Exinokokkoz – parazitar kasallik boʼlib, koʼpincha jigar, oʼpka, taloq singari aʼzolarni, kamdan-kam hollarda esa bosh va orqa miyani zararlaydi. Kasallik asosan uy hayvonlarini parvarishlash davomida ulardan (yoki ularning exinokokkoz lichinkalari bilan zararlangan axlati tekkan mahsulotlar orqali) odamlarga oʼtib qolishi mumkin.
Exinokokkoz kistalarining ikkita asosiy koʼrinishi (solitar va ratsemoz) farqlanadi. Solitar koʼrinishida yakka-yakka kistalar kuzatilib, ularning hajmi baʼzan katta oʼlchamlarda boʼlib, diametri esa 8-10 sm gacha yetadi.
Ratsemoz exinokokkda bosh va orqa miya toʼqimalarida pufak shingillari joylashib, ularning atrofida kuchli reaktiv oʼzgarishlar kuzatiladi. Exinokokk atrofida yalligʼlanib oʼzgargan miya toʼqimasi bilan oʼralgan biriktiruvchi toʼqimali kapsula hosil boʼladi, uning kundan–kunga oshib boruvchi taʼsiri tufayli miyada qon quyilishi va ezilish oʼchoqlari kuzatiladi. Pufaklar pardasida yalligʼlanish belgilari ham aniqlanadi.
Bosh miya exinokokkozlarining klinik manzarasi gipertenzion sindrom va oʼchoqli simptomlar koʼrinishida boʼlib, bosh miya oʼsmalarining klinik kechishini eslatadi. Kalla suyagi ichida bosimning oshib ketishi – gipertenzion sindrom bosh ogʼrishi, bosh aylanishi, koʼngil aynishi, qayt qilish, koʼruv nervi dimlanishi, umumiy holsizlik va epileptik xurujlar bilan namoyon boʼladi. Oʼchoqli oʼzgarishlar esa parazit kistasi miyaning qaysi sohasida joylashganligiga qarab aniqlanadi.
Epileptik xurujlar
Koʼp hollarda qoʼl va oyoqlarda epileptik xurujlar kuzatilib, keyinchalik oʼsha xuruj kuzatilgan qoʼl yoki oyoqlarda falajliklar kelib chiqadi. Bosh miya nervlari falajliklari yuzaga chiqishi ham uchraydi. Depressiya, aqli zaiflik koʼrinishidagi psixik buzilishlar paydo boʼlishi mumkin.
Rivojlanib boruvchi exinokokkozlarda oʼchoqli oʼzgarishlar va kalla ichi bosimi oshib boradi. Yakka va koʼp kamerali exinokokkozlarda koʼpincha 1-2 yil davomida exinokokk kistasi miyaga kuchli bosim oʼtkazmaydi, yaʼni konsistentsiyasi yumshoqligi tufayli bemorning ahvoli nisbatan qoniqarli darajada boʼlib turadi.
Bosh miya exinokokkoz kasalligining kechishida bir qancha bosqichlar tafovut etiladi: birinchi bosqich – latent, yaʼni organizmga parazit kirgandan boshlab subʼektiv belgilar paydo boʼlgunga qadar davom etsa, ikkinchi bosqich – kam sezilarli subʼektiv belgilar, bosh ogʼrigʼi shikoyatlari bilan kechadi. Uchinchi bosqichda – kuchli namoyon boʼluvchi nevrologik simptomlar roʼy bersa, toʼrtinchi bosqich esa bosh miya faoliyatiga doir har xil asoratlar bilan kechadi.
Taʼkidlash joizki, ushbu kasallikka toʼgʼri tashhis qoʼyishda quyidagilar muhim ahamiyatga ega:
– ichki aʼzolar exinokokkozi (koʼpincha jigar, oʼpka);
– ayrim anamnestik maʼlumotlar;
– kasbi (hayvonlar bilan doimiy aloqada boʼluvchi choʼpon, sogʼuvchi, qishloq xoʼjalik xodimlari, uy bekalari, bolalar);
– qonda qayd etiladigan eozinofiliya;
– teridagi Katsoni va RSK Gedin-Veynberg sinamalari.
Orqa miya suyuqligida eozinofilli pleotsitoz va oqsil miqdori oshishi kuzatiladi, ayrim hollarda pufakning alohida qismlari, yantar kislotasi aniqlanishi mumkin.
Toʼgʼri tashhis — samarali davo
Bugungi kunda bosh miya exinokokkozlariga oʼz vaqtida toʼgʼri tashhis qoʼyish imkoniyatlari katta boʼlib bosh miya kompьyuter va magnit-rezonans tomografiya tekshiruvlari nafaqat ushbu kasallikni aniqlash, ayni holda uning hajmi, bosh miyaning qaysi sohasida joylashganligi, miya tarkibiy qismlariga munosabatini, moʼljallanayotgan operatsiyaning texnik tomonlarini aniqlash, asoratlarini kamaytirish, oqibatlarini bashorat etish imkoniyatini yaratadi.
Bosh miya exinokokkozlarini operatsiya qilish malakali neyroxirurglardan ham yuqori darajadagi professional hatti-harakatlarni talab etadiki, oʼtkazilayotgan operatsiya jarayonida mabodo yupqa, oʼta nozik exinokokkoz pardasi yorilib ketsa yagona kista oʼrnida son-sanoqsiz exinokokkoz kistalari paydo boʼladi va aksariyat hollarda uning oqibati fojiali yakunlanishi mumkin.
Bosh miya exinokokkozlaridan farqli oʼlaroq, orqa miya exinokokkozi yashirin davrning qisqa boʼlishi bilan xarakterlanadi, hatto uncha katta boʼlmagan kista ham orqa miya bosilishini, harakat va sezgi buzilishlari (qoʼl va oyoqlar parez va paralichlari, chanoq aʼzolari faoliyati oʼzgarishlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Orqa miya exinokokkozlari birlamchi (orqa miya va umurtqa pogʼonasining tishsimon moddasi kichik tomirlariga gematogen yoʼl bilan tushishi) va ikkilamchi (atrofdagi jarayondan kontakt yoʼli bilan oʼtishi yoki epidural klechatkada kista yorilishi natijasida umurtqa kanali strukturalariga qayta tushishi) boʼladi. Parazit faqat umurtqa tanasida joylashgan davrda kasallik uzoq vaqt simptomsiz kechadi. Parazit umurtqa tanasi va yoyining qanchalik darajada katta maydonini zararlashiga, orqa miya va uni qoplab turuvchi pardalar bosilish darajasiga qarab klinik simptomlar kuchayib boraveradi. Orqa miyaning exinokokkoz kistasi orqa miyaning boʼyin sohasida joylashgan hollarda dastlab bemorning qoʼl va oyoqlarida va koʼkrak qafasida oʼrab oluvchi ogʼriq paydo boʼladi. Keskin harakat, yoʼtal, aksa urish, yaʼni miya pardalari taranglashgan vaqtlarda ogʼriq kuchayadi. Jarayon rivojlanishi natijasida umurtqa harakati chegaralanadi, kifoz, kifoskolioz kelib chiqadi. Exinokokk bilan zararlangan sohada umurtqa oʼtkir oʼsimtalari ogʼriqli boʼladi. Shu sohada bel toʼgʼri mushaklari taranglashib qalinlashadi.
Davolash va profilaktika
Exinokokkoz kistasi koʼkrak va bel sohalarida joylashganda orqa miyaning bosilishi kuchayavergan sari oyoqlarda nimjonlik (paraparez) ham avj olaverishi mumkin. Ushbu kasallik orqa miya oʼsmalari va sil kasalligi bilan differintsial diagnoz oʼtkazilishini taqozo etadi.
Orqa miya exinokokkozlariga bosh miya exinokokkozlari singari anamnez, allergologik (Katsoni reaktsiyasi), immunobiologik tekshirishlar natijalari, orqa miyaning kompьyuter va magnit–rezonans tomografik tekshiruvlari natijalari inobatga olinib, soʼng tashxis qoʼyiladi. Bosh va orqa miya exinokokkozlari xirurgik usulda davolanadi.
Bosh miya exinokokkozlarining profilaktikasida ushbu kasallikka chalingan yovvoyi va daydi hayvonlar (boʼri, tulki, it, mushuk) bilan munosabatda boʼladigan uy hayvonlarini (it, mushuk) muntazam ravishda veterinariya tekshiruvlaridan oʼtkazib turish – ularning veterinar vrach nazoratida boʼlishini taʼminlash, yosh bolalarning duch kelgan it va mushuklar bilan oʼynashlarini taqiqlash, tegishli tekshirishlardan oʼtkazilmagan qoramol, qoʼy va echkilarning goʼshtlarini meʼyoriga yetkazib pishirib (uzoq muddat davomida qaynatib) isteʼmol etish, har xil noxush asoratlarning oldini olish uchun esa kasallikning ilk alomatlari paydo boʼlgandanoq, exinokokkoz kistasi kattalashib ketmasdan turib malakali neyroxirurgga murojaat qilishlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Аmirqul ShODIEV,
Samarqand davlat tibbiyot instituti
“Nevrologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya”
kafedrasining dotsenti, tibbiyot fanlari doktori.