Zira o‘tsimon ikki yillik o‘simlik bo‘lib, uning bo‘yi 80 sm gacha bo‘ladi. Guli mayda, oq va soyabondek o‘sadi. U iyun-iyul oylarida gullaydi. Tarkibida efir moylari, oshlovchi moddalar, flavonoidlar mavjud.
Dori sifatida asosan iyulda terib olingan zira urug‘idan foydalaniladi. Uning urug‘i ichakda yel haydovchi, sut ko‘paytiruvchi, mikroblarga qarshi kurashuvchi, gijja haydovchi xususiyatlarga ega. Zira ichakda oziq-ovqatlarning bijg‘ishida ishtirok etib, hazmni yaxshilaydi.
Bronxitda
Zira, shivit, arpabodiyon, kashnich urug‘lari teng miqdorda olinib, maydalanadi. Ikki stakan qaynoq suvga undan bir osh qoshiq solib, olovda 2 daqiqa damlanadi. Qaynatmadan kuniga bir mahal 2 osh qoshiqdan ichish tavsiya etiladi.
Ich qotishda
Ikki osh qoshiq ziraga bir stakan qaynoq suv quyib, 15 daqiqa qaynab turgan suvli idishda damlanadi. So‘ngra olov o‘chirilib, 45 daqiqa ushlanadi. Damlamadan yarim stakandan 2 mahal ovqatdan keyin ichiladi.
Qorinda gaz yig‘ilganda
Bir osh qoshiq zira urug‘i bir stakan qaynoq suvga solinib, past olovda 30 daqiqa ushlanadi. So‘ngra dokada suzib olinadi. Damlamani kattalar bir osh qoshiqdan 2-3 mahal, bolalar bir choy qoshiqdan 2-3 marta ichishlari zarur.
X. HUSENOVA
soglom.uz/tavsiya/ziraning-xosiyati/