Kasallik virusining A, B, C turlari mavjud va uning asosiy manbai bemor odam hisoblanadi. Havoda saqlanib turgan gripp virusi sog‘-lom odamga tezda yuqadi va bu hol atrofdagilarga bemor aksirganda, yo‘talganda yoki u bilan gaplashganda havo-tomchi yo‘llari orqali o‘tishi mumkin. Kasallik to‘satdan, o‘tkir boshlanadi. Xavfli jihati, kasallikning birinchi belgilari paydo bo‘lgunga qadar kechadigan yashirin davri bir necha soatdan 3 kungacha davom etadi.
Gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil bo‘lib, ayniqsa, nimjon, ya’ni immuniteti past bolalar, keksa yoshdagilar, homilador ayollar hamda surunkali xastaliklari bo‘lgan kishilarda og‘ir kechadi. Kasallik asosan nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan boshlanib, keyinchalik bemorda tana harorati 38-40 darajaga ko‘tarilishi, burun bitishi, burundan suyuqlik ajralishi, yo‘tal, mushaklarda og‘riq paydo bo‘lishi, bosh va tomoq og‘rishi, holsizlik hamda ishtaha buzilishi, ba’zida qusish holatlari kuzatilib, bemorlarda yengil, o‘rta va og‘ir shakllarda kechadi. Kasallik o‘pka to‘qimalari yallig‘lanishi, pnevmoniya (zotiljam), meningit (miya pardasi yallig‘lanishi), meningoensefalit (miya pardasi va moddasi yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloq yallig‘lanishi, sinusit (burun yondosh bo‘shliqlari- yallig‘lanishi), nefrit, piyelonefrit (buyrak yallig‘lanishi) kabi eng xavfli asoratlarni keltirib chiqaradi. Ba’zida, ya’ni grippning yengil shakllari bilan og‘rigan bemorlar atrofdagilar uchun ko‘proq xavf tug‘diradi. Chunki ular aksariyat hollarda uyda davolanmay, kasalikka yetarli darajada e’tibor bermay, oyoqda o‘tkazadilar.
Kasallikning oldini olishda tanani chiniqtirish, badantarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, ochiq havoda yurish, o‘z vaqtida ovqatlanish alohida ahamiyatga ega. Sovuq kunlarda issiq kiyinish, albatta, bosh kiyim kiyish, oyoqlar issiq bo‘lishi muhimdir. Kasallik avj olgan paytda (dekabr, yanvar, fevral oylarida) nafaqat epidemik jihatdan muhim bo‘lgan korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari, balki barcha fuqarolarimizga niqob taqish tavsiya etiladi.
Kasallik qanday bo‘lishidan qat’i nazar, inson salomatligi va turmush farovonligiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois, sog‘lig‘imizga bo‘lgan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot bo‘laylik. Unutmang, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.
Gripp kasalligiga qarshi emlash, bu albatta, xastalikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘p hollarda aholi tomonidan mazkur kasallikni emlash to‘g‘risida savollar beriladi. Demak, bugungi mavzumiz doirasida gripp kasalligiga qarshi emlash bo‘yicha yo‘llangan savollaringizga quyidagicha javoblarni beramiz.
Respublikada grippga qarshi emlash 1970 yillarda boshlangan bo‘lib, unda grippga qarshi vaksina faqat intronazal, ya’ni burun orqali tomizilgan. Ilmiy izlanishlarning olib borilishi natijasida hozirda vaksinalarning yangi turlari ishlab chiqarilgan. Aholi orasida grippga qarshi emlash yildan-yilga ortib bormoqda.
Emlash natijasida organizmda gripp viruslariga qarshi antitelolar paydo bo‘ladi, organizmning immunitet tarangligi ortadi va gripp virusiga nisbatan chidamlilik hosil bo‘lish natijasida organizm gripp kasalligiga chalinmaydi yoki yengil turda o‘tadi.
Emlashga tibbiy cheklovlar bo‘lmasa 6 oydan boshlab, barcha yoshdagi sog‘lom aholini emlash mumkin.
1 yil davomida grippga qarshi immunitet bo‘lib, shu davr ichida kasallikdan saqlaydi.
Grippga qarshi emlash majburiy emlash jadvaliga kirmasligi, ya’ni epidemik ko‘rsatma asosida tibbiy xodimlar va boshqa mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari davlat tomonidan emlanadilar. Aholi o‘z xohishi bilan pullik vaksina markazlarida emlanishlari mumkin.
Emlangandan so‘ng nojo‘ya o‘zgarishlar bo‘lsa, darhol tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur.