Gyote hikmatlari – zakovat xazinasi
Modomiki, donolarcha javob berishlarini xohlar ekansan – donolarcha savol ber.
* * *
Haqiqatni doimo takrorlab turish zarur, chunki bizga adashishni ham doimo eslatib turishadi.
* * *
To‘g‘rilik ulug‘likka juda yaqin turadi.
* * *
Agar kimdir yangilikdan so‘z ochsa, odamlar bor kuchi bilan unga qarshilik qiladi. Ular o‘zlarini bamisoli kar-soqovdek tutishadi, yangicha qarashga nafrat bilan munosabatda bo‘lishadi, shu tarzda yangi haqiqat o‘ziga yo‘l topishiga uzoq vaqt zarur bo‘ladi.
* * *
Agar osmondagi kamalak uzoqroq turib qolsa, unga qaramay qo‘yishadi.
* * *
Dunyoni raqamlar boshqarmaydi.
* * *
O‘g‘rilar orasida eng zararlisi ahmoqlardir. Ular bir vaqtning o‘zida vaqtimizni va kayfiyatimizni o‘g‘irlaydi.
* * *
Ijodkorni tushunish – uning “mamlakati” qonunlarini o‘rganish demakdir.
* * *
Kimniki tushunsang, o‘shanga tengsan.
* * *
Nazariya quruq og‘ochdir, do‘stim, lekin yashnar hayot daraxti.
* * *
Shoirni tushunish uchun uning yurtiga borish zarur.
* * *
Kimki o‘zga tillarni bilmas ekan, o‘z tili haqida ham tasavvurga ega bo‘lmaydi.
* * *
Kimki hayot va erkinlik uchun har kuni kurashsa, faqat ugina hayot va erkinlikka munosib.
* * *
Tartibsizlikdan ko‘ra adolatsizlik ma’qul.
* * *
Agar kimda-kim barcha qonunlarni o‘rganishni xohlasa, uning qonunlarni buzishga vaqti bo‘lmaydi.
* * *
Jazolashga qodir bo‘lmagan hakam oxir-oqibatda jinoyatga sherik bo‘ladi.
* * *
Qonun qudratli, biroq ehtiyoj yanada kuchliroq.
* * *
Tuyg‘ular aldamaydi, mulohaza aldaydi.
* * *
Ko‘pchilikdan ko‘ra yoqimsizroq hech narsa yo‘q.
* * *
Ojiz odamlarda ko‘pincha inqilobiy e’tiqod paydo bo‘ladi; ular agar bizni boshqarishmaganda, yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylaydilar va na boshqalarni, na o‘zlarini boshqarishga qodir emasliklarini anglab yetmaydilar.
Dafna butog‘i shon-shuhratdan ko‘ra ko‘proq azob-uqubat, iztirob ramzidir.
* * *
Har kim nima uchun tug‘ilgan bo‘lsa, o‘sha yumush bilan shug‘ullanganligi eng oqilona ishdir. Kimki uzoq o‘ylar ekan, hamma vaqt ham to‘g‘ri yechimni topavermaydi.
* * *
Kimki ko‘p narsani talab qilsa va murakkablikdan huzur qilsa, bunday odam adashishlarga boshqalardan ko‘ra ko‘proq moyildir.
Foydali xatodan zararli haqiqatni afzal bilaman: haqiqat, balkim, o‘zi keltirib chiqargan og‘riqni da’volaydi.
* * *
Suv bor bo‘lgan barcha joyda qurbaqa bo‘lavermaydi; biroq qayerda qurbaqa bo‘lsa, u yerda suv bo‘lishi mumkin.
* * *
Zo‘ravonlikning ikki tinch turi bor: huquq va odob.
* * *
Agar biz o‘zimizni o‘zganing o‘rniga qo‘yib ko‘rsak, boshqalarga nisbatan rashk va nafratimiz yo‘qolgan bo‘lur edi; agar biz boshqalarni o‘zimizning o‘rnimizga qo‘yib ko‘rsak, bizdagi manmanlik va g‘urur pasaygan bo‘lur edi.
* * *
Millionlab kitobxonga ega bo‘lishga umid qilmagan yozuvchi biron satr ham yozmasligi lozim.
* * *
Pulni yo‘qotish – katta yo‘qotish emas. Yana pul ishlashga shoshil. Or-nomusni yo‘qotish – katta yo‘qotish. Shon-shuhrat qozonsang, odamlar o‘z fikrini o‘zgartiradi. Mardlikni yo‘qotish – barcha narsani yo‘qotish. U holda bu dunyoga kelmaganing yaxshiroq bo‘lar edi.
* * *
Inson o‘z kuchidan foydalanmaguncha, nimaga qodirligini bilmaydi.
* * *
Eng kulgili istak –barchaga yoqish istagi.
* * *
Ikki kishi bahslashar ekan, ko‘proq aybdor bo‘lganni ojiz deb hisoblaydilar.
* * *
Bizning ehtiroslarimiz qaqnusga o‘xshaydi.
Bir ehtiros yonib kul bo‘lganda,
Kukundan yangisi tug‘iladi.
* * *
Qarama-qarshi fikrlar o‘rtasida haqiqat yotadi deydilar. Bo‘lmagan gap! Ular o‘rtasida muammo yotadi.
* * *
Odamlar senga moslashishini talab qilish – kechirib bo‘lmas ahmoqlik.
* * *
Saroydagi hayot – har kim o‘ziga ajratilgan maqomga rioya qilishi va vaqti-vaqti bilan sukut saqlashi kerak bo‘lgan orkestrdir.
* * *
Inson jahon muammolarini hal qilish uchun tug‘ilmagandir, balki?
* * *
Tabiatning buyukligi va oddiyligi shundaki, u o‘zining ulug‘ hodisalarini so‘zsiz kichik hodisalarda takrorlaydi.
* * *
Taqdir tomondan tanlanganlar o‘z avlodiga boshchilik qiladi, ba’zilarining ta’siri uzoq davom etadi, biroq ko‘pchiligi yangi yetakchilarga o‘rin bo‘shatib beradi va avlodlar ularni unutadi.
* * *
Aslida bizni hayratga soladigan narsalarnigina o‘qish zarur.
* * *
Johillikning birinchi belgisi – go‘zallikni e’tirof etmaslik.
* * *
Dushmanlarning hujumlari odamlarning ojiz tomonlarini bilib olishda menga yordam berdi.
* * *
Agar xalqda buyuk islohotga ehtiyoj haqiqatan ham paydo bo‘lgan bo‘lsa, xudo ham uning tomonida bo‘ladi va muvaffaqiyat unga yor bo‘ladi.
* * *
Men umumning farovonligi uchun xizmat qiladiganga xizmat qilaman.
* * *
Haqiqiy iste’dod ato qilingan kishi buyuk o‘tmishdoshlar bilan muomala qilishga ichki ehtiyoj sezadi va ushbu ehtiyoj uning yuksak iste’dodidan dalolat beradi.
Akmal Saidov tayyorladi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 9-son.
ziyouz.uz