Milk kasalliklari tishlarning husnini buzibgina qolmay, ogʼiz boʼshligʼi meʼyoriy holatiga ham salbiy taʼsir koʼrsatadi. Shu sababli, milk kasalliklarini oʼz vaqtida aniqlab davolash juda muhim. Keng tarqalgan milk kasalliklaridan biri gingivitdir.
Milk yalligʼlanishi (gingivit) da milkning tishga tutashib turgan chetki qismi va tishlar orasini toʼldirib turadigan milk soʼrgʼichlari zararlanadi.
Kasallikning bir qancha turlari farqlanadi. Kataral gingivitda milklar qizaradi, shishadi, qonaydi, biroz qichishadi, ovqatlanish paytida ogʼriq paydo boʼladi. Koʼpincha tishlarda yumshoq va qattiq qatlam toʼplanadi.
Surunkali gingivitda bemor deyarli hech qanday ogʼriq va bezovtalik hissini sezmaydi, milklardagi yalligʼlanish jarayoni esa uzoq va sust kechadi. Shu sababli, surunkali gingivit koʼpincha stomatolog koʼrigi vaqtida aniqlanadi.
Bemor tishlarini tozalayotganda milklar qonashi kuzatiladi. Ogʼizdan yoqimsiz hid kelib turadi. Milklar biroz qizarib, milk soʼrgʼichlari boʼrtadi.
Kasallik zoʼrayganda milklar qizgʼish tus olib, shishadi va qonaydi. Tishning qattiq toʼqimalari zararlanishi mumkin.
Yarali-nekrotik gingivitda milklarda yaralar paydo boʼladi. Bu esa ogʼriq keltirib chiqaradi, ogʼizdan yoqimsiz hid kelib turadi. Bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi, holsizlanib tana harorati koʼtarilishi mumkin.
Gipertrofik gingivit kasallikning kamroq kuzatiladigan turi boʼlib, koʼpincha organizmdagi endokrin oʼzgarishlar natijasida rivojlanadi. Shu sababli, gipertrofik gingivit asosan oʼsmirlar, homilador ayollar va qandli diabet bilan ogʼriydigan kishilarda uchraydi.
Kasallikning soʼnggi bosqichlarida milklar ogʼrib, qonaydi. Аtrofik gingivitda milk toʼqimalarining hajmi kichrayib tish ildizi koʼrinib qoladi. Sovuq yoki issiq taom isteʼmol qilinganda ogʼriq paydo boʼladi.
Tish va ogʼiz boʼshligʼi gigienasiga yetarlicha amal qilmaslik natijasida tishlar sirtida toʼplanadigan yumshoq karash koʼpincha gingivitga sabab boʼladi. Yumshoq karash patogen (kasallik qoʼzgʼatuvchi) mikroblar koʼpayishi uchun qulay ozuqaviy muhit hisoblanadi. Mikroblar ajratgan toksin (zahar) lar milklarda yalligʼlanish jarayonini keltirib chiqaradi.
Notoʼgʼri oʼrnatilgan plomba, koronka va sifatsiz tish protezlarining milk toʼqimasini zararlashi tufayli ham milkning zararlangan joyi yalligʼlanib gingivit rivojlanishi mumkin.
Gingivit tamaki chekuvchilar orasida koʼp kuzatiladi. Tamaki tutunidagi toksik (zaharli) komponentlar ogʼiz boʼshligʼi disbakterioziga olib keladi, oqibatda soʼlakning vodorod koʼrsatkichi (pH) nordonlashadi, nikotin ogʼiz boʼshligʼini qon bilan taminlaydigan tomirlarni toraytiradi, yalligʼlanish mediatorlarini faollashtiradi. Bu esa kashanda milklarini gingivit kasalligiga moyil qilib qoʼyadi.
Koʼpincha immunitet susayishi, yetarlicha toʼyib ovqatlanmaslik, qandli diabet, homiladorlik, vitamin S yetishmasligi, depressiyalar, gripp, angina, OITS, sil va boshqa kasalliklar, shuningdek organizmning ogʼir metallar bilan zaharlanishi, burundan nafas olishning buzilishi ham milk yalligʼlanishini keltirib chiqaradi. Shu oʼrinda aytish joizki, gingivit erkaklarda ayollarga qaraganda koʼproq kuzatiladi.
Kasallikni mutaxassis shifokor davolaydi. Kasallikning turi va bosqichiga qarab turli davo choralari qoʼllaniladi. Shifokor tish sirtida toʼplangan yumshoq va qattiq karashni olib tashlaydi.
Milk yaralardan tozalangach, toʼqimalari davolanadi. Аntiseptik, antibakterial va yalligʼlanishga qarshi gelь va mazьlar ishlatiladi. Kasallik uzoq vaqt davom etganda antibiotiklar va ogʼriq qoldiruvchi dorilar qoʼllaniladi.
Milk yalligʼlanishini darhol davolab tuzatish muhim. Аks holda u asorat berib, bemorda parodontit, gematogen infektsiyalar (infektsion endokardit, glomerulonefrit) rivojlanishi mumkin.
Gingivitning oldini olish uchun ogʼiz boʼshligʼi gigienasiga qatʼiy amal qilish lozim. Tishlarni har kuni ikki mahal (ertalab va kechqurun) ovqatlanib boʼlgandan soʼng tozalash kerak. Kashandalar tamaki chekishdan voz kechishsa, bu nafaqat gingivitning, balki boshqa bir qator kasalliklar paydo boʼlishining ham oldini oladi.