Nimadir sabab boʼlib hushini yoʼqotgan kishi mutloq harakatsiz yotadi, hech bir savolga javob bermaydi va oʼziga nima boʼlayotganini ham anglamaydi. Chunki bu vaqtda miyaning bir qismi maʼlum vaqtga “oʼchadi”. Biroq ushbu holatda miyaning nafas olish, qon aylanishi va turli reflekslarga javobgar boʼlimlari doimgidek ishlayverishi mumkin.
Bilish muhimki, hushdan ketish oldidan ayrim alomatlar kuzatiladi, yaʼni bosh aylanishi, koʼngil aynishi, quloqlarda shovqin paydo boʼlishi, birdan holsizlanishi, koʼz oldi qorongʼilashishi, sovuq ter bosishi mumkin. Hushini yoʼqotayotgan odamning rangi oqara boshlaydi, pulьsi sekinlashib, arterial bosimi tushib ketadi. Koʼzlari yumilib, mushaklar tonusi yoʼqoladi va u muvozanatini yoʼqotib yiqiladi. Bunday vaqtda zudlik bilan birinchi tibbiy yordamni koʼrsatish zarur.
Masalan:
kimningdir hushidan ketayotganini koʼrib qolsangiz, uning boshi bilan urilmasligiga imkon qadar koʼmaklashing;
bemor ichkarida boʼlsa xona derazalarini oching;
bemorni yerga sekingina yotqizing, u oʼtirgan holatda boʼlmasligi kerak.
Boshining ostiga hech narsa qoʼymang, ammo oyoqlarini iloji boricha biroz yuqoriroq koʼtarib qoʼyganingiz maʼqul, bu esa bosh miyada qon aylanishi yaxshilanishiga koʼmak lashadi;
bemorning yuziga yengil shapatilab, suv seping yoki novshadil spirtini hidlatish orqali uni hushiga keltirishga urining. Sirka bilan namlangan paxtadan foydalanishingiz ham mumkin;
nafas olayotgani va pulьsini tekshirib koʼring, mabodo nafas olmayotgan va pulьsi urmayotgan boʼlsa, sunʼiy nafas berib, yurak sohasini massaj qiling;
”Tez yordam” chaqiring.
Hushdan ketishga oddiy holat deb qaramaslik lozim. Negaki, hushsiz odamning bosh miya faoliyatida qaytarib boʼlmas vaziyatlar kechayotgan boʼlishi mumkin. Shuning uchun uni tezroq hushiga keltirishga harakat qilish zarur. Аgar bemor 30 daqiqa ichida hushiga kelmasa, demak jiddiyroq chora-tadbirlar koʼrilishi talab etiladi.
Hushini yoʼqotish koʼpincha quyidagi hollarda roʼy beradi:
qonda kislorod tanqisligi kuzatilganda;
miya chayqalganida;
kuchli ogʼriq yoki asabiy zoʼriqishdan soʼng;
haddan tashqari charchoq;
qattiq sovuqqotish;
havoda kislorod kamayib ketishi;
kuchli ruhiy hayajonlanish;
organizmning suvsizlanib qolishi;
bosh jarohatlari;
qattiq qoʼrqib ketish;
jigar va buyraklarda kasallik tufayli kuchli xurujlar roʼy berishi;
ichak sanchigʼi;
oftob urishi;
ogʼir jarrohlik amaliyotidan soʼng muntazam tinka qurishi;
yurak faoliyatining keskin izdan chiqqishi;
nerv tizimi ishi birdan yomonlashishi;
infektsion xastalik bilan ogʼrish holatining choʼzilib ketishi;
tok urishi yoki biror narsadan (masalan kimyoviy moddalardan) zaharlanish.
Kaniza ISАEVА, shifokor.