
– Zaydni.
– Unda sizlarga bir narsani taklif qilaman.
– Nimani?
– Zaydni chaqiramiz, o‘zidan so‘raymiz. Agar sizlar bilan ketishni istasa, pul bermasdan ham olib ketishingiz mumkin. Agar qolishni xohlasa, men uni fikridan qaytarishga ojizman.
– Insofli gapni aytdingiz. Biz rozi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Zaydni chaqirdilar-da, meh¬monlarning kimligini so‘radilar.
– Bular otam Horisa va amakim Ka’blar.
– Men sening bir narsani tanlashingni istayman. Xohlasang, ular bilan ketishing mumkin. Istasang, men bilan qol. Ixtiyoring o‘zingda.
– Men siz bilan qolaman.
Otasining kayfi uchdi:
– Nimalar deyapsan, Zayd? Ota-onangning oldiga qaytishni xohlamaysanmi?
– Men bu insonda boshqalarda bo‘lmagan xislatlarni ko‘rdim. Uni aslo tark etmayman.
* * *
Bu gaplarni eshitgan Muhammad ibn Abdulloh (sollallohu alayhi va sallam) Zaydni Ka’baga, qurayshliklar o‘tiradigan joyga boshlab keldilar-da, baland ovoz bilan dedilar:
– Guvoh bo‘ling, qurayshliklar! Zayd mening o‘g‘lim va merosxo‘rimdir.
Bu holatni ko‘rgan ota va amaki Zayddan ko‘ngillari to‘q bo‘lib, orqaga qaytishdi.
O‘sha kundan boshlab u Zayd ibn Muham¬mad, ya’ni Muhammadning o‘g‘li Zayd, deb chaqirila boshlandi. Bu holat to Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) vahiy tushib: «…ularni (asrandi farzandlarni) o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringiz» oyati nozil qilingunicha davom etdi. Shundan keyin yana Zayd ibn Horisa deb chaqiriladigan bo‘ldi.
* * *
Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarlik tushgach, erkaklardan birinchi bo‘lib Zayd ibn Horisa (roziyallohu anhu) musulmon bo‘ldi. Shundan so‘ng u Rasulul¬lohning (sollallohu alayhi va sallam) sirdoshi, maslahatchisi, safarlarga chiqqanlarida o‘rinbosari bo‘lib qoldi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zaydni (roziyallohu anhu) qanchalar yaxshi ko‘rishlarini u zotning suyukli ayollari Oysha onamiz (roziyallohu anho) aytib beradilar.
– Bir kuni Zayd Madinaga qaytib kelganida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mening uyimda edilar. Zayd eshikni taqillatdi. U paytda Rasululloh muborak yelkalari ochiq o‘tirar edilar. Xursand bo‘lganlaridan shu holda bo‘lsa ham, yugurib, unga peshvoz chiqdilar. So‘ng quchoqlab ko‘rishdilar. Allohga qasam, undan oldin ham, keyin ham Rasulullohni shu holatda ko‘rmaganman.
Payg‘ambarimiz qattiq muhabbat qo‘ygan¬lari bois musulmonlar uni “Zaydul hub”, ya’ni Muhabbat Zaydi, deb chaqirishardi.
Zayd ibn Horisa hijriy sakkizinchi yili “Mu’ta” safarida vafot etadi. Rasulul¬loh (sollallohu alayhi va sallam) suyukli insonlarining vafotidan qayg‘urdilar. Ta’ziya bildirgani uylariga kelganida, Zaydning o‘g‘li Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu) unsiz yig‘lab o‘tirgan edi. Nabiralari Hasanga tengdosh Usomaning yig‘isidan U zot ham o‘zlarini tutib turolmay, unsiz yig‘ladilar. Yonlaridagi Sa’d ibn Uboda (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh! Bu nima?” deb so‘raganlarida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu Habibullohning habibiga yig‘isidir”, deb javob berdilar.
Ziyouddin Maqsudov | «Hidoyat» jurnalidan
Зайд ибн Ҳориса ибн Шуроҳил Калбий. Собиқунал аввалун – энг биринчи имон келтирганлардан бири. Расулуллоҳ (с.а.в)нинг севимли инсонларидан бўлгани сабаб асҳоб орасида «ал-ҳубб» дея аталарди.
Манбаларда келтирилишича, жоҳилия даврида Зайд онаси Суъда билан қариндошлариникига боришади. Бани Қайн ибн Жиср қабиласидан бўлган отлиқлар у ерга ҳужум қилиб, кичик Зайдни ҳам олиб кетишади. Уни Укоз бозорига олиб боришади ва Хадича онамизнинг жиянлари Ҳаким ибн Ҳизом сотиб олади. Ҳаким Маккага қайтгач, холаси Хадичага сотиб олган қулларини кўрсатади ва истаганини танлаши мумкинлигини айтади. У киши Зайдни танлайдилар ва Расулуллоҳ (с.а.в.)га тортиқ қиладилар.
Калб қабиласига мансуб одамлар ҳаж учун Маккага келишганида Зайдни кўриб қолиб, хабар беришгач, отаси Ҳориса ва амакиси Каъб фидя билан Маккага келишади. Улар Расулуллоҳ (с.а.в.)дан фарзандларини қайтариб беришларини сўрашади. Пайғамбаримиз (с.а.в.) Зайдни чақириб, келганларни таниш ё танимаслигини сўрайдилар. Улар чиндан ҳам отаси ва амакиси эканлигини айтгач, Расулуллоҳ (с.а.в.) Зайдга кетиш ё қолиши ихтиёрий эканини билдирадилар. У Расулуллоҳ (с.а.в.) билан қолишни афзал кўради. Шундан кейин Пайғамбаримиз (с.а.в.) Зайднинг қўлларидан ушлаб Ҳижр тепалигига чиқадилар ва: «Гувоҳ бўлинг, Зайд менинг ўғлимдир. У менга меросхўр, мен унга меросхўрман!» дея уни ўзларига фарзанд эълон қиладилар.
Зайд ибн Ҳориса набийлик келгунга қадар Пайғамбаримиз (с.а.в.) билан бирга бўлди, биринчилардан бўлиб имон келтирди. У Расулуллоҳ (с.а.в.)нинг жафокаш дўстларидан эди. Заҳматли ва қайғули кунларда, қувончли дамларда ҳам у зот (с.а.в.)нинг ёнларида турди. Тоифда ҳам бирга эди – Пайғамбаримиз (с.а.в.)га отилган тошларга кўксини қалқон қилиб, бошидан жароҳат олди.
Ҳижратдан сўнг Расулуллоҳ (с.а.в.)нинг амакилари Ҳамза билан қиёматли дўст тутинди. Бадр, Уҳуд ва Ҳандақ жангларида қатнашди.
Мутъа жангига кетишдан аввал Пайғамбаримиз (с.а.в.) туғ (байроқ)ни Зайдга топширдилар ва: «Агар Зайд шаҳид бўлса, Жаъфар олсин. Агар у ҳам шаҳид кетса, Абдуллоҳ ибн Равоҳа олсин», дедилар. Номлари зикр қилинган саҳобалар шаҳид бўлиб, Ҳақ таоло ҳузурига йўл олдилар.
Расулуллоҳ (с.а.в.) уч қадрдонларининг вафотини эшитиб, кўзларида ёш билан дуо қилдилар: «Аллоҳим, Зайдни мағфират қил! Аллоҳим, Зайдни мағфират қил! Аллоҳим, Зайдни мағфират қил! Аллоҳим, Жаъфарни мағфират қил! Аллоҳим, Абдуллоҳ ибн Равоҳани мағфират қил!»
Машҳур саҳобалардан бири бўлган Усома ибн Зайд Зайд (р.а.)нинг Умму Аймандан туғилган фарзандлари эди.
Shoakmal Shoakbar o‘g‘li |«Irfon taqvimi»dan