Vladimir Putin haqida
Nima uchun mashhur?
Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy qo‘mondoni. 2018 yil “Forbes” jurnali Putinni dunyoning ikkinchi eng qudratli odami, deb ta’riflagan. Shuningdek, u dunyoning boy odami deya e’tirof etilib, 2007 yilda uning boyligi 40 mlrd dollarga baholangan. Ammo, buni Putinning o‘zi tasdiqlamagan.
Qanday qilib mashhur bo‘ldi?
Vladimir Putin 1952 yil 7 oktyabrda Leningradda tug‘ilgan. Leningrad davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan Putin 1977 yili KGB Leningrad direktsiyasining tergov bo‘limida ishlay boshlaydi. 1985-1990 yillarda u GDRda sovet tashqi razvedkasi rezidentsiyasida xizmat qiladi. Leningradga qaytgach, Leningrad davlat universiteti rektorining xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi, so‘ng Leningrad shahar kengashi raisining maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. 1991-96 yillarda Sankt-Peterburg merligida tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitani boshqargan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mer maslahatchisi, o‘rinbosari, 1996 yil avgustidan esa u Moskvada Rossiya Federatsiyasi Prezidentining boshqaruv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, keyinroq xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlaydi. Putin 1999 yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasi hukumatining raisi etib saylandi. 1999 yil 31 dekabrda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Boris Yeltsinning muddatidan oldin iste’foga chiqishi munosabati bilan u Rossiya Federatsiyasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. 2000 yil 26 martda esa Rossiya Federatsiyasi Prezidenti etib saylandi. Putin 2004, 2012 va 2018 yillarda davlat rahbarligiga qayta saylangan. Hozirgacha o‘z faoliyatini davom ettirayotgan Putin davlat boshqaruvida rekord o‘rnatsa ajab emas.
Mashhur nima deydi?
“Agar inson hamma narsadan mamnun bo‘lsa, u mutlaqo ahmoqdir. Oddiy xotirasi sog‘lom odam har doim ham hamma narsadan mamnun, hursand bo‘lolmaydi”.“Biz barcha sheriklarimizga yordam berishga tayyormiz. Ammo, ogohlantirib qo‘yaylik, bizning qo‘limiz “uzun”.“Oynai jahonda zo‘ravonlik va o‘lim bilan bog‘liq namoyishlar ko‘p, ammo urush haqida filmlar kam.”
new.fikrat.uz