Stenford universiteti haqida
Katta yoshli erkak va ayol istiholali bir qiyofada universitet rektoratiga kirib keldi. Kiyimlarining rangi birmuncha oʻngigan, ohori toʻkilgan edi. Ularni koʻrgan kotiba sakrab oʻrnidan turdi-da, oldilarini toʻsdi. Qishloqiligi shundoq koʻrinib turgan bu kishilarning Harvard universitetida nima ishlari boʻlishi mumkin?
Er rektor huzuriga kelishganini aytdi. Kotiba rektor bugun juda bandligini, hozir ularga vaqt ayira olmasligi tushuntirdi. Ayol: “Mayli, kutamiz…” dedi-da, eri bilan chetroqqa borib oʻtirdi. Kutib-kutib, oxiri zerikishadi, deb oʻyladi kotiba, soʻng oʻz ishlari bilan ovora boʻldi. Soatlar oʻtdi, lekin ikki qariya sabr bilan kutaverdi…
Nihoyat kotibaning oʻzi zerikdi. Rektorning yoniga kirib: “Koʻrishmasangiz boʻlmaydi shekilli, ketadiganga oʻxshashmaydi”, dedi. Boshqa chora yoʻq edi. Yosh rektor istamaygina ularni xonasiga taklif etdi. Bu holat unga yoqmagani, juda hafsalasiz ekani shundoqqina koʻrinib turardi. Viloyatdan kelganlaru juldurvoqi qishloqilarni jinidan battar yomon koʻrardi. Buning ustiga unday martabali kishining huzuriga tap tortmay kelishlarini aytmaysizmi? Xullas, qovogʻidan qor yogʻar, asablari tarang edi.
Ayol darhol soʻzga kirishdi. Harvardda oʻqigan farzandlari bir yil oldin olamdan oʻtibdi. Oʻgʻillari bu yerda oʻqiganda juda baxtiyor boʻlgan ekan, shu bois uning xotirasiga bagʻishlab universitet hududida birorta yodgorlik tiklashni niyat qilishibdi.
Bu soʻzlardan rektorning koʻngli yumshamadi, aksincha gʻazabi keldi. “Agar, – dedi u istehzoli tovushda, – Harvardda oʻqigan, soʻng oʻlgan har bitta odamga yodgorlik oʻrnataversak, bu yer qabristonga aylanib ketadi-ku…”
“Yoʻq, yoʻq… – deb uning soʻzini boʻldi ayol. – Yodgorlik emas. Harvardda birorta bino qurishimiz mumkin”. Rektor ularning ohori toʻkilgan kiyimlariga nafrat bilan boqdi-da: “Bino deng?.. – dedi asabi oʻynab. – Siz bitta bino qanchaga tushishini bilasizmi? Eng soʻnggi tiklagan inshootimizga yetti yarim million dollardan koʻproq mablagʻ ketdi…”
Bu behuda suhbat endi toʻxtaydi, bedavo dardisarlardan ham qutulaman, deb oʻyladi rektor. Ayol bu gapdan soʻng eriga qaradi va: “Bino koʻtarish uchun boshida shuncha pul kerak ekan, xolos. Undan koʻra oʻz universitetimizni qursak boʻlmaydimi?” Ayolning gapini eri bosh silkitib maʼqulladi. Rektorning yuz ifodasida esa hayrat va hayajon qorishiq edi.
Shu bilan suhbat tugadi. Jeyn va uning eri – temiryoʻlchi tadbirkor, senator, sobiq gubernator Leland Stenford Shimoliy Kaliforniyaga, Polo Alto shahriga kelib, janob rektor mensimagan oʻgʻillarining sharafiga universitet ochdilar.
Oʻn olti yoshga ham toʻlmay 1884 yili dunyodan koʻz yumgan kichik Leland Stenford sharafiga qad rostlagan bu universitet bugun dunyoning eng yirik va yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan biridir.
Orif Tolib
oriftolib.uz