Herman Hesse hikmatlari
• Ma’nan boy inson omma qarshisida hamisha kuchlidir.
• Hayot mudom tahlikali, shu bilan birga, behad go‘zaldir.
• Hayotning qarama-qarish ikki qutbini bir-biriga bo‘ysundirish, uning sehrli kuyini qog‘ozga tushirish, ehtimol, menga nasib etmas. Ammo baribir botinimdagi tug‘yonga quloq tutaroq bu ishga qayta va qayta qo‘l uraveraman. Zero, aynan shu urinishlarim sabab men hanuz yashayotirman.
• Insonning chin a’moli — o‘z-o‘zini topmoqdir.
• Bor bilimimni shoirlardan olganman.
• Aqliy mehnat bilan mashg‘ul odamlarchalik shuhratparast, izzattalab kimsalar bo‘lmasa kerak. Aslida ham, ular maqtovga, daldaga muhtoj.
• O‘z tilini yaxshi bilmaydigan, sevib-ardoqlamaydigan, uni himoya qilmaydigan xalqning shoiriman deb ko‘krak kerishdan or qiladi kishi.
• Aql-idrok sasiga mudom ehtiyoj sezsak-da, nechukdir unga ko‘p ham quloq solavermaymiz.
• Qismatimiz azalda bitib qo‘yilgani, uning muqarrar ekanini bilmaymizmi? Bilamiz. Lekin bandai ojizmiz — tanlash huquqi, iroda erkinligi degan xomxayollarga berilmoqdan o‘zimizni tiya olmaymiz.
Go‘zallik va o‘lim, shodlik va fano — ular egizaklardek doim birga yuradi, biri ikkinchisini taqozo etadi, bu ne ajab hol?!
Chin voqelik, odatda, bexosiyat tush ayon etadigan timsollardan ko‘ra birmuncha beozordir.
• Aqliy va jismoniy dangasalik hamisha yonma-yon ekan.
• Mingta loqayd o‘quvchidan o‘nta zehnli kitobxon afzal.
• Mulohaza qilmay kitob o‘qimoq — xushmanzara tabiat qo‘ynida ko‘zni yumib sayr etmoqdek gap. Turmush tashvishlaridan chalg‘ish uchun emas, hayotni chuqurroq bilish uchun mutolaa qilmog‘imiz kerak. Kitobga dimog‘dor muallim qarshisidagi juratsiz o‘quvchidek emas, eng bag‘land cho‘qqini zabt etmoqqa shay shijoatli alpinist kabi yondashmoq lozim.
• Kitob o‘qish miyamizni ataladek suyultirib yubormasligi, balki bizni yangi-yangi g‘oyalarga safarbar qilmog‘i lozim. Kitob boshimizni hayot to‘g‘risidagi bo‘lar-bo‘lmas ikir-chikirlaru ma’nisiz tafsilotlarga to‘ldirib, bizni soxta taskinlar bilan ovutmog‘i emas, aksincha, hayotimizga teran ma’no-mazmun baxsh etmog‘i
kerak.
• Kitobxonga, ehtimol, erish tuyular, lekin biz — yozuvchilar uchun ijod hayajonu iztiroblarga boy jo‘shqin sarguzasht — dovul turgan dengiz bo‘ylab omonat qayiqda sayr etish, koinot qo‘ynida yolg‘iz parvoz qilishdir.
• Charog‘on xona, qulay ish stoli, o‘zim odatlangan yozuv qurollari bo‘lmasa, yozolmayman, deydigan ijodkor- ning iste’dodiga shubham bor.
• «Kairos» (yunoncha “qulay fursat”) o‘ng‘ay payt, omad kulib boqqan lahza demakdir. Chinakam asar niyat-maqsad yoki kimningdir buyurtma-topshirig‘i bilan emas, ko‘proq «kairos» sabab dunyoga keladi.
• Vaqti kelsa, Xudo oldida to‘qson to‘qqiz taqvodordan ko‘ra tavba-tazarru qilayotgan bir gunohkor avlo ekan!
• Go‘zallik o‘z sohibini emas, uni sevgan, unga topingan odamni baxtiyor etajak.
• Go‘zallik bir chimdim jozibasini foniylikdan oladi.
• Go‘zallik — haqiqatning tajallisidir.
• Ertangi kunidan hadik-xavotirda yashaydigan odam nafahat halovatidan, hatto chin turmushidan ham mosuvo bo‘ladi. Bas, shunday ekan, o‘tayotgan kunni, vaqtni o‘z holiga qo‘ying!
• Jannatning jannatligi undan quvilganimizdan so‘ng ayon bo‘ldi.
• Hamonki, baxt ko‘zga ko‘rinmas ekan, uni tasarruf qilish mumkin.
• Kimki samarali mehnat zavqini tuysa, o‘rtamiyona turmushi ham badastir bo‘la boradi.
• Hayot yo‘lini jasorat-la bosib o‘tmoq lozim. Basharti kimdandir qo‘rqsak, bunga o‘z izmimizni o‘sha odamga topshirib qo‘yganimiz sababdir.
• Modomiki, odam o‘zi bilan o‘zi murosa qilolmas, yakdil bo‘lolmas ekan, tabiiyki, jur’atsizlik g‘olib keladi.
• Risoladagidek hayot kechirdim, na erkinlik va na go‘zallikka ehtiyoj sezdim, shunga qaramay, kamina hamisha yolg‘izlikka mahkum edi.
• Yolg‘izlik — hurlikdir.
Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi
ziyouz.uz