Gipotoniya (qon bosimi pastligi) kasalligiga chalingan keksalarimiz holsizlanib, tez toliqadi, quloq shangʼillashi roʼy beradi, boshi aylanadi va ogʼriydi, oʼrnidan tez turganda koʼzi tinadi, mushak va boʼgʼimlari ogʼriydi. Bemorlar odam gavjum joylarda, koʼcha transportida oʼzlarini noxush sezishlari mumkin. Yuqoridagi klinik belgilar paydo boʼlganda ular toza havoda piyoda yurishsa, ahvollari yengillashadi, chunki bunday vaqtda bosh miya tomirlarining qon bilan taʼminlanishi yaxshilanadi. Negaki, kasallikning asl sababi tanada qon aylanishining buzilishi hisob lanadi.
Gipotoniya, avvalo, irsiy moyillik, kamharakatlilik yoki kun davomida oʼtirib ishlash oqibatida yuz beradi. Shuningdek, organizmda roʼy beradigan har qanday oʼzgarishlar, masalan yuqumli kasalliklar, immunitet pasayishi, gormonal xastaliklar, stress, ogʼir yumushlarni bajarish, ob-havo va radiatsiya taʼsiri singarilar qon tomirlarning kengayib, arterial bosimning pasayishiga olib keladi. Natijada qon kislorodni barcha aʼzolar (eng avvalo, bosh miya)ga sekinlik bilan olib boradi. Bu esa insonda behollik, uyquchanlik, tez toliqish, behuzurlik, baʼzan hushdan ketish kabi holatlar bilan namoyon boʼladi.
Kardiolog nazorati muhim
Qon bosimi tonometr yordamida oʼlchanganda yuqori (sistolik) raqam 100 mm simob ustuni, pastkisi (yaʼni diastolik) esa 60 mm (simob ustuni)dan past boʼlgan taqdirda bemorga gipotoniya tashxisi qoʼyiladi. Kichik va oʼsmir yoshdagi bolalarda bu koʼrsatkich 85-60 simob ustunini tashkil etadi. Qon bosimining doimiy past yurishi boshqa aʼzolar faoliyatini izdan chiqaradi. Shunga koʼra, xastalikni oilaviy shifokor yordamida, zarur hollarda esa kardiolog nazorati ostida oʼz vaqtida davolash zarur.
Kasallikning oʼtkir turi bir necha daqiqa yoki soat davomida yuzaga kelishi mumkin. Bu holat ichki aʼzolarda qon aylanishining buzilishi, bosh miyaga kislorod yetishmasligi, yurak faoliyatining izdan chiqishi, avtohalokat oqibatida koʼp miqdorda qon yoʼqotish paytida ham roʼy beradi.
Gipotoniyaning surunkali turi aksincha uzoq vaqt yashirin kechadi. Sababi bu holatda organizm kasallikka “koʼnikadi”. Vaqti-vaqti bilan holsizlanish, bosh aylanishi, uyquchanlik kabi alomatlar kuzatilsa-da, bu holat bemorlar uchun odatiy hisoblanadi va ular bunga yetarlicha eʼtibor berishmaydi. Natijada kasallik borgan sari surunkali tus oladi.
Gipotoniyaning birlamchi turi – bemorning ota-onasi, oila aʼzolarida kuzatilgan taqdirda, farzandlarda ham irsiy moyillik sifatida namoyon boʼlishi yoki umri davomida surunkali kechishi mumkin. Kasallikning ikkilamchi turi esa yurak yetishmovchiligi, infarkt, oʼpka kasalliklari, kamqonlik, ogʼir turdagi yuqumli kasalliklar, buqoq xastaligi gipoterioz, asab buzilishlari, qorin boʼshligʼining oʼtkir dardlari, oshqozon yarasi, gepatit (sariq kasalligi), jigar sirrozi kabi bir qator kasalliklarga chalingan bemorlarda hamda baʼzi vaqtlarda dori-darmonlarning nojoʼya taʼsiridan kelib chiqadi.
Shuni aytib oʼtish kerakki, keksa kishilarda gipotoniya yurak xastaliklarining asorati sifatida boshlanishi mumkin. Bu dardning oʼziga xos belgilaridan biri bu tana haroratining keskin pasayishidir. Gohida harorat 36-35,8 darajagacha tushib ketadi. Bunda bemor oʼzini noxush sezadi, sovqotishi, yuz terisi oqarib, hatto koʼkarib ketishi mumkin. Shuningdek keksalarimizda oʼrindan turganda bosh aylanishi, ogʼrishi, behollik, tinch oʼtirgan paytda nafas qisishi, hansirash, kayfiyat tushishi, xotira va ish qobiliyatining pasayishi, oʼta jizzakilik, arzimagan narsaga asabiylashish, yorqin nur yoki baland tovushlarni yoqtirmaslik kabi holatlar yuz berishi mumkin.
Holsizlanish — asosiy alomat
Аllergik taʼsirlar, ovqatdan yoki kimyoviy moddalar bilan ishlash oqibatida zaharlanish, organizmda gormonlar yetishmovchiligi yoki qon bosimini tushiruvchi dorilarni oʼzboshimchalik bilan qabul qilish ham qon bosimining keskin pasayib ketishiga olib keladi. Shuningdek, qon bosimi iqlim oʼzgarishi yoki ob-havoning tez-tez oʼzgarib turishi, yuqori darajadagi namlik (koʼp yomgʼir yogʼadigan bahor-kuz davri) taʼsirida ham pasayishi mumkin.
Maʼlumki, gipotoniyaning asosiy belgisi holsizlanish hisoblanadi. Uni yengish uchun bemor kun davomida harakatda boʼlishi lozim. Аna shundagina tanadagi qon aylanishi tezlashib, behollik oʼrnini tetiklik, yaxshi kayfiyat egallaydi. Qon bosimi past yuradigan keksalarimiz vaqtida ovqatlanib, mehnat qilib, dam olib yurishlari, sutkada 8-9 soat uxlashlari, yotgan joyidan tez turib ketmasliklari, avval 3-4 marta chuqur nafas olib, soʼngra asta-sekin turishlari kerak.
Yaxshi damlangan qora choy, qahva (umuman tonusni oshiruvchi suyuqliklar) ichib turish, vitamin, mineral moddalar va mikroelementlarga boy meva, sabzavot, oshkoʼklar hamda ovqatlarni isteʼmol qilib turishlari lozim. Аgar qandli diabetlari boʼlmasa, koʼproq uzum, mayiz, yongʼoq, novvot, qovun isteʼmol qilib yurishlari kerak. Spirtli ichimliklarga, tamaki, nos chekishlarga ruju qoʼymaslik, har kuni ertalab badantarbiya mashqlarini bajarib, toza havoda sayr qilishlari lozim. Bemorlar suv muolajalarini (suvi issiq boʼlmagan vanna, dush, basseynlarda suzishni) yoʼlga qoʼyishsa, badanni nam sochiq bilan artish, toza havoda piyoda sayr qilishga odatlansalar arterial bosimning meʼyorda boʼlishiga erishadilar va oʼzlarini sogʼlom his qiladilar.
Аbduqahhor FOZILOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor.