Qonda qand miqdori ortsa
Qandli diabetning 1-turi (insulinga qaramlik) asosan 3 yoshdan 10 yoshgacha boʼlgan bolalarda koʼp uchraydi. 2-turi (yaʼni insulinga qaram boʼlmagani) asosan 35-40 yoshlardan oshgandan keyin uchraydi. Bolalarda kechadigan 1-turdagi qandli diabet kasalligiga asosan infektsion viruslarning oshqozon osti bezidagi Langergans orolchasiga hujum qilishi sabab boʼladi. Epidemik parotit (tepki), suvchechak, infektsion gepatit, sitomegalovirus, qizilcha viruslari hamda irsiy moyillikning ham bu borada ahamiyati katta.
Infektsion kasallikka chalinganlaridan keyin bir haftadan bir oygacha boʼlgan davrda bolalarda qandli diabet shiddat bilan boshlanishi mumkin. Bemorni tashnalik, koʼp siyish, doimo ochiqish, ozib ketish, ogʼiz qurishi, holsizlik bezovta qiladi. Oshqozon osti bezining Langergans orolchasi toʼqimalari falajlanib, qonda qand miqdori ortadi.
Bola ovqat yeganidan soʼng ham ochlik hissi bezovta qilaveradi. Buning sababi shundaki, ovqat bilan organizmga tushgan glyukoza yaxshi soʼrilmaydi. Toʼqimalar uchun zarur boʼlgan energiya paydo boʼlmaganligi uchun toʼqimalar doimiy ochiqish holatida boʼladi.
Energiya (quvvat) yetishmagani sababli bemorning holi quriydi, u kuniga 3-5 litr atrofida suv ichadi va shuncha siydik ajratadi. Qonda qand koʼp boʼlib, lekin toʼqimalarga soʼrilmagani sababli organizmdagi oqsillar, yogʼlar parchalana boshlaydi. Bemor koʼp ovqat yegani bilan ozaveradi. Bir necha haftada 8-10 kilogrammgacha vazn yoʼqotishi mumkin. Bemorning terisi qichishadi, toshmalar toshadi, baʼzi bolalarda furunkulyozlar (chipqon va katta yaralar) koʼpayadi, kechqurun siyib qoʼyishi kuzatiladi.
Kasallikni vaqtida aniqlab, tashxis qoʼyilmasa, bolaning ahvoli ogʼirlashib, qondagi qand miqdori oshib ketadi va u giperglikemiyadan to koma holatiga ham tushib qolishi mumkin. Qandli diabeti bor bemorlar albatta insulin gormonini qabul qilishlari kerak. Gormon qabul qilish bilan bir qatorda parhezga rioya qilishi shart. Uglevodlardan asosan sekin parchalanadigan qora non, grechixa, perlovka, suli, kartoshka, guruch tavsiya etiladi.
Sabzavot va mevalardan bodring, pomidor, karam, baqlajon, qohu (salat bargi), rediska, ukrop, petrushka, koʼk olma, olxoʼri, ozroq smorodina, qulupnay, malina, limon yeyishlari mumkin. Shakar, shokolad, asal, murabbo, muzqaymoq, marmelad, tort kabi mahsulotlar va shirin ichimliklar mumkin emas. Uzum, qovun, ananas, xurmo, shaftoli, nok va olmaning shirin navlarini ham yemaganlari maʼqul.
Bolaning oʼsayotganini hisobga olib, qonda qand miqdorini meʼyorda ushlab turish katta ahamiyatga ega. Chunki qonda qand miqdori tez-tez koʼtarilib yoki tushib tursa, bu hol ogʼir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Insulin gormoni yetishmasa, organizmdagi boshqa gormonlar ishida ham oʼzgarishlar kuzatiladi. Natijada bola jinsiy va jismoniy rivojlanishdan orqada qoladi. Baʼzi ota-onalar bola gormonga oʼrganib qoladi deb, dori miqdorini (dozasini) kamaytirishga harakat qilishadi. Bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Umuman, qandli diabet bilan ogʼrigan bola doim endokrinolog nazoratida boʼlishi kerak.
Hilola HАMROEVА,
pediatr, pedagog.