Oʼrta aslarda bemorga alkogolli ichimlik ichirib, mast qilish usuli ham qoʼllangan. Keyinchalik ogʼriqni qoldiruvchi bir qancha dorivor giyohlardan foydalanilgan.
XIX boshlarida roʼy bergan bir voqea kishini hayajonga soladi. Frantsuz jarrohi Vardrop ogʼriqsizlantirish maqsadida ataylab bemorda qon ketishiga yoʼl qoʼyib beradi. Аyol koʼp qon yoʼqotganidan soʼng hushidan ketadi, shunda jarroh tezda ishga kirishib, bemor ayolni operatsiya qiladi va uning peshona suyagidagi oʼsmani olib tashlaydi.
Jarrohdan nima uchun bunday qilganini soʼrashganida, u ancha yillar avvalgi kuzatishlari haqida gapirib bergan. Jangda yarador boʼlib, koʼp qon yoʼqotgan askarlar operatsiyani qiynalmay oʼtkazganliklari va qisqa vaqt ichida sogʼayganlariga jarroh Vardropning oʼzi guvoh boʼlgan ekan.
XX asr boshlarida olimlarning tinmay izlanishlari tufayli kurare dorisi yaratildi va u narkoz oʼrnida qoʼllanildi. Bu anesteziologiyada katta yangilik edi.
Endilikda ogʼriqsizlantirish usullari takomillashdi. Oʼta murakkab, hatto bosh miya oʼsmalarini olib tashlash, aʼzolarni koʼchirib oʼtkazish (transplantatsiya) jarrohliklarning muvaffaqiyatli oʼtkazilayotganligi olimlarning koʼp asrlik izlanishlari natijasidir.
Ogʼriqsizlantiruvchi moddalar bemor organizmiga bir necha usuda yuboriladi. Masalan:
ingalyatsion narkoz (nafas yoʼllari orqali yuboriladi);
venaga (uyqu dorilari barbiturat) kislota hosilasidan foydalaniladi;
toʼgʼri ichak orqali;
suyak ichiga (teri osti venasi yaxshi rivojlanmagan hollarda narkotik modda suyak ichiga yuboriladi);
mushaklar orasiga;
teri ostiga qoʼllaniladi.
Ingalyatsion narkozda efir va shu singari moddalarning bugʼi bemorga hidlatiladi. Bunda maxsus apparatlardan foydalaniladi, afzalligi shundaki, bemor tez uxlab qolib, hech nimani sezmaydi.
Koʼpincha vena narkozi bilan ingalyatsion narkoz birga qoʼllaniladi, yaʼni narkotik moddalar venaga yuborilib, bemor uxlagach, ingalyatsion narkoz berish boshlanadi. Shu tarzda oʼpka, yurak, yirik tomirlar va bosh miyani bemalol operatsiya qilish mumkin boʼladi. Vaziyatga qarab bemorlarga elektronarkoz ham qoʼllaniladi (maxsus apparat yordamida bosh miyaga maʼlum chastotali tok taʼsir ettiriladi).
Baʼzan xalq orasida “narkoz umrni besh-olti yilga qisqartirarkan”, degan gaplarni eshitib qolamiz. Bu mutlaqo notoʼgʼri! Hamma zamonlarda ham tabibu shifokorlar uchun bemor hayoti birinchi oʼrinda turgan. Аgar narkozning inson sogʼligi va umriga zarari boʼlganida, bu usul jarrohlikda umuman qoʼllanilmasdi.
Narziqul XUDOYNАZАROV,
oliy toifali anesteziolog-reanimatolog,
“Shuhrat” medali sohibi.