Soʼnggi yillarda sut bezlari kasallangan bemor ayollar soni ortib borishi kuzatilmoqda. 30 yoshgacha boʼlgan ayollarning oʼrtacha 25 foizi va 40 yoshdan oshganlarning 60 foizi sut bezlari xastaliklaridan aziyat chekishadi. Reproduktiv yoshdagilar oʼrtasida koʼkrak bezi xavfsiz oʼsmasi – mastopatiya koʼproq uchraydi. Turli tadqiqotchilar maʼlumotlariga koʼra, farzand koʼrish yoshidagi 40 foiz ayollar mastopatiyaning u yoki bu darajasiga chalinganlar.
Sut bezlarining oʼsma kasalliklari paydo boʼlishida genetik omillar, atrof-muhit ifloslanishi va nosogʼlom turmush tarzi muhim rol oʼynaydi. Kasallikka turtki beruvchi omillarni erta aniqlash profilaktik tadbirlarni samarali oʼtkazishga imkon beradi.
Bir guruh ayollar oʼrtasida oʼtkazilgan tadqiqot davomida maʼlum boʼlishicha, mastopatiyadan aziyat chekayotganlarning taxminan 1/3 qismida hayz kelishi kechroq, yaʼni 15-17 yoshdan boshlangan. 52,1 foiz ayollarda esa hayz siklining davomiyligi 30 kunni tashkil etadi.
Аyollar organizmi tabiatan koʼp (5 va undan ortiq) farzand koʼrishga moslangan. Аgar ayol goʼdaklarini 1-1,5 yoshgacha emizib boqmasa, koʼkrakda koʼp miqdorda ayollar gormoni estrogen toʼplanib, hayz siklining ikkinchi yarmida ogʼriqlarni keltirib chiqaradi. Tadqiqot jarayonida ayollarning 60,9 foizi koʼkrakdagi ogʼriqlar hayz sikliga bogʼliqligini bildirishgan. Qolgan ayollarda esa koʼkrakdagi ogʼriqlar doimiy xarakterga ega.
Shuningdek, homiladorlikning sunʼiy ravishda toʼxtatilishi sut bezlari patologiyasi rivojlanishi xavfini sezilarli ravishda oshiradi. Uch va undan koʼp marotaba bola oldirgan ayollarda mastopatiya rivojlanish xavfi 7,2 marta yuqoridir. Chunki bola oldirish sut bezlaridagi tabiiy jarayonlarni toʼxtatib qoʼyadi va toʼqima teskari ravishda rivojlanadi. Bunday oʼzgarishlar tufayli sut bezlari rivojlanishida nuqson va kamchiliklar kelib chiqadi.
Tadqiqotda ishtirok etgan ayollar bir martadan toʼqqiz martagacha, jumladan ayollarning 2/3 qismi 2 martadan 4 martagacha homilador boʼlishgan. Lekin barcha homiladorliklar tugʼruq bilan yakunlanmagan. Bu ayollarning yarmidan koʼpi (53,3 foiz) hayoti davomida bir yoki bir necha marotaba homiladorlikni sunʼiy ravishda toʼxtatgan. Mastopatiyadan aziyat chekayotgan ayollarning 1/3 qismi 2 martadan 4 martagacha bola oldirishganini taʼkidlashdi.
Rejalashtirilmagan homiladorlikning oldini olish uchun hozirgi kunda koʼplab dori vositalari ishlab chiqarilgan. Аlbatta, gormon vositalarining qabul qilinishi ayollar hayotini sezilarli ravishda yengillashtiradi, organizmdagi kalьtsiy miqdorini boshqaradi, yurak-qon tomir tizimini qoʼllab-quvvatlaydi. Lekin, gormonal vositalarning 10 yil davomida qabul qilinishi sut bezi saratoni kasalligiga chalinishi xavfini 2 martaga ortishiga olib kelishi isbotlangan.
Sut bezlarining jarohatlanishlari noxush oqibatlarga olib kelishi maʼlum. Metro yoki avtobusdagi tiqilinchlarda qolib ezilishlar, koʼkrak sohasiga tasodifan tirsak yoki sumka bilan urib yuborishlar oqibatida kelib chiqqan kichik jarohatlanishlar ham baʼzan mastopatiya rivojlanishi xavfini oshirishi mumkinligi aniqlangan. Kuzatuvimiz ostida boʼlgan ayollarning 60,4 foizi u yoki bu sabab yuzasidan koʼkragidan jarohat olganliklarini aytishdi.
Baʼzi olimlarning taʼkidlashlaricha, mastopatiya rivojlanishida jinsiy aʼzolarning yalligʼlanish kasalliklari, jigar, oʼt yoʼllari va oʼt qopi kasalliklari, qalqonsimon bezining turli kasalliklari ham muhim ahamiyat kasb etarkan. Jinsiy aʼzolarning yalligʼlanish kasalliklari organizmda gormonal muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin. Gormonal buzilishlar esa eng avval koʼkrak sohasiga oʼz taʼsirini oʼtkazadi. Bundan tashqari, organizmda ishlab chiqilayotgan estrogenlarning ortiqcha miqdori jigarda parchalanadi. Jigar kasallanganda esa uning parchalash xususiyati pasayadi va oqibatda mastopatiya rivojlanishi xavfi ortadi. Tadqiqot davomida ayollarning 56,2 foizida jinsiy aʼzolarning yalligʼlanish kasalliklari, 54,4 foizida jigar va oʼt yoʼllari kasalliklari, 63,3 foizida qalqonsimon bez kasalliklari mavjudligi aniqlandi. Shuningdek, ayolning yolgʼiz yashashi yoki oilaviy oʼzaro munosabatlardagi muammolar, bularning barchasi koʼkrakda patologik jarayonlarning rivojlanishiga turtki boʼlishi mumkin.
Semirish, qandli diabet va arterial gipertenziya kasalliklari mastopatiyaning rivojlanishida muhim rol oʼynashi mumkinligi isbotlangan. Bu uchlik mavjud boʼlgan organizmda sut bezi oʼsma kasalliklari rivojlanishining xavfi ham bir necha barobarga ortadi. Bundan koʼrinadiki, mastopatiya rivojlanishida quyidagi omillar yetakchi oʼrin egallaydi:
-kech (35-40 yoshdan keyin) ona boʼlish;
-homiladorlikni sunʼiy ravishda toʼxtatish;
-bolani koʼkrak bilan emizmaslik yoki qisqa muddat emizish;
-yondosh kasalliklar (jinsiy aʼzolarning yalligʼlanishi, jigar, oʼt yoʼllari va oʼt qopining, shuningdek qalqonsimon bezning turli kasalliklari) mavjudligi;
-jinsiy hayotning tartibsiz kechishi;
-irsiy moyillik va sut bezlaridagi jarohatlar.
Sut bezining oʼsma kasalliklarida ovqatlanishini toʼgʼri yoʼlga qoʼyish lozim. Masalan oʼta quvvatli ovqatlar isteʼmol qilinganda mastopatiyaning vujudga kelish xavfi ortadi, shuning uchun uglevodli yeguliklar isteʼmolini kamaytirish zarur. Un mahsulotlari, shakar, asalni shirin boʼlmagan rezavorlar, sabzavot va mevalar bilan almashtirish lozim boʼladi.
Maʼlumki, estrogen sut bezi oʼsmalari oʼsishini ragʼbatlantiradi, shuning uchun, agar oilada sut bezi saratoni kasalligiga nasliy moyillik kuzatilgan hollarda ayollar salat, gulkaram, sarsabil (sparja) va loviya singari oziq tolalarga boy boʼlgan meva va sabzavotlarni koʼproq isteʼmol qilishlari, kraxmalga boy boʼlgan kartoshka va un mahsulotlarini cheklashlari lozim. Bunday mahsulotlar oʼrniga don, guruch, suli va dukkakliklarni taomnomaga kiritish mumkin.
Qahva, qora choy, kola, shuningdek tarkibida kofein saqlovchi boshqa ichimliklardan vaqtincha voz kechib, koʼproq suyuq damlangan choy ichgan maʼqul. Koʼk choy ham foydali boʼlib, u koʼkrak oʼsmasi profilaktikasi va davolashda organizm uchun zarur antioksidantlarning qimmatli manbai hisoblanadi. Аsal qoʼshib, oʼtdan tayyorlangan choy kunning ikkinchi yarmida isteʼmol qilinsa, ayollar organizmiga tinchlantiruvchi taʼsir qiladi.
Unutmaslik kerakki, mastopatiya rivojlanishiga sabab boʼluvchi xavf omillarini erta aniqlash profilaktik tadbirlarni samarali oʼtkazish imkonini beradi.
Goʼzal TOShMАTOVА,
Toshkent tibbiyot akademiyasi
«Bolalar, oʼsmirlar va ovqatlanish gigienasi» kafedrasi assistenti.