Tibbiyotdagi rivojlanish davrlari
Tibbiyot — kishilar sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash, umrni uzaytirish, kasalliklarning oldini olish, davolash haqidagi bilimlar va shu sohadagi amaliy tadbirlar majmuyi. Tibbiyot insoniyatning nazariy va amaliy faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Har bir kishi o‘z sog‘lig‘ini saqlash va uni mustahkamlash, shuningdek, betob bo‘lib qolganida tezda tuzalishni istaydi. Kasallikni aniqlash, uning oldini olish va davolashda zamonaviy usullarni qo‘llash inson hayotini saqlab qolish, shuningdek, ilgari davolab bo‘lmaydigan kasalliklarni davolash imkonini berdi.
Lekin tibbiyot o‘z oldiga qo‘ygan hamma maqsadlariga erishdi, deb bo‘lmaydi. Hali ham kishilar orasida uzoq umr ko‘rmay, og‘ir xastaliklar va uning yomon oqibatlaridan bevaqt nobud bo‘lish, barvaqt qarish hollari uchrab turibdi. Ma’lumki, kishining sog‘lig‘i ko‘p jihatdan uning o‘ziga bog‘liq, chunki kasallikka ko‘pincha kishi hayot tarzining noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, o‘z salomatligini himoya qila bilmaslik, salomatlikka zararli omillarga bilar-bilmay ruju etish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish kabi omillar sabab bo‘ladi.
Tibbiyotning qanday ahvolda bo‘lishi va rivojlanish darajasi, mazmuni va usullari, avvalo, ijtimoiy tuzum va moddiy sharoitlar bilan belgilanadi. Tibbiyot fanlari umumiy biologiya, genetika, anatomiya, fiziologiya kabi tabiiy fanlar va shuningdek, fizika, kimyo fanlari bilan chambarchas bog‘langan. Tibbiyot o‘zining ko‘p asrlik tarixida juda murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Bu asosan, kasallikni aniqlash, oldini olish, davolash, uning kelib chiqish sabablari va rivojlanish mexanizmlarini o‘rganish, shuningdek, har bir shaxs yoki butun jamoa sog‘lig‘ini saqlash va mustah- kamlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish va ularni takomillash- tirishga oid talaygina bilim va tajribalardan iboratdir.
Zamonaviy tibbiyotning kelib chiqishi uzoq tarixiy davrlarni va turli qarashlarni o‘z ichiga olib, turli kasalliklar, ularni davolash va oldini olish haqidagi bilimlar asosi qadimdan xalq ommasining tajriba va kuzatishlariga bog‘liq bo‘ladi. Tabobat kurtaklari odam paydo bo‘lgan davrdan boshlab vujudga kelgan. «Tibbiy faoliyat — dastlabki odam bilan tengdosh», deb yozgan edi I.P. Pavlov.
I davr. Ibtidoiy odam yashagan davr tibbiyoti. Ibtidoiy odam yashagan joylar va qabrlarni qazish, tarixiy davrni o‘ziga xosligi tufayli hozir ham taraqqiyotning eng oddiy bosqichida bo‘lgan ayrim etnik guruhlarni o‘rganish uzoq o‘tmishdagi kasallik va uni davolash haqidagi bilimlar manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan minglarcha yillik kuzatish va tajribalar evaziga tabiblik yuzaga kelgan. Og‘riqni qoldirish, qon oqishini to‘xtatish, qayd qildirish kabi tasodifiy qilingan muolaja va vositalarning nafi bo‘lgan. Qo‘llanilgan vositadan og‘riq qolgan, qon oqishi to‘xtagan yoki qayd qildirilgan bemor biroz yengil tortgan, bora-bora odamlar bu ishni bajargan tabibdan yordam so‘rashga odatlanishgan.
Kasallikni davolash va undan saqlanishga oid topilgan empirik muolajalar ibtidoiy odamning odatiy tusiga kira borgan, natijada sekin-asta xalq tabobati shakllangan. Ana shu davo va oldini oluvchi tadbirlar ichida dorivor o‘simliklar va tabiiy omillar (suv, havo, quyosh)dan foydalanish, uncha katta bo‘lmagan jarrohlik (badanga kirgan yot jismlarni olib tashlash, qon chiqarish) usullari va boshqalarni qo‘llash rusum bo‘lgan.
II davr. Quldorlik jamiyatidagi tibbiyot. Quldorlik jamiyatida, asosan, uqalash, suv muolajalari, badantarbiya va boshqalarga ko‘proq e’tibor berilgan. Jarrohlik usullari, masalan, kesarcha operatsiya (qorin devori va bachadonni yorib homilani olish) hamda boshqa uncha og‘ir bo‘lmagan operatsiyalar qilingan. Bu davr shifokorlik san’atining shakllanishida tibbiyotning otasi sanalmish Gippokratning (milloddan avvalgi 460-377-yil) hissasi nihoyatda katta, u ko‘pgina kasalliklarning tashqi belgilarini, xastalikning kelib chiqishida turmush tarzi, atrof-muhit va iqlimning ta’sirini tavsif etdi. Temperament va gavda tuzilishi tiplari haqidagi ta’limoti bilan bemorni davolash va unga tashxis qo‘yishda individual yondashishga asos soldi.
Albatta, o‘sha davrda davo ishlari hali ilmiy asosda bo‘lmagan, davo ayrim organlar va ularning fiziologik funksiyasini aniq bilishga asoslanmay, organizmdagi to‘rt xil xilt (shilliq, qon, sariq va qora safro)ning o‘zgarishiga qarab belgilangan. Odam tanasining tuzilishi va funksiyasini o‘rganishga oid dastlabki o‘rganishlar miloddan avvalgi III asrdayoq paydo bo‘lgan. Aleksandriyalik hakim Gerofil va Erasistrat murdani yorib ko‘rishib, hayvonlarda turli tajribalar o‘tkazishgan.
Tibbiyotning taraqqiyotida Rim hakimi Galenning xizmatlari nihoyatda katta. U anatomiya, fiziologiya, umumiy patologiya, terapiya, akusherlik, gigiyena, dorishunoslikka oid ma’lumotlar to‘plagan va tibbiyotni ilmiy tizimga solishga harakat qilgan.
IIIdavr. O‘rta asr taraqqiyotida tibbiyot. O‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada tibbiyot ilmiy tomondan deyarli taraqqiy etmadi. Bu davrda jamiyatda nasroniylik cherkovining mavqeyi ortdi. Toat-ibodat dori-darmonlarga qaraganda samaraliroq davolash vositasi deb qaralar, jasadni yorib o‘rganish esa gunohi azim hisoblanar edi. Lekin shunga qaramay, bu davrda ham tibbiyotga oid amaliy tajribalar to‘plana bordi.
O‘rta asrlarda tabobat ilmi Sharqda, jumladan, O‘rta Osiyoda rivojlana boshladi. Yunon, sanskrit va boshqa qadimiy sharq tillarida yozilgan tibbiy asarlarni ko‘pchiligi, jumladan, Aristotel, Dios- korid va Galenning dorishunoslikka oid asarlari shu davrda suryoniy va arab tiliga tarjima qilindi. Abu Hanifa ad-Dinavoriy, Abu Mansur Somoniy, Muhammad ibn Yusuf Iloqiy, Muhammad ibn Bahrom Kolonisiy, Ali ibn Umar Najibuddin Samarqandiy kabi mashhur tabib va hakimlar turli kasalliklarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish va davosiga hamda dorishunoslikka oid ilmiy asarlari va amaliy ishlari bilan Sharqda tibbiyotning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdilar.
Sharqning mashhur tabibi, ensiklopedist olimi Abu Bakr ar- Roziy (865—925)ning tabobat sohasidagi asarlari, umuman, jahon tibbiyotining rivojlanish va boyishida g‘oyatda ulkan ahamiyat kasb etdi. Olimning tabobat qobusnomasi hisoblangan 25 jildli «Al-Hoviy» nomi bilan tanilgan katta to‘plam («Al-Jomi’ al-Kabir va qad urifa bi-l Hoviy») kitobi hozirgacha G‘arb va Sharq tibbiyotida mashhurdir. Abu Rayhon Beruniy (973—1048)ning «Tibbiyotda dorishunoslik» («Kitob al-saydana fi-t-tib») asari esa o‘sha davr tabobatining eng katta yutug‘idir. Bu asar O‘rta Osiyo dorishunoslik ilmiga asos bo‘ldi.
O‘rta asrning buyuk tabibi, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino (Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali) (980—1037) G‘arbda Avitsenna nomi bilan mashhurdir. Ibn Sinoning tabo- batda qilgan ishlari uning nomini bir necha asrlarga shu fan sohasi bilan chambarchas bog‘ladi. Olimning tabobat taraqqiyotidagi buyuk xizmati shundaki, u o‘zigacha o‘tgan turli xalq namoyandalari tomonidan asrlar davomida tib ilmi sohasida to‘plangan ma’lumotlarni saralab, muayyan bir tartibga soldi va ularni o‘z tajribalari bilan boyitgan holda ma’lum nazariya va qonun-qoida asosida umumlashtirdi. Bunga uning «Tib qonunlari» va bu asarning jahon tib ilmi tarixida tutgan mavqeyi hamda qozongan shuhrati yorqin dalildir.
Ibn Sinoning ilmiy ishlari o‘sha davr tabobatini bir necha asrlarga ilgarilatib, ayrim sohalarda, hatto hozirgi zamon tibbiyotiga yaqin- lashtirdi ham. Olim yashagan davrda bu sohada antik olimlarning, xususan, Gippokrat, Galen Diaskorid va boshqalarning ta’limoti ustuvor edi. Ibn Sino o‘tkir diagnost sifatida nom qozondi. Uning ba’zi tashxis usullari hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Perkussiyani, xususan, assit va meteorizmni farqlashda, istisqoni aniqlashda qo‘llangan. Bu usul 600 yildan keyin venalik tabib Leopold Auenbrugger (1722—1809) tomonidan qayta kashf qilinib, yana 50 yildan so‘ng amaliyotga kirgan. Olim qon tuflash holatlari va nafas olish turlarini chuqur o‘rganib, ulardan tashxisda foydalangan.
Ibn Sino turli kasalliklarning differensial diagnostikasida va gavdaning umumiy holatini aniqlashda tomir urishi, siydik va najasga qarab olinadigan belgilarga katta e’tibor beradi. Masalan, diabet (qand) kasalligini u siydikning holati, shu jumladan, undagi shirinlik moddasiga qarab tashxis qiladi. Diabet kasalligida siydikda qand moddasi bo‘lishini 1775-yilda ingliz olimi Dobson aniqlagan. Tabobat tarixida birinchi bo‘lib Ibn Sino vabo bilan o‘latni farq- lagan, yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni boshqalardan ajralgan holda saqlash kerakligini ta’kidlagan. Meningit, oshqozon yarasi, sariq kasalligi, plevrit, moxov, zaxm, qizamiq, suvche- chak, kuydirgi kabi kasalliklarning belgilari va kechish jarayonini to‘g‘ri tasvirlab bergan.
Bemorlarni davolashda olim uch narsaga — tartib (parhez), dorilar bilan davolash va turli tibbiy tadbirlarni qo‘llash (qon olish, banka qo‘yish, zuluk solish, huqna va h.k.)ga ahamiyat berish kerakligini aytadi. Kasallikni davolashda ovqatlanish, ya’ni parhezni muhim omillardan deb hisoblaydi va har bir kasallikka oid ovqatlanish tartibini beradi. Kasallikni davolashda Ibn Sino shaxsiy gigiyena, uyqu va jismoniy mashqlarning ahamiyati kattaligini uqtirgan. Uning bir kasallikni boshqa bir kasallikni chaqirish yo‘li bilan davolash usuli diqqatga sazovordir. Masalan, u tutqanoqni davolashda to‘rt kunlik isitma bilan og‘rishni foydali deb biladi. Avstriyalik psixiatr
Y. Vagner-Yaureg (1857—1940) shunday usulni qo‘llab, zaxm kasalligini bezgakni yuqtirish orqali davolagani uchun 1927-yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Ibn Sino dorishunoslik sohasida chuqur tadqiqotlar olib borgan. U antik olimlarning farmatsiyasi asosida musulmon Sharqida paydo bo‘lgan yangi farmatsiyaning shakllanishiga yakun yasadi. Tabobatda sano, kofur (kamfora), rovoch, tamrhindiy (Hind xurmosi) kabi dorilarning ishlatilishi, asal o‘rnida ko‘p dorilarning qand (shakar) asosida tayyorlanishi ham Ibn Sinoning xizmatidir. Uning dorivor o‘simliklarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash usullari hozirgi dorishunoslikdagi usullarga juda yaqindir. Dori tayinlashda bemorning mizoji (issiq, sovuq, ho‘l, quruq), yoshi, iqlim sharoitini hisobga olish zarurligini ta’minlaydi.
Ibn Sinoning tibga oid yozgan asarlarining 30 dan ortig‘i bizgacha yetib kelgan, ularning orasida «Qonun» kabi tibbiy ensiklopediya bilan bir qatorda, tibning ayrim nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan turli hajmdagi «Urjuza fi-t-tibb» («Tibbiy urjuza»), «Daf al-madorr al-kulliya an-al-abdon al-insoniya» («Inson badaniga yetishgan barcha zararlarni yo‘qotish»), «Kitob al-qulanj» («Qulanj haqidagi kitob»), «Maqola fi-n-nabz» («Tomir urishi haqida maqola»), «Risola fi-l-boh» («Shahvoniy quvvat haqida risola»), «Risola fi tadbiri al-musofirin» («Safardagilarning tadbiri haqida risola»), «Risola fi xifz as-sihha» («Sog‘liqni saqlash haqida risola»), «Risola fi-s-sikanjubin» («Sikanjubin haqida risola»), «Risola fi-l- fasd» («Qon olish haqida risola»), «Risola fi-l-hindabo» («Sachratqi haqida risola») kabi risolalari ham bor.
Sulton Ali tabib Xurosoniy «Kasalliklarni davolash bo‘yicha qo‘llanma» («Dastur al-iloj») asari bilan hirotlik tabib Muhammad ibn Yusuf Yusufiy al-Haraviy ham qator tibbiy asarlari va amaliy ishlari bilan, Abdulg‘oziyxon ibn Arab Muhammadxon Xorazmiy muhim tibbiy asarlari, jumladan, «Inson uchun foydali dorilar» («Manofi’ al-inson») asari bilan XV—XVI asrlarda tabobat ilmini rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi.
IV davr. Kapitalistik davrdagi tibbiyot. XVI—XIX asrlarda tibbiyot G‘arbiy Yevropada yangidan rivoj topdi. Anatomiyaning asoschisi A. Vezaliy murdani yorib tekshirish bilan odam organiz- mining tuzilishi, organlar funksiyasini ilmiy jihatdan aniq asoslab berdi. Ingliz shifokori U. Garvey odamning qon aylanish sistemasi haqidagi ta’limotni yaratib (1628-yil) fiziologiyaga poydevor qo‘ydi. Fizikaning taraqqiyoti natijasida mikroskop kashf etildi va hujayra, to‘qima, a’zo va sistemalarining nafis tuzilishini o‘rganish imkoniyati tug‘ildi.
XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asr boshlarida obyektiv tekshirish usullari palpatsiya, perkussiya, laboratoriya diagnostikasi ishlab chiqilishi tufayli amaliy tibbiyot taraqqiy etdi. XVIII asrda qo‘llanilgan klinik tekshiruv natijalarini murdani yorib tekshi- rishdan olingan ma’lumotlar bilan taqqoslash uslubi kasallik belgilari organ va to‘qimalarining tuzilishdagi o‘zgarishlarga bog‘liq ekanligini isbotlashga imkon berdi. Bu tadqiqotlar zaminida keyinchalik patologik anatomiya va gistologiya vujudga keldi.
XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asr boshlarida yashagan xorazmlik tabib al-Karukiy Hazoraspiy o‘z asarida kishi a’zolarining har xil kasalliklari va ularni dorilar bilan davolash usullarini bayon etgan; mashhur tabib Mahmud Hakim Yaypaniy Ho‘qandiy esa o‘z davrigacha sharq tabobati qo‘lga kiritgan yutuqlarga shaxsiy tibbiy tajribalarini qo‘shgan holda o‘pka, yurak, sut bezi, me’da, jigar, ichak, buyrak, qovuq kabi a’zolari kasallangan, shishgan, toshmalar toshgan, mo‘y-tirnoqlari kasallangan bemorlar, jarohatlangan va yara chiqqan, biror suyagi singan, zaharlangan, zaharli hayvonlar chaqqan kishilarni davolash ustida ish olib borgan.
Ayniqsa, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida bu yo‘nalishda tibbiyot gurkirab rivojlandi. I. M. Sechenovning «Bosh miya refleks- lari» (1863-yil) asari shifokor va fiziologlarda dunyoqarashning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Rus olimlari S. P. Botkin, I. M. Sechenov, I. P. Pavlov, G.A. Zaxarin (kasallikni aniqlashda bemordan so‘rab ma’lumot yig‘ish uslubini ishlab chiqqan), A.A. Ostroumov tadqiqotlari tufayli markaziy asab tizimi va butun organizmning faoliyati qonunlari nazariy ta’riflab berildi. I.P. Pav- lovning ovqat hazm qilish sistemasi fiziologiyasiga oid ishlari Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Uning oliy nerv faoliyati haqidagi ta’limoti barcha klinik fanlarning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Matvey Yakovlevich Mudrov (1776—1831) — rus terapevtlar maktabining asoschilaridan biri. U bemorlarni so‘rab-surishtirish va kasallik tarixini tuzishni Rossiyada birinchi bo‘lib rusum qildi, bemorni klinik jihatdan tekshirish sxemasini ishlab chiqdi. M.Y. Mudrov kasallikni emas, balki kasalni davolash kerak, deb ta’kidlar va har kimga individual, ya’ni alohida-alohida davo qilishni yoqlab chiqar edi. U shifokorning asosiy vazifasi — kasallikni aniqlash va sabablarini bilib olish, har tomonlama davolash profilaktika chora-tadbirlarini o‘tkazishdir deb hisoblar edi. U Saratov va Peterburgda vaboga qarshi kurashda faol ishtirok qildi. Peterburgda vabodan vafot etdi.
Grigoriy Antonovich Zaxarin (1829—1897) — Moskva terapevtlar maktabining asoschisi. O‘zining asarlari va klinik faoliyatida odamning tevarak-atrofdagi muhit bilan o‘zaro munosabatlariga hal qiluvchi ahamiyat berdi. U bemorni surishtirishning o‘ziga xos uslubini ishlab chiqdi. Surishtirish uslubini tekshirishning boshqa uslublari (metodlari) bilan qo‘shish, unga bemor organizmidagi anatomik o‘zgarishlarni juda aniq bilib olish uchun imkon berdi. U laboratoriya va asboblar bilan bajariladigan uslublardan foydalandi va bularni qo‘shimcha uslublar deb qaradi.
Davolashni u kompleks chora-tadbirlardan: gigiyena talablariga mos hayot kechirish iqlim bilan davolash (klimatoterapiya) va dori-darmonlar bilan yordam berishdan iborat deb bildi. Sil to‘g‘ri- sidagi ta’limotga uning tomonidan ko‘pgina yangiliklar kiritildi. Qimiz bilan davolashni amalda joriy qildi, fizioterapiya uslublarini shifobaxsh ta’sirini ilmiy jihatdan asoslab berdi.
Sergey Petrovich Botkin (1832—1889) — klinik tibbiyotdagi fiziologik yo‘nalishning asoschisi. S.P. Botkin kasalliklarning patoge- nezini tekshirishda, asosan, organizmning fiziologik aloqalarini o‘rganish kerakligini birinchi bo‘lib isbot qilib berdi. U sariq kasalligining yuqumli xastaliklar jumlasiga kirishini birinchi bo‘lib aniqladi. Hozirgi vaqtda bu kasallik Botkin kasalligi deb ataladi. S.P. Botkin ko‘pgina patologik jarayonlar organizmda nerv yo‘llari bo‘ylab reflektor tarzda o‘tadi, degan qoidani oldinga surdi. U ter chiqarish markazini, taloqqa reflektor ta’sir ko‘rsatish markazini tajriba yo‘li bilan kashf etdi va limfa aylanishi hamda qon yaratish markazlari bor, degan taxminni bildirib, turli organlardagi oqsil spetsifik tarzda tuzilgan degan fikrni birinchi bo‘lib bayon qildi.
Aleksey Aleksandrovich Ostroumov (1844—1908) — mashhur rus terapevt-klinisisti. U yurakning I toni kelib chiqishi jihatidan klapanlarga bog‘liq ekanligini birinchi bo‘lib isbot qildi. Boshqa tadqiqotlari bilan tomirlarning devorlarida ham tomir toraytiruvchi, ham tomir kengaytiruvchi nervlar borligini ko‘rsatib berdi: ba’zi shishlar va ter ajralishining nevrogen xarakterda bo‘lishini aniqladi.
Vasiliy Parfenovich Obrazsov (1851—1920) — yirik rus terapevt- klinisisti. Qorin bo‘shlig‘idagi organlarni fizik usul (palpatsiya usuli) bilan tekshirish uslubining yaratuvchisi. V.P. Obrazsov ko‘krak qafasini bitta barmoq bilan bevosita tukillatib ko‘rish uslubi (metodi)ni ishlab chiqdiki, bu uslub tibbiyot amaliyotida keng ishlatiladigan bo‘lib qoldi.
Stetoskop yordami bilan eshitib ko‘rilganda, yurakdagi payqab bo‘lmaydigan tovush o‘zgarishlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri quloq tutib eshitib aniqlash mumkinligini (galop ritmi normal III ton va boshqalarni) isbot qilib berdi. 1909-yili V.P. Obrazsov N.D. Stra- jesko bilan birgalikda yurak arteriyalari tiqilib qolgan degan tashxisni tirik kishiga qo‘ydi va miokard infarktining klinik manzarasini bayon qilib berdi.
Maksim Petrovich Konchalovskiy (1875—1942). Asosiy asarlari hazm organlari patologiyasi, revmatizm va gematologiyaga bag‘ishlangan. Kasallikni organizmning muhit sharoitlariga mosla- shuvchanligining buzilishidir, deb bilar edi. Trombopeniyalarda ko‘riladigan jgut simptomini birinchi bo‘lib bayon qildi (1910- yilda).
Nikolay Dmitriyevich Strajesko (1876—1952). Qon aylanish patologiyasi masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlari, stenokardiya va miokard infarkti, revmatizm, sepsis, me’da-ichak yo‘li kasalliklari to‘g‘risidagi ta’limoti, ayniqsa, mashhurdir. U qorin bo‘shlig‘i organlari kasalliklarining fizik diagnostikasi prinsiplarini ishlab chiqdi, kolitlar, yara kasalligi, buyrak va o‘t pufagi kasalliklarining diagnostikasi bilan terapiyasini mukammallashtirdi. Qon aylanishi yetishmovchiligining yangi klassifikatsiyasini V.X. Vasilenko bilan birgalikda ishlab chiqdi.
Mixail Vasilyevich Chernorutskiy (1884—1957) — ichki organlar kasalliklarining patogenezi va klinikasida odam konstitu- tsional xususiyatlarining rolini o‘rganishga ko‘p vaqtini bag‘ish- lagan. U revmatizm muammosiga, kasallikning avj olishi hamda taxminida nerv sistemasi, irsiy omillar rolini o‘rganishga katta ahamiyat berdi: allergiya muammosini muvaffaqiyat bilan ishlab chiqdi, revmatizm, o‘tkir nefritlar, seroz plevritlar patogenizida allergiyaning ahamiyatini o‘rgandi.
Georgiy Fedorovich Lang (1875—1948). Uning asosiy ishlari yurak-qon tomirlar patologiyasi masalalariga bag‘ishlanadi. Ichki kasalliklar to‘g‘risidagi ta’limotni rivojlantirishda G. F. Lang nerv sistemasining funksional o‘zgarishlariga katta ahamiyat berdi va kasalliklarning kelib chiqishini I.P. Pavlovning fiziologik ta’limoti nuqtayi nazaridan talqin qildi. U gipertoniya kasalligini kelib chiqi- shida bosh miya po‘stlog‘idagi funksional o‘zgarishlar (xususan, uning uzoq vaqt haddan tashqari zo‘riqishi) yetakchi ahamiyatga ega deb ko‘rsatib berdi. G.F. Lang yurak-qon tomirlar kasallik- larining zamonaviy klassifikatsiyasini ishlab chiqdi. U gematologiyada funksional yo‘nalishni yaratdi, shu yo‘nalish nuqtayi nazaridan olganda, bir qancha qon kasalliklari, qonning parchalanishi va hosil bo‘lish jarayonlari nerv regulatsiyasining buzilishiga bog‘liqdir.
Aleksandr Leonidovich Myasnikov (1899—1965)—ichki tibbiyotning eng muhim muammolariga: jigar patologiyasi, giper- toniya kasalligiga ko‘p e’tibor bergan olimdir. A.L. Myasnikovning gipertoniya kasalligi mohiyat e’tibori bilan po‘stloq dinamikasi va visseral o‘zaro munosabatlarining murakkab tarzda buzilishining ifodasidir, degan konsepsiyasi hozirgi zamonning tegishli davolash profilaktika chora-tadbirlari kompleksi asosida yotadi. A.L. Myasnikov ateroskleroz muammosini o‘rganishga katta hissa qo‘shdi, shu kasallikda xolesterin almashinuvining buzilishi to‘g‘risidagi masalani o‘z hamkorlari bilan birgalikda ishlab chiqdi. U atero- sklerozning koronar yetishmovchilik va miokard infarkti singari asoratlariga alohida e’tibor berdi.
Vladimir Nikitich Vinogradov (1882—1964). U tekshirish uslublarini mukammallashtirish, profilaktika prinsiplari va faol terapiyani tinmay hayotga tatbiq etib keldi. Ilk bor mashhur kasallik tarixi sxemasini yaratdi. V.N. Vinogradov beqiyos tashxischi edi. U dastlab o‘z klinikasida qonning minutlik hajmini aniqlash, bronxoskopiya, gastroskopiya, yurakni kateterlash, radioaktiv izatoplar usuli va boshqa diagnostik uslublarni birinchi bo‘lib qo‘lladi. V.N. Vinogradov dori-darmonlar bilan faol davo qilish usullarining haqiqiy tashabbuskori edi. U rahbarlik qilayotgan shifoxonada penitsillin surunkasiga davom etadigan septik endokardit va krupoz (zotiljam) pnevmoniyada, kampalon va B12 vitamini xavfli anemiya (Addison-Birmer kasalligi)da, dikumarin — miokard infarktida, AKTG — bronxial astmada, streptomitsin, ftivazid va PASK sil plevritlarida birinchi bor ishlatildi.
V.N. Vinogradov so‘nggi yillarda yurak-qon tomirlar sistemasi patologiyasiga, muammosiga — gipertoniya kasalligi, miokard infarkti, ateroskleroz, revmatizm tizimiga katta e’tibor berdi. Shu munosabat bilan V.N Vinogradov o‘zi boshqarayotgan klinikada fiziologik laboratoriya tashkil etdi.
Vdavr. Sotsialistik tuzumdagi tibbiyot. Bu davrdagi ichki kasallik- larning rivojlanishi sohaning yetuk bilimdonlari — V.P. Obrazsov va N.D. Strajesko (Kiyev), M.P.Konchalovskiy va D.D. Pletnev (Moskva), G.F. Lang (Leningrad) nomlari bilan bog‘liq. Taniqli olimlar tibbiyotning ichki kasalliklar sohasida ish olib borishdi: stenokardiya va miokard infarkti, yurakning revmatik yallig‘lanishi va qon aylanishidagi yetishmovchilik, yara kasalligi va qandli diabet hamda qon kasalliklari shular jumlasidandir. Yurak-tomir kasalliklari: nafas organlari, ovqat hazm qilish, buyrak, qon sistemasi kasalliklarini o‘rganishda V.X. Vasilenko, V.N. Vinogradov,I A. Kassirskiy, A.L. Myasnikov, Y.M. Tareyevning xizmatlari juda katta. Kardiologiyaga oid muammolarni o‘rganish, ayniqsa, muhim. TFAga qarashli Butunittifoq kardiologiya markazi bu sohadagi yagona ilmiy markaz hisoblanadi. Kardioxirurgiyaning rivoj topishi A.N. Bakulev, A.P. Kupriyanov, B.V. Petrovskiy, A.A. Vishnevskiy, E.N. Meshalkin va boshqalarning nomlari bilan bog‘liq. N.N. Petrov va P.A. Gersen onkologiyani rivojlantirishga katta hissa qo‘shishgan.
VI davr. Mustaqil O‘zbekistonda «Ichki kasalliklar» fanining rivojlanishi va taraqqiyoti. Odamlarda uchraydigan kasalliklar, ularni davolash va oldini olishni o‘rganadigan klinik fanlar asosiy davolash uslubiga ko‘ra, terapiya va jarrohlikka bo‘linadi. Tibbiyotning bu qismlari ham o‘z navbatida, ayrim a’zo, sistemalar kasalliklarini o‘rganish, davolashi, ba’zi kasalliklarning ko‘p uchrashi, o‘ziga xosligi hamda qo‘llaniladigan asosiy tekshirish va davolash uslubiga ko‘ra, yana bir necha sohalarni o‘z ichiga oladi. Chunonchi, terapiya, kardiologiya, revmatologiya, nevrologiya, gastroenterologiya, gema- tologiya, endokrinologiya, geriatriya, ftiziatriya, nevropatologiya, psixiatriya, kurortologiya, fizioterapiya, davo fizkulturasi, tibbiyot radiologiyasi va rentgenologiya qismlariga bo‘linib rivojlandi.
O‘zbekistonda ichki kasalliklarni o‘rganishda tibbiyotga oid tadqi- qotlar ko‘lami kengaydi. Ateroskleroz, gipertoniya, miokard infarkti, stenokardiya, revmatizm, yurakning ishemik kasalligi, yurak porogi kabi yurak-tomir kasalliklari, ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari (gastrit, kolit, enterit, enterokolit va boshq.), gepatit, chillashir, pellagra va boshqa kasalliklarning kelib chiqish sabablari, tarqalishi, davosi va oldini olish masalalari chuqur o‘rganildi. Punksion biopsiya, laparoskopiya, radiogematografiya, ichki a’zolar kasalliklarini maxsus apparat yordamida aniqlash tufayli ichki kasalliklarning yangi klassifikatsiyasi tuzildi. To‘qimalarda parazitlik qiladigan lyambliyalarni topish va u keltirib chiqaradigan kasallik — lyambliozni kompleks davolash usuli ishlab chiqildi.
O‘tkir va surunkali pnevmoniya, bronxial astma kabi kasalliklar alohida e’tibor bilan o‘rganilmoqda. Anemiya, leykoz kabi kasalliklarni o‘rganish va ularni davolashda talaygina yutuqlarga erishildi. Olimlardan M.I. Slonim, I.A. Kassirskiy, N.V.Danilov, A.N. Kryukov, M.F. Mirochnik va boshqalar bergan tadqiqotlarni keyinchalik Z. I. Umidova, A.X. Xo‘jayev, E.I. Otaxonov, N.I. Ismoi- lov, A.A. Asqarov, A.S. Mnushkin, M.H. Hamidova, R.A. Abdul- layev, R.A. Katsenovich, O.B. Bahodirov, K.B. Bahodirov, G.S. Su- laymonova, K.Y. Yo‘ldoshev, T.M. Qoriyev, R.A. Qoraboyeva, X.I. Yanboyeva, A.M. Ubaydullayev, U.A. Asqarov va boshqalar davom ettirib kelishmoqda.
Endokrinologiya bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar (Y.H. To‘ra- qulov, S.A Ma’sumov, P.I. Fyodorova, R.K. Islombekov, E.G. Qayu- mov, Sh.Sh. Ilyosov) natijasida respublikamizning ayrim tuman- larida tarqalgan qalqonsimon bez kasalliklari (xususan, buqoq) keskin kamaydi. Ichki sekretsiya bezlari, diabetoldi holatidagi kishilarda lipidlar almashinuvi va gemodinamikasi o‘rganildi. Fizio- terapiya va kurortologiyaga oid olib borilgan tadqiqot va izlanishlar natijasida respublikada ko‘pgina mahalliy ma’danli suv va shifo- baxsh iqlimli joylar — «Chimyon», «Chortoq», «Toshkent» mineral suvi, Sitorayi Mohi Xosa ishlab turibdi. Bu sohada Y.K. Mo‘minov, Z.A. Dolimov, R.A. Katsenovichlarning xizmatlari katta.