Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy o‘gitlari
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy hozirgi zamonda dunyo jamoatchiligi tomonidan eng ilg‘or demokratik tamoyillarga amal qiluvchi, ilohiyot va dunyoviylikni insonparvar nuqtalarda tutashtirgan, jahonda eng ko‘p muxlisga ega bo‘lgan Xojagon-naqshbandiya tariqati asoschisidir.
Mutafakkirning G‘ijduvon shahri tub aholisi tilida faol qo‘llanadigan nomi — Xojayi jahon. Xaloyiq ushbu tabarruk nomda ajib hikmat ko‘radi. G‘ijduvon shahrining obod va farovon makonligidan, bozorlarning to‘kin-sochin va arzonligidan bahramand tub aholi, qo‘shni-qarindoshlar, olisdan kelgan mehmonlar — bari ushbu shahardagi fayzu futuh, xayru barakani piri buzrukvor — Xojayi jahon nomi bilan bog‘lab gapiradilar. Xo‘sh, qaysi jahonshumul xizmati tufayli bu zoti bobarakot ona-shahri G‘ijduvon shuhratining jahoniy mavqega ko‘tarilishiga, Vatani nazarkarda maskanga aylanishiga sabab bo‘ldi?
Avvalo, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy mashg‘ul bo‘lgan ilm va tafakkurning jahonshumul ahamiyati uning ilohiy mohiyatida, bu porloq shaxsiyatni Olloh yorlaqaganligida. U Xojayi Xizr siylovi bilan Haq ahlining sarvari maqomiga ko‘tarildi.
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” asarida shunday naql keltiradiki: “Agar yer yuzida Xoja Abdulxoliq farzandlaridin biri bo‘lsa erdi, Mansur hargiz dor ostiga bormag‘ay erdi”. Bu naqlda qanday hikmat bor? G‘ijduvoniy ta’limotida mashhur Mansur Hallojni o‘limdan saqlab qolishi, tasavvuf dunyoqarashi bilan mutaassib aqidaparastlikni murosaga keltirishi mumkin bo‘lgan qanday hurfikr va hayotbaxsh g‘oyalar bor edi?
“Qissayi Mashrab”da shunday ma’lumot bor: “Ma’niyi Ofoq uldurki, “Qutbul Olam” degan bo‘lur. Dunyoda ikki Ofoq o‘tubdurlar: birlari Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, yana birlari hazrati Ofoq xo‘jamdurlar”. Bu naqlda qanday sir bor? Xojayi jahon qanday umumbashariy g‘oyalar bilan “Ofoq”, ya’ni “Qutb ul Olam” unvoniga sazovor bo‘lganlar? Bundan tashqari, mazkur naqlning qalandariylikka oid manbada kelishi ham qiziq. Demak, G‘ijduvoniy g‘oyalari faqat xos tariqat a’zolarigagina emas, balki qalandarlik suluki talablariga ham mos kelarkan-da.
Tafakkur dunyosida “hujjatul-islom” degan unvon ham borki, u jahonda atigi ikki mutafakkirga nisbatangina qo‘llangan. Biri — Imom G‘azzoliy, ikkinchisi — Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” asarida G‘ijduvoniyga nisbatan “alarning ravishi tariqatda hujjatdur” deydi. Xo‘sh, tariqat piri G‘ijduvoniyning ravishi, ya’ni yo‘li, fe’l-atvori, tabiat-tiynati, g‘oyaviy tizimining tariqatda hujjat bo‘lishga sazovor qanday xosiyatlari mavjud?
Avvalo, tariqat va zikrning mohiyatini muxtasar izohlash zarur. Ma’lumki, islomiy tasavvufiy ta’limot nuqtai nazaridan insonning ma’naviy-ruhiy komillikka erishishi shariat, tariqat va haqiqat bosqichlaridan iborat. Islom yoki xudojo‘ylik yo‘liga kirgan solik, ya’ni yo‘lovchi, izlovchi mana shu bosqichlarni bosib o‘tishi zarur. Bu bosqichlar bir-birini taqozo etadi.
Shariatsiz tariqatga kirib bo‘lmaydi, tariqatsiz haqiqatga erishilmaydi. Tariqat — shariat qonun-qoidalarini bajarish va Olloh taolo muhabbatiga muyassar bo‘lish yo‘li. Shariat — nazariya, tariqat amaliyotdir. Haqiqat — maqsad, tariqat — uslub, faoliyat shaklidir. Tasavvuf ta’limoti tadqiqotchilari ta’riflaricha: “shariat yong‘oqning po‘chog‘i bo‘lsa, tariqat po‘choq ichidagi po‘stloqdir, haqiqat esa po‘stloq ichidagi mag‘iz”; “shariat — yer, tariqat mazkur yerda ungan daraxt, haqiqat esa shu daraxtning mevasi”; “tariqat — fano, ya’ni o‘zdan kechish, haqiqat — baqo, ya’ni botil (buzilgan, behuda) ishlardan kechish, haq ishlarga bog‘lanmoq”; “shariat — qonun, tariqat — yo‘l”, “qonun vujud va qalbni tarbiyalaydi, “yo‘l” ko‘ngilni poklab, ruhni nurlantiradi”.
G‘ijduvoniy tariqatining olamshumul, umumbashariy mohiyat kasb etishida bu tariqatning zikr uslubi katta ahamiyatga ega. Ayonki, G‘ijduvoniy tariqatining uslubi — xufya zikr, ko‘ngil zikridan iborat bo‘lgan. Xo‘sh, zikrning mohiyati nimayu ko‘ngil zikrining xosiyati qanday? Zikrni tasavvuf ahli maqomlar sayri jarayonida fikriy-ruhiy quvvatni, tafakkur malakasini shakllantirishning eng yaxshi yo‘li deb bilganlar. Zikrning mohiyati Tangri taoloning nomini yod etishdir. Tasavvufdagi bu hol Qur’onning “Meni yod etinglar, toki men sizlarni yod etay” mazmunidagi oyatidan oziqlangan. Zikr so‘fiyga shunday imkoniyat berganki, u kamoli mushohadaga berilgan. Zikr holatida so‘fiy butun ruhiy qobiliyatini Ollohning nomini zikr etishga safarbar etgan, unga nisbatan shu qadar ichki shavq paydo qilganki, qolgan hamma narsani unutish darajasiga yetgan.
Mutafakkir o‘z ruboiysida zikrni bunday talqin etadi:
Jono, labam az zikri tu xomo‘sh mabod,
Yodi tu zi xotiram faromo‘sh mabod.
Har jo zi shumo ba lab hadise go‘yand,
Zarroti vujudi man ba juz go‘sh mabod.
Ruboiy Ergash Ochilov tarjimasida bunday jaranglaydi:
Bir lahza tilim tin olmasin zikringdan,
Bir lahza dilim to‘xtamasin fikringdan.
Har uzvi quloqqa aylanar jismimning
Har qayda so‘z ochsalar sening zikringdan.
Demak, so‘fiyning vujudi, ruhi, fikru zikri Olloh yodi bilan bo‘lishi lozim.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning ko‘ngil zikri juda katta tarbiyaviy, ma’rifiy, insonparvarlik mohiyatiga ega. Avvalo, u so‘fiyni xo‘jako‘rsincha, namoyishkorona “taqvodorlik”dan saqlaydi. Ko‘ngil zikri riyodan xoli ekanligi bilan ham ahamiyatli. Ikkinchidan, hufya zikr eng samimiy va oliy muhabbat ko‘ngilda kamol topishini ta’minlaydi. Uchinchidan, zikri xafiy inson ko‘nglini eng mo‘tabar sajdagoh darajasida ilohiylashtiradi. Chunki Olloh ko‘ngil zikriga moyil har bir inson qalbida yashaydi. G‘ijduvoniyning ko‘ngil zikri milliy istiqlol mafkuramizdagi “Olloh qalbimizda, yuragimizda” g‘oyasi bilan hamnafas. To‘rtinchidan, dunyoviy muhabbat singari, Olloh muhabbati ham elga dasturxon qilib yoziladigan tuyg‘u yoxud shon-shuhrat vositasi emas. U bilan baralla bong urib dovrug‘ taratmasdan, uni ko‘ngil mulki, sehrli-sinoatli tuyg‘u sifatida pinhon saqlagan ma’qul.
Navoiy talqinicha, ko‘ngil zikri karomati tufayli, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning insoniyatga ibrat va saboq bo‘lgan fazilatlaridan biri shuki, ular “bid’at va havo muxolafatida qadam urubturlar va pok ravishlarin ag‘yor ko‘zidin yashurubturlar”. Endi mushohada qilib ko‘raylik-chi, mashhur Mansur Halloj ham “pok ravishin ag‘yor ko‘zidin yashirsa”, “Anal — haq!” deb baralla ayyu hannos solmasa, zinhor dor ostiga borarmidi? Anglashiladiki, odam faqat o‘z aybinigina yashirib yurmasdan, pok xislatini ham pinhon tutgani ma’qul. Bu, birinchidan, pokiza siyratini yomon ko‘zdan asrash, ikkinchidan, dushman g‘ashini qo‘zg‘amaslik, uchinchidan, kamtarlik, ya’ni o‘z fazilatini ko‘z-ko‘z qilib maqtanishdan saqlanish uchun zarur. “Az darun shav oshnovu va z-berun begonavash”, deydi mutafakkir. Ya’ni, ichdan, ko‘ngilning tubida Ollohga do‘st bo‘l, ammo buni sirtingga chiqarishing, muhabbatingni oshkora izhor etaverishing shart emas. Tashqaridan begonavash ko‘rinsang ham bo‘ladi. Xojagon-naqshbandiya tariqatidagi “botinan Haq birla, zohiran xalq birla” bo‘lmoq ravishi ham xufya zikr fazilatidan vujudga kelgan.
Insonning e’tiqodi, qaysi mazhab yoki tariqatni qabul qilishi, zikrning qaysi uslubini tanlashi ixtiyoriy, bugungi huquqiy til bilan aytganda, vijdon erkinligidir. Masalan, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning ustozi, Shayx ush-shuyux Yusuf Hamadoniyning zikr uslubi samo’, shu ustoz qo‘lida birga saboq olgan maktabdoshi Xoja Ahmad Yassaviy tariqatining uslubi esa jahriya bo‘lgan. Ammo ko‘ngil zikri yo‘lini tutgan G‘ijduvoniy zikri samo’ni inkor etmagan. U o‘z ruboiylaridan birida: “Inkor makun samo’vu maqbul mador”, ya’ni: “Mayl etma samo’ga, qilmagin ham inkor”deydi. Bu G‘ijduvoniy dunyoqarashidagi bag‘rikenglik fazilatidan darak beradiki, u ham milliy istiqlol mafkuramizdagi asosiy g‘oyalardan biri — tolerantlikka hamohangdir.
Ma’naviyatimizning tafakkur xazinasiga G‘ijduvoniy hadya etgan g‘oyalar, asos solgan tariqati va asarlari bugungi milliy istiqlol mafkuramizning muhim ildizi hamda manbalaridan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy ta’limoti jahoniy shuhrat qozonishiga sabab uning umumbashariy mohiyat kasb etganidadir. G‘ijduvoniy tariqati solikni jamiyatdan tamoman ajralib qolmasdan, tavakkul ixtiyor etib, xalq bilan birga bo‘lish va o‘z kuchi bilan halol mehnat qilishga da’vat etadi. Ushbu ta’limot talabi shundayki, solik mehnat jarayonida, suhbat va safarda “zohiran xalq birla, botinan Haq birla” bo‘lib, o‘z tirikchiligi ta’minotini boshqalardan tilamay, o‘z harakati bilan qo‘lga kiritsin. Bu eng halol va hurfikr maslak edi. Uning shartlariga shoh ham, darvesh ham rioya etish imkoniga ega bo‘lgan. Bu ta’limot o‘z mohiyatida dunyoviylik bilan ilohiylikni muvofiqlashtira olgan. Milliy istiqlol mafkuramizdagi “Dunyoviylik — dahriylik emas” g‘oyasi o‘z ildizlari bilan ana shu mohiyatga borib bog‘lanadi. Mazkur maslakdagi kishilar tirikchilik tashvishlari, san’atu hunar mashg‘uloti, dunyo ne’matu mehnatlaridan qo‘l uzmagan holda Olloh bilan do‘stlashish baxtiga muyassar bo‘lganlar. Xojagon-naqshbandiya ta’limoti shu jihatlari bilan xalqqa yaqin tarzda shakillangan, elning barcha toifayu tabaqalari orasida keng yoyilgan, jahonshumul mohiyat kasb etgan.
Nusratullo Jumaxo‘ja,
filologiya fanlari doktori
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy o‘gitlari
Ey, mening o‘g‘ilginam, senga nasihat qilayin, taqvo (parhezgarlik)ni o‘zingga shior qilib ol, ibodat vazifalarini doimo bajar. O‘z holatingni har doim kuzatuvchi bo‘l. Haq taolodan doimo qo‘rquvda bo‘l. Xudoi taoloning, Rasulullohning, ota-onaning va barcha mashoyixlarning haq-huquqlarini ado qiluvchi bo‘lki, bu xislatlar bilan Haq taoloning roziligiga musharraf bo‘lursan.
* * *
Xoh oshkora bo‘lsin, xoh pinhona bo‘lsin, xoh Qur’onga qarab bo‘lsin, xoh yoddan bo‘lsin, Qur’on o‘qishni aslo tark qilma. Qur’onni fikr bilan, qo‘rquv va yig‘i bilan o‘qi. Barcha ishlarda Qur’onga ruju’ qilgilki, Qur’on xalq uchun Haq taoloning hujjatidir.
* * *
Ilm qidirishdan bir qadam ham uzoqlashma, fiqh ilmi va hadis ilmini o‘rgan. Taqlidchi so‘fiylardan uzoq bo‘lginki, ular din yo‘lining o‘g‘rilaridir va musulmonlarni yo‘ldan uruvchidirlar.
* * *
Hamisha sunnatga amal qil, o‘tmishdagi ulug‘ ulamolarning mazhab (yo‘llar)idan yurginki, har qanday bid’at makruhdir. Yoshlar va ayollar bilan doimiy suhbatda bo‘lma. Bid’atchilar va boylar bilan ulfat bo‘lmaginki, ular seni dindan ayiradilar. Suhbat qursang, faqirlar bilan qur, o‘z yukingni o‘zing ko‘tar, halol yeginki, halollik yaxshiliklarning kalitidir. Haromdan qochginki, aks holda Haq taolodan uzoqlashasan… Halol yeginki, bundan ibodatning halovatini topasan…
* * *
Yaxshi nomga ega bo‘lay desang, nom chiqarma. Nafsing xor bo‘lishi uchun ko‘p safar qil. Mashoyixlarning hurmatini joyiga qo‘y….Birovning maqtoviga uchma. Birov yomonlasa, xafa bo‘lma. Xalqning maqtashi yoki yomonlashi sen uchun befarq bo‘lsin. Xalq bilan chiroyli muomala qil. Doimo adab saqla. Barcha holatda yaxshiga ham, yomonga ham lutfu marhamat bilan muomala qil.
(“Tariqat odobi” risolasidan)
* * *
Aslida zuhd shundayki, dunyoning tamomi moli uning qo‘lida bo‘lsa ham, dilida molu dunyoga zarracha mehr qo‘ymaydi. Bunday kishi yetuk kishidir. Uning moli dindur.
* * *
So‘radilarki, bemor dilning davosi nima? Shayx — Olloh uning ruhini muqaddas qilsin—buyurdilar: “Uning davosi shuki, ulamolarning suhbatiga intiladi. Ularning xizmatida turadi. Ularning aytganini qabul qilib, mashoyixlar huzurida bo‘ladi. Shundagina uning dilidan dunyoga bo‘lgan muhabbat ketadi”. Rasululloh aytadilar: “O‘lim kelmasidan avval unga tayyorgarlik ko‘ringlar”.
* * *
Rizo — bu shodlikdir. Ya’ni Haq taolo tomonidan neki balo va kulfat yetsa, bunga xushnud bo‘ladi. Va ko‘nglimiz bu balolarga qarshi e’tiroz qilmaydi, chunki balolar do‘stdan kelgandir.
* * *
Dil zikrining to‘rtta sharti bor: birinchisi shuki, shayx qaysi tartibda o‘rgatgan bo‘lsa, shu tartibda aytadi. Natijada “Azkurkum” (Sizlarni yodlayman) so‘zining gulidan meva hosil bo‘ladi. Ikkinchisi shuki, luqmada ehtiyot bo‘ladi, shubhali luqma dilni qoraytiradi, qoraygan dildan esa zikr hosili chiqmaydi.
* * *
Bilginki, dil ibodati muhabbatdir. Chunonchi, Haq taolo buyuradi: “Agar sizlar Allohni sevsalaringiz, bas, menga tobe bo‘linglar, shunda Alloh ham sizlarni sevadi”. Rasululloh aytadilar: “Kimki Allohning rasulini sevsa, Alloh ham uni sevadi”.
“Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy aytganlari”dan
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 48-sonidan olindi.