Tinchlikning yana bir totli tongi otdi. Quyosh shuʼlalari yuzimda oʻynab, shiringina uyqumni uchirib yubordi. Yurtimda boshlangan har bir kun men uchun yanada totli, yanada qadrli boʻlib bormoqda. Buning sababi esa, men anchadan buyon qidirib yurgan bir savolning javobini topganimdan boʻlsa kerak…
Hovlimizdagi ayvon ustunlariga har yili qaldirgʻochlar in qoʻyib, bola ochadi. Butun mavsum ularning vijir-vijir aytgan qoʻshigʻini tinglab har tongim otadi va kunim botadi. Kuz kelgach, ular bilan xayrlashib, biz ayvondan uy ichiga koʻchamiz, ular esa janubga uchib ketishadi. Qiziq, janubda, ular uchib boradigan oʻlkalarda yil – oʻn ikki oy issiq havo hukm sursa ham ular yurtimizda kezgan bahor nafasini sezib, yana ortga – qadrdon ayvonidagi qadrdon iniga qaytadi. Janubda emas, shu ayvonda bola ochadi. Ularni ulgʻaytirib, uchirma qiladi. Qushlarni har yili shu yerga qaytib kelishiga undovchi kuch nima? Nega aynan ular shu yerda bola ochadi? Har holda gap toʻkinlik va toʻqlik sabab emasdir. Axir tirik jon borki, yaratgan Egam uning rizqini qayerda boʻlmasin berib turadi.
Amakim bolalikdan butun mahalla ahli faxrlanib yuradigan bola boʻlgan ekan. Ulgʻaygach, oliy oʻquv yurtini tamomlab oʻzimizga qaytadi, deb keksalar rosa ilhaq boʻlishgan ekan. Biroq amakim institutni tamomlagach, parvozga shaydo qush kabi keng ufqlar tomon intilish hissini jilovlay olmay, boshqa mamlakatga omadlarini sinash uchun ketibdi. Oradan yana yillar oʻtib, ular oʻzlari istagan mavqe, oʻzlari istagan obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlib, olis yurtning koʻchalarida magʻrur kezib yurganlarida nogahon qoqilib tushibdi. Jarohatlari tez bitgan boʻlsa-da, qalbda paydo boʻlgan yaraga malhamni faqat va faqat ona yurtida topajaklarini sezib ortga butunlay qaytibdi. “Mana shu oʻnqir-choʻnqir, tosh koʻchalarda necha bor yugurib-yelib yurib biror marta yiqilmadim, yiqilgan boʻlsam-da hech ham malol kelmagan ekan. Faqat oʻz yeringda har bir daqiqada halovat va lazzat topishimni oʻzga yurtga borganda his qila boshladim. U yerda kattiq yiqilmadim, biroq juda malol keldi, judayam…” – deydi amakim.
Endi meni qiynagan savolga kelsak, bu siz uchun oddiydek tuyulishi mumkin. Vatan nima? Vatan qanday? U qayerda? Men koʻp kitoblardan javob izladim. Shuni bildimki, bu savolga oʻz qalbimdan javob topmas ekanman, Vatanni his qilish baxtini menga hech bir kitob oʻrgata olmaydi.
Yaqinda bir hikoya yozdim. U oʻzimga juda yoqdi, biroq ehtiyotsizlik qilib kompyuter xotirasidan oʻchirib yuboribman. Men yozganlarimni hech qachon qogʻozda saqlamasdim. Koʻproq kompyuter xotirasiga ishonardim. Keyin bu odatimdan juda afsuslandim. Yozganlarimni qayta xotiramda tiklashga urindim, biroq har safar kiritgan oʻzgartishlarim chiroyli libosga “yamoq” boʻlib tushar, bundan diqqatim oshib, miyamdagi fikrlar xuddi tutun va dud ichida qolgandek boʻlardi. Shunda ukam ish stolimga ikki dona atirgul uzib keltirib qoʻydi. Aytishicha, uning hidi mening “ilhom parilarimni” chaqirar ekan. Derazamni ochib yubordim. Yozning dim havosi bilan toʻlgan xonaga salqin havo va mayin shamol kirdi. Xonani gullar isi tutib ketdi. Kim biladi, bu daydi yellar qaysi togʻ gullarining iforini oʻgʻirlab kelgan ekan?!
Derazadan asta tashqariga, hovlimizga qaradim. Ariqchadan jilolanib-jilolanib oqayotgan suvda toʻlin oy aksi koʻrinadi. Hovli chetidagi teraklarning bargi shamol bilan raqsga tushar, kun boʻyi chirqillab sayrab yurgan mahmadona chumchuqlar daraxt shoxlaridagi uyasida orom olishmoqda edi. Maysazordagi chigirtkalar va ariqlardagi qurbaqalar joʻr ovoz boʻlib, “oqshom simfoniyasi”ni kuylashmoqda. Oqshom oʻz oʻrnini ajib tunga boʻshatdi. Bularni tomosha qilib ish stolimdagi ukam keltirgan atirgullarni hidladim, shunaqayam xushboʻyki, uning tasirida xayolimga ajoyib fikrlar quyilib kela boshladi. Nihoyat yoza boshladim…
Vatanni anglashimga sabab ana shu voqea edi. Mening xotiramdagi fikrlar, yuragimdagi hislarning uygʻonishiga sababchi boʻlgan turtki nimaligini oʻshanda bilmagan ekanman. Yoʻq, bilmadim, buni oʻsha gullarning ifori deb oʻyladim, biroq bu gullar ifori aslida ona tuproqning menga yetkazgan ilhombaxsh mujdasi ekanini tushunib yetdim. Quchogʻimga sigʻmas yurtimni koʻz qorachigʻimga jo etib, endi qayerda boʻlmay uning taftini, mehrini his qilaman. Uni gullar iforida, qushlar sayrogʻida, shamol qanotlarida, yomgʻirning bir tomchisi, daraxtning har bir bargida, suvning har qatrasiyu qumning har zarrasida, ona xalqimning mehr toʻla nigohiyu qadoq qoʻllarida sezaman. Bu yerda olgan nafasim vujudimga orom beradi. Ichgan har qatra suvim tomirlarimga hayot baxsh etadi. Yuragimning har urishida unga boʻlgan muhabbatim uchqunlari sachraydi. Vatan sizu bizga hayot bergan onamiznig bagʻridek taftli, Vatan dunyo qadar keng-u, lekin koʻz qorachigʻiga jo boʻlgan borliq, Vatan – jon tomirimiz suv ichadigan hayot bulogʻi, u qalbimizda, yuragimizda.