Homiladorlikda toʼgʼri ovqatlanish
Homiladorlik davrida toʼgʼri ovqatlanish homiladorlik jarayonining meʼyorda kechishi, homilaning toʼgʼri oʼsishi va rivojlanishi uchun ahamiyatlidir. Quyidagi maslahatlar sizga bu davrda ancha yordam beradi degan umiddamiz:
Homiladorlik davrida juda koʼp ovqat yemang, yaʼni “ikkita odam uchun” qabilida ish koʼrmang. Homiladorlikda bagʼringizda bolangiz borligi uchun ham koʼproq ovqat yeyishni istaysiz, lekin ovqatning hajmi emas, balki mahsulotlarning turlicha boʼlgani va organizm tomonidan oson qabul qilinishi muhimdir.
Homiladorlik davrida spirtli ichimliklar, tamaki, achchiq taomlar va kofeini bor mahsulotlardan voz kechish lozim.
Homiladorlik davrida isteʼmol qilinadigan taomlar xilma-xil boʼlishi lozim. Goʼsht, baliq va dengiz mahsulotlari, meva-sabzavotlar, dukkakli mahsulotlar, makaron, non va sut mahsulotlaridan imkoniyat boricha har kuni oz-ozdan yeyish kerak.
Homiladorlikda koʼnglingiz istagan mahsulotni yeyishga harakat qiling. Аgar kutilmagan biron mahsulotni birdan yegingiz kelsa, buni yaqinlaringizga erkalik emasligini, balki organizm shuni talab qilayotganligini tushuntiring. Homilador ayolning istaganini isteʼmol qilishini yaqinlari taʼminlashi lozim.
Homiladorlik davrida suyuqlikni koʼp ichish kerak. Suyuqlik bu davrida ayolning oʼzini yaxshi his etishiga, homilaning meʼyorda rivojlanishi va oʼsishiga foydali boʼlib, kuniga 3-4 stakandan ortiq suv ichib turish ijobiy taʼsir koʼrsatadi.
Homiladorlikda ovqatni tez-tez, oz-ozdan yegan maʼqul. Bir oʼtirishda toʼyib ovqatlanib olgandan koʼra har 2-3 soatda oz-ozday yeb olish foydali.
Homiladorlikda ichagingizning vaqtida boʼshashini ham taʼminlang. Buning uchun hazm qilish tizimini rivojlantiruvchi mahsulotlar — meva va sabzavotlardan koʼproq isteʼmol qiling. Аgarda ichingiz qotishiga moyilligingiz boʼlsa, qurutilgan olxoʼridan isteʼmol qilib turing.
Homiladorlikda uyquga ketishdan oldin koʼp ovqat yeb olmaslik zarur. Sababi, oshqozon toʼla boʼlsa uxlash vaqtida homilador ayolga qiyinchiliklar keltiradi va bachadon kattalashgan sari jigar ogʼrishi, jigʼildon qaynashi, uyqusizlik kabi holatlar kuzatilishi mumkin.
Аllergiya beruvchi mahsulotlar — achchiq taomlar, qizil va qora ikra, qizil baliq goʼshti kabi mahsulotlardan biroz yiroq boʼlganingiz maʼqul. Ularni isteʼmol qilishda meʼyorni unutmang.
Homiladorlik davrida tuzni va shoʼr mahsulotlarni kamroq isteʼmol qiling. Tuzlangan sabzavotlar, dudlangan baliq yoki xar hil souslar homilador ayol buyraklariga ogʼirlik qiladi. Kundalik ovqatingizga har doimgidan kamroq tuz solib yeyishga harakat qiling.