Ming dardga davo sarimsoq
Sarimsoqning shifobaxsh xususiyatlari juda qadimdan ma`lum. Abu Ali Ibn Sino o’zining «Tib qonunlari» kitobida, Abu Rayhon Beruniy «Kitob as-say-dana fi-t-tibb» asarida sarimsoqning shifobaxsh xususiyatlari haqida yozib qoldirganlar.
Ibn Sino sarimsoq kulini asal bilan aralashtirib, temiratkiga malham tayyorlagan, sarimsoq qaynatmasi ichilsa, ovoz ochilib, ravon bo’lishini, og’iz chayilsa, tish og’rig’iga, surunkali yo’tal va astmaga davo bo’lishini aytgan. Qorin dam bo’lganda u sarimsoqni zaytun bilan qaynatib ichirgan.
Sarimsoq tarkibida fitosterinlar, fitonsidlar, efir moyi, S (0,24 mg%) darmondorisi, V guruhidagi darmondorilar, glikozid allein, azotli moddalar, mineral tuzlar, 20-27 foiz polisaxaridlar mavjud.
Xalq tabobati amaliyotida sarimsoq nafas yo’llari shamollashi, nafas qisishi, lavsha, bezgak, ichburug’ kasalliklarida, qorin dam bo’lishi, balg’am ko’chiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.
Ilmiy tibbiyotda ham sarimsoqdan tadbirkorona foydalaniladi. Sarimsoq antibiotik, antiseptik, fitosidlik va hasharotlar kushandasi sifatida ishlatiladi. Ilmiy tekshirishlar shuni ko’rsatdiki, sarimsoq ishtahani ochish bilan birga ovqatning hazm bo’lishiga ham yordam beradi. Undan tayyorlangan preparatlar qon bosimni pasaytirib, yurak qisqarish amplitudasini oshiradi. Sarimsoq qon tomirlarini kengaytirish bilan birga a`zolarni yuqumli kasalliklardan muhofaza etishda katta xizmat qiladi. Qorin tifi, ichburug’, vabo kabi kasalliklarni tarqatuvchi mikroblarga qiron keltiradi.
Tibbiyotda sarimsoq nastoykasi ichak atoniyasi, gipertoniya hamda ateroskleroz xastaliklarini davolash uchun tavsiya qilinadi. Shuningdek, undan buyrak va qovuqda tosh bo’lganda, revmatizm hamda niqriz kasalligini davolashda foydalaniladi. Tarkibida sarimsoqni quruq ekstrakti mavjud bo’lgan allaxol habdorilari jigar hamda o’t pufagi kasalliklarida yordam beruvchi doridir.
Farmasevtika sanoatida sarimsoq tarkibidan allisin deb ataluvchi kuchli bakterisid xususiyatiga ega bo’lgan antibiotik olingan bo’lib, u juda suyuq konsentrasiyada (1:250000) bakteriyalarning o’sishini to’xtatadi.
Xalq tabobati usullari 
Gijja. 1. Bitta maydalangan sarimsoq, 1 ta xom tuxum sarig’i, bir xovuch xom so’k (psheno), sutni aralashtiring. Ushbu qorishma bitta o’tirishda ichiladi. Ushbu vosita soliterni chiqarib yuboradi. 
2. 1 ta sarimsoqni tozalab, 1 stakan suv quyib, past olovda 10 daqiqa qaynating. Dokadan o’tkaziladi. Bir choy qoshiq maydalangan shuvoq (polin) o’simligini 1,5 stakan suvga solib 2 daqiqa qaynatiladi va sovitiladi. Dokadan o’tkazib, yuqorida tayyorlangan sarimsoq qaynatmasiga aralashtirib, bemorga huqna (klizma) qilinadi. Aralashmani huqna qilishdan oldin yopiq idishda 4 daqiqadan 1 soatgacha saqlab zarur.
3. Yangi siqib olingan sarimsoq suvini 10-15 tomchidan har kuni och qoringa bir mahal iliq sut bilan ichish kerak.
4. Sarimsoqning 5 ta bo’lagini maydalab, 1 stakan sutga solib yopiq holda past olovda 10-15 daqiqa qaynatib, bir oz dam yegach, iliq holida bir choy qoshiqdan 4-5 mahal ovqatdan oldin iste`mol qilinadi. Muolaja muddati – 7 kun. Qaynatmadan bir mahal yotishdan oldin 4-5 marta huqna (klizma) qilinsa, gijjalar tushib ketadi.
Angina. 1. 100 g sarimsoqni maydalab, termosga soling. Ustidan 0,5 stakan qaynoq suv quyib, 5 soat dam yediring. Qultumlab ichiladi. 
2. 1 stakan yangi siqilgan sabzi suviga 2-3 bo’lak qirg’ichdan chiqarilgan sarimsoqni soling. Kuniga 2 mahal ovqatdan 40 daqiqa oldin ichiladi. Muolaja muddati – 2-3 kun.
3. Angina profilaktikasi va og’iz bo’shlig’i shamollashini davolash uchun bir bo’lak sarimsoqni og’izga solib, sekin tishlab qo’ying.
Bronxit. 5-6 sarimsoqni qirg’ichdan o’tkazib, 100 g sariyog’, 1 bo’lak mayda to’g’ralgan shivit (ukrop) bilan aralashtiring. Ertalab, peshinda, kechqurun nonga surtib iste`mol qiling. Bu muolajani pnevmoniyada ham qo’llasa, yaxshi samara beradi.
Migren. Boshingiz chekkalariga sarimsoqni maydalab bog’lang.
Tish og’rig’i. Sarimsoq suviga asalni aralashtirib, og’riyotgan tishga quyish kerak.
Yuqori qon bosimi (gipertoniya). 1. Har kuni nahorga 1 dona maydalangan sarimsoqni iste`mol qilib, ustidan chorak stakan suvga 1 choy qoshiq olma sirkasi qo’shilgan suyuqlikni ichish kerak.
2. 20 ta sarimsoq, 5 ta o’rtacha kattalikdagi tozalangan piyoz, 5 ta limon, 1 kg shakarni yaxshilab aralashtirib, 2 l qaynatib, sovitilgan suv quyib, 2-3 kun qorong’i joyda, uy haroratida saqlash kerak. Qorishma dokadan o’tkazilmaydi. Kuniga 3 mahal ovqatdan 20 daqiqa oldin 1 osh qoshiqdan iste`mol qilinadi.
3. 3 ta katta sarimsoq, 3 ta limonni maydalab, 1,5 l qaynagan suv quyib, yaxshilab berkitib, iliq va qorong’i joyda bir kun saqlanadi va vaqti-vaqti bilan chayqab turiladi. Qorishmani kuniga 3 mahal ovqatdan yarim soat oldin dokadan o’tkazib, 1 osh qoshiqdan ichiladi.
Dizenteriya. Har kuni bir bo’lak sarimsoqdan iste`mol qilish fodali.
Xolesistit. 100 g tozalangan va maydalangan sarimsoqq yarim stakan qaynoq suv quyib, ustini yopib 5 soat dam yediring. So’ng dokadan o’tkazib iliq holida ichiladi.
Yurak infarkti. Bir kilo asalga 10 ta limon sharbati, 5 bosh sarimsoqni maydalab aralashtirib, 1 haftaga qo’yib qo’yiladi. Qorishmani kuniga bir mahal 1 choy qoshiqdan iste`mol qilish kerak.
Ushbu aralashma stenokardiya kasalligida ham foydali.
Gepatit, sariq kasalligi. 2 bosh sarimsoq suvini 2 ta limon sharbati bilan aralashtirib, ovqatdan 2 soat keyin 1 choy qoshiqdan iste`mol qiling. Davo muddati – 1 oy. 2-3 haftalik tanaffusdan so’ng takrorlanadi.
Laringit. 1. Ovoz bo’g’ilib qolganda qushiqchilar bug’da pishirilgan sarimsoqni iste`mol qilishlari lozim.
2. 5-6 bo’lak sarimsoqni maydalab, 1 stakan sutda qaynatib, sovitiladi va dokadan o’tkaziladi. Kuniga bir necha mahal 1 osh qoshiqdan ichiladi.
Ateroskleroz. 1. Yarim choy qoshiq sarimsoq suviga yarim stakan echki sutini qo’shib, har kuni ertalab nahorga ichish kerak.
2. Kuniga 3 mahal 1 choy qoshiqdan sarimsoq yog’ini yoki yarim choy qoshiqdan kukunini qabul qilish tavsiya etiladi.
3. 5 bo’lak sarimsoqni qirg’ichdan chiqarib, ta`bga ko’ra mayda osh tuzi, 500 g sariyog’ni qo’shib, non yoki kartoshka bilan iste`mol qilish kerak. Ushbu muolaja yurak va o’pka kasalliklariga ham foydalidir.
Ich dam bo’lishi. 1. Sarimsoqning ko’k barglari iste`mol qilinsa, ichakdagi spazmni yo’qotadi, ich dam bo’lishi yo’qoladi. Surunkali enterokalitlarda ham foydali.
2. 1 choy qoshiq sarimsoq suvini sut bilan 3 mahal ovhatdan 30 daqiqa oldin ichish tavsiya etiladi.
Bronxial astma. 1. Har kuni ertalab nahorga 1 bo’lak qirg’ichdan chiqarilgan sarimsoqni iste`mol qilib, ustidan 1 stakan suv aralashtirilgan olma sirkasini ichish lozim. Davo muddati – 4-5 hafta. Diqqat: ushbu muolaja oshqozon va o’n ikki barmoq ichak yara kasalligida taqiqlanadi.
2. 3 bosh sarimsoqni qirg’ichdan o’tkazib, 5 dona limonni po’sti bilan maydalab (danagini olmasdan) aralashtirib, 1 litrqaynagan suv qo’shib uy haroratida 5 kun qorong’i, salqin joyda saqlang. Vaqti-vaqti bilan chayqab turishni unutmang. 5 kundan so’ng aralashmani dokadan o’tkazib, kuniga 5 mahal ovqatdan 20 daqiqa oldin 1 osh qoshiqdan iste`mol qilinadi.
shifo.uz/article/ming-dardga-davo-sarimsoq