Tashqi quloq – quloq suprasi va tashqi eshituv yoʼlidan iborat. Oʼrta quloq – chakka suyagi ichida joylashgan bir qancha katakchalardan tashkil topgan. Ichki quloq – yanada murakkabroq boʼlganligi uchun labirint nomini olgan. Tashqi eshituv yoʼli teri bilan qoplangan va tashqi muhit bilan bevosita bogʼliq. Meʼyorda tashqi eshituv yoʼlida tuklar (sochlar) va quloq kiri (sera) mavjud. Uzoq vaqt basseynda (dushda, suv havzalarida) choʼmilganda quloqqa suv kirib, ushbu kirning “boʼkib qolishi” va terining yalligʼlanishiga yoki tashqi diffuz otitga yohud soch piyozchalari yalligʼlanishiga – quloq chipqoniga sababchi boʼladi.
Keyinchalik chipqon “pishganda” yoriladi, quloqdan yiring kelishi va eshitishning pasayishi kuzatiladi. Аgar bemorda qandli diabet, allergiya, gijja, ekssudativ kataral diatez, mikoz, anemiya, raxit, gipotrofiya kabi kasalliklar boʼlsa xastalik ancha ogʼir oʼtishi mumkin. Tashqi otitlar quloqni kavlash, hasharotlar kirishi va chaqishi, kuyish (termik va kimyoviy), sovuq urishi natijasi ham boʼlishi mumkin.
Kasallikning oldini olish uchun choʼmilgandan soʼng quloqni yaxshilab salьfetka bilan quritish darkor va 3 foizli borat kislotasidan 4-5 tomchini pipetka bilan quloqqa tomizib dezinfektsiya qilish maqsadga muvofiq. Quloqda ogʼriq paydo boʼlsa otorinolaringolog shifokorga murojaat qilish zarur. Burun va halqumdagi yalligʼlanishlar bevosita oʼrta quloqqa tarqaladi. Goʼdak bolalarda esa ushbu nay kattalarga nisbatan kalta, gorizontal joylashgan va keng. Shuning uchun, burundagi xilt (mishiq) infektsiyasi osongina nogʼora boʼshligʼiga oʼtadi. Odatda oʼtkir oʼrta otitlar sinusitlar, ORVI, ORZ, gripp, adenovirus, rinovirus, qizamiq kabi yuqori nafas yoʼllarining oʼtkir kasalliklari (tumov) asorati sifatida kuzatiladi. Bu kasallik adenoidlar vegetatsiyasi, burun toʼsigʼi qiyshiqligi, surunkali tonzillit tufayli ham rivojlanadi. Oʼtkir oʼrta otitlarni davolashda esa ushbu holatni hisobga olmasdan chora-tadbirlar koʼrilishi samara bermasligi mumkin. Yaʼni, avvalo burunni davolash kerak, keyin quloqni.
Tegishli davo choralari qoʼllanilmasa kasallik surunkali tus olib, nogʼora pardasida turgʼun (doimiy) teshik paydo boʼladi. Аyrim hollarda, bolada ogʼir asoratlar mastoidit (suyak chirishi), yuz nervining falaji, meningit (miya pardalari yalligʼlanishi), sepsis (qonga mikrob oʼtib ketishi) rivojlanishi ham mumkin. Bunday bemorlar kasalxona sharoitida davolanishi lozim. Аdenoidlar va burun toʼsigʼi qiyshiqliklari jarrohlik yoʼli bilan bartaraf etiladi.
Tumovdan soʼng kasallik rivojlanishini nazarda tutgan holda chaqaloq oʼsayotgan uyda burunga tomizish uchun doim dori qutida burun tomchi dorilari: 1-2 foiz protargol va 0,05 foiz naftizin eritmasi va quloq tomchilari: 3 foiz borat kislota eritmasi boʼlishini tavsiya qilamiz. Burun tomchilarini boshni orqaga va yonga eggan holda pastki burun katagiga tomizish lozim. Bunda dori preparatlari burunning yon devori orqali eshituv nayining ogʼzidan oqib oʼtganligi uchun yevstaxiy nayining oʼtkazuvchanligi tiklanadi va oʼrta quloq boʼshliqlaridagi yiring tabiiy yoʼllar orqali, nogʼora pardasi teshilmasdan chiqib ketadi.
Quloqqa pilikchalar yordamida 3 foiz borat kislotasining spirtli eritmasidan qoʼyish lozim. Ushbu spirtli eritma kompress vazifasini oʼtab, oʼrta quloqning qon bilan taʼminlanishini yaxshilaydi va ogʼriqni kamaytiradi. Ogʼriqning kamayishi oʼrta quloqdagi yiringning bosimini kamaytirish hisobiga kuzatiladi. Аgarda quloqdan yiring kelayotgan boʼlsa, borat kislota ishlatilmagani maʼqul. Chunki bu eritma nogʼora pardasidagi “teshik” (perforatsiya) orqali shilliq parda bilan qoplangan nogʼora boʼshligʼiga kiradi va qattiq achishtiradi. Poliklinika sharoitida vrach tomonidan burunga dorilar kiritish juda samara beradi.
Demak, boladagi quloq ogʼrigʼiga beparvo boʼlmaslik va uni albatta mutaxassis shifokor tavsiyalariga koʼra davolash zarur.