«Kir yuvgin-u, egachingnikiga bor» degan maqolni eshitganmisiz? Bu gap bejizga aytilmagan. Butun boshli oila a’zolarining kiyimlarini yuvgan ayol butkul holdan toyib, bir piyola choy ichishga ham holi bo’lmay qolganida, opa-singillari uning ahvolini tushunib, issiqqina ovqat-u choy tutqazarkan. Albatta, bugungi kunga kelib bu maqol eskirdi. Negaki, ayollarning og’irini engil qiladigan «dastyorlar» — kir yuvish mashinalari hayotimizga kirib kelganiga ancha bo’ldi. Kir yuvish mashinalari bir zumda kirlarni yuvib, tozalab qo’yadi. Ammo buning ham bir «lekin» tomoni bor. Kir yuvishda ham amal qilinishi lozim bo’lgan ba’zi jihatlar borki, ularga rioya etilmasa, kiyimlaringiz xunuk ko’rinishga kelib qolishi hech gapmas. Keling, bugun sarishta beka bilishi lozim bo’lgan ana shunday kichik sirlar bilan o’rtoqlashamiz.
Tayyorlash
Nozik kiyimlarni yuvishda alohida e’tibor zarur. Imkoni boricha, nozik liboslarni oldindan ivitib qo’ymang. Agar juda kirlanib ketgan bo’lsa, sovunli suvga 30 daqiqa solib qo’yish mukin. Kiyimda dog’ bo’lsa, yuvishdan oldin ularni tozalash lozim. Shuni yodda tuting: toza ipak yoki shoyi liboslarni yuvayotganda tarkibida ishqor mavjud bo’lgan vositalardan foydalanmang. Yangi meva dog’lari tushgan kiyimni suv ostida tutib tursangiz, ulardan xalos bo’lish osonlashadi. Shuningdek, dog’ ustiga gazli suv sepib qo’ysangiz yoki nam gubkani bostirib qo’ysangiz, ishingiz engillashadi. Gazli suv meva sharbati yoki koka-kola dog’ini osongina yo’qotadi. Kiyimlarni yuvayotganda ularni juda qattiq ishqalamang. Yaxshisi, dog’ tushgan joylarni gubka bilan tozalab, engilgina siqib oling.
Yuvish
Nozik matolarni, yaxshisi, sovuq suvda, qo’lda yuving. Hozirgi kunda konstruktorlar bekalarning og’irini engil qilish uchun kir yuvish mashinalariga «nozik yuvish» dasturini kiritishgan. Buning uchun maxsus yuvish vositalaridan foydalaning. Suv harorati yuqori bo’lmasligi, shuningdek mashina barabani to’lib qolmasligi lozim. Nozik kiyimlar kir yuvish mashinasida har qanday mato bilan «chiqishavermaydi». Masalan, jun matoni paxta mato bilan, shoyini esa trikotaj bilan birga yuvib bo’lmaydi.
Quritish
Kir yuvilgan suv va chayqaladigan suv harorati bir-biridan keskin farq qilmasligi kerak. Aks holda, kiyim «o’tirib» qoladi. Agar kiyim yorlig’ida «Quritish mumkin» degan yozuv bo’lsa, mashinaning quritish rejimidan foydalanishingiz mumkin. Jun va shoyini chayqagandan so’ng siqmasdan quritish lozim. Shoyini engilgina siqib oling, shundan so’ng shoyi libosni ham, jun kiyimni ham patli sochiq ustiga bir tekisda yoying. Suv sochiqqa singigach, kiyimni maxsus osgichga ilib, quriting. Jun kiyimni esa boshqa quruq sochiq ustiga yoying, shunda uning qurishi oson bo’ladi. Kiyimlarni hech qachon quyosh nurida quritmang: shoyi mato mo’rtlashib, jun kiyim esa tortilib qoladi. Isitish tizimining issiq batareyalari ham yuvilgan liboslarni quritish uchun maqbul joy emas.
Dazmollash
Jun, (kashemir, yungli mato, alpaka, angoriy) juda ham issiq bo’lmagan, o’rtacha haroratda dazmollanadi. Kiyimda har xil izlar qolmasligi uchun libosni nam doka ustidan dazmollash lozim. To’qilgan kiyimlarni dazmollamaganingiz ma’qul, aks holda ular cho’zilib qolishi mumkin. To’qilgan kiyimdagi g’ijimlarni tekislash uchun quyidagi usuldan foydalaning: to’qilgan kiyimni ilgichga ilib, uni issiq suv to’ldirilgan tog’ora ustida bir necha soat osib qo’ying, qarabsizki, kiyimdagi g’ijimlar o’z-o’zidan tekislanadi. Shoyini teskari tarafidan dazmollang. Tajribali bekalar shoyi mato ustidan suv sepmaydilar, negaki, kiyimda turli dog’lar qolishi mumkin.