To‘liq ismi: Zaynab binti Abu Salama Abdulloh ibn Abdul Asad ibn Hilol ibn Amr ibn Maxzum, Maxzumiya.
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) tarbiyalarini olgan (o‘gay qizlari). Onasi:Ummu Salama binti Abu Umayya (roziyallohu anho).
Rivoyat qilinadi: Habashistonda tug‘ilgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xonadonlariga kelganida go‘dak edi. Ibn Sa’d (rahimahulloh) aytadi: Asmo binti Abu Bakr uni emizgan. Shuning uchun Zaynab Zubayr ibn Avvom bolalarining xolasi.
Asl ismi Barra binti Abu Salama ibn Abdul Asad bo‘lgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ismini “Zaynab” qo‘yganlar. Madina ayollarining fazilatlisi edi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uni yaxshi ko‘rib: “Zaynab qaerda? Zaynab nima qildi?” deb chaqirar edilar.
Hadis rivoyat qilishi: Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) 7 ta hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, Oysha va Ummu Habibalardan (roziyallohu anhunna) ham hadis rivoyat qilgan. Zaynab binti Abu Salamadan (roziyallohu anho) o‘g‘li Abu Ubayda ibn Abdulloh ibn Zam’a, Muhammad ibn Ato, Arok ibn Molik, Xumayd ibn Nofe’, Urva ibn Zubayr, Abu Salama ibn Abdurahmon, Zaynul Obidiyn Ali ibn Husayn va boshqalar (roziyallohu anhum) hadis rivoyat qilishgan.
Fazilati: Zaynab binti Abu Salama (roziyallohu anho) xolasining o‘g‘li sahoba Abdulloh ibn Zama’ ibn Asvadga (roziyallohu anhu) turmushga chiqdi. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) tarbiyalarini olgani sabab keyinchalik Madina ayollarining faqihasi bo‘lib yetishdi. Abu Rifoa Soig‘ aytadi: “Madinalik faqih ayolni eslaydigan bo‘lsam, Zaynab binti Abu Salamani eslardim. Zaynab binti Abu Salama bunday hikoya qilgandi: “Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tahorat olayotgan edilar. Onam: U zotning oldilariga kir, deb aytdilar. Kirganimda, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yuzimga suv sachratib: “Orqangga qayt”, deb aytdilar. Men Zaynabni qariganida ko‘rdim. Yuziga bironta ajin tushmagan edi” (Imom Tabaroniy “Kabir” kitobida keltirgan).
Hijratning saksoninchi yillari olamdan o‘tdi.
Ixtibor Qodirova | «Hidoyat» jurnalidan