Xorijiy arzon va imtihonsiz institutlar diplomlari bizda tan olinadimi?
O‘zbekistonda 2000 yildan buyon xorijiy oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini nostrifikatsiya qilish tartibi amalda. 2017 yilda 417 ta ta’lim hujjati tan olingan bo‘lsa, 2019 yilda 3327 ta ta’lim hujjati nostrifikatsiya qilinib belgilangan tartibda guvohnoma rasmiylashtirilgan. So‘nggi 3-4 yil ichida amaldagi nostrifikatsiya tartibi nisbatan yengillashtirilgan va bu borada fuqarolar uchun ko‘pgina yengilliklar yaratilgan.
Shunga qaramay xorijiy o‘quv muassasa diplomlari O‘zbekistonda tan olinishi, xorijning bakalavr diplomi bilan O‘zbekistonda magistraturani davom ettirish va diplomni nostrifikatsiya qilishdagi ko‘pgina muammolar dolzarb bo‘lib qolmoqda. Aholida mazkur masalalar bo‘yicha savol va muammolar talaygina. «O‘zbekiston 24» radiokanali «fikrlar maydoni» jonli eshittirishi mehmonlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Nizomjon Ishonqulov va axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov mazkur mavzu yuzasidan berilgan savollarga javob berdi, deyiladi O‘zA xabarida.
— Qozog‘iston Oliy o‘quv yurtining ikki yillik ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha diplomi bizda qabul qilinadimi?
— Ikki yillik o‘quvni o‘z ichiga olgan xorijiy ikkinchi mutaxassislik diplomi O‘zbekiston ta’lim to‘g‘risidagi qonunda belgilangan me’yorlardan kam bo‘lmagan o‘quv soatlariga to‘g‘ri kelishi lozim. Ya’ni bizda bakalavriat 4 yildan kam bo‘lmagan muddat dars soatlariga egaligi belgilab qo‘yilgan. Bundan xulosa qilish mumkinki ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olganda ham bakalavr bo‘yicha belgilangan muddatlarga amal qilinishi lozim.
Qozog‘istonda Boloniya kredit moduli ta’lim tizimi amal qiladi. Bizning talablarga ko‘ra, bakalavriatda 3 yildan kam bo‘lmagan 240 kreditdan ko‘p kredit to‘plashi lozim degani. Odatda 2 yillik o‘quv jarayonida 240 kredit miqdorini to‘plash amalda mumkin emas. Demak, ushbu diplom O‘zbekistonda o‘tmaydi.
Ming afsuski, ayrimlar qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtlarining noto‘g‘ri tashviqoti tufayli turli universitetlarga topshirib, natijada O‘zbekistonda o‘tmaydigan diplomlarga ega bo‘lishmoqda. Fuqarolarimiz turli odamlar tashviqotiga ergashmasdan qonunchilikka yuzlanib, diplomlar nostrifikatsiyasi haqida ma’lumot olishlari to‘g‘ri ish bo‘ladi.
— Xorijiy oliy o‘quv yurti diplomlari qanday holatlarda rad etiladi?
— Vazirlar Mahkamasining 620-sonli qarorida qanday holatlarda xorijiy OTM diplomlari rad etilishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Birinchi talab, bu xorijiy oliy ta’lim muassasasining ushbu ta’lim turi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasasi va uning ta’lim dasturlari o‘zi joylashgan davlatdagi vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, me’yoriy muddatga qo‘yilgan talab. Xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshirayotgan abiturient u yerdagi ta’lim soatlari bizdagi o‘qishning belgilangan me’yoriy muddatlariga qo‘yilgan talablarga to‘g‘ri kelishi bilan tanishib chiqishi lozim. Shuningdek, ta’lim shakli ham O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan talabga to‘g‘ri kelishi shart. Fuqarolar o‘qishga topshirishdan avval ta’lim muassasasining me’yoriy muddatlari, agar o‘qish kredit modul tizimida bo‘lsa, belgilangan kredit hajmlarini o‘rganib, so‘ngra diplom topshirishlari lozim. Agar shu me’yorlar to‘g‘ri kelmasa, xorijiy OTM diplomi O‘zbekistonda tan olinmasligi mumkin (o‘tmaydi). Xorijiy ta’lim muassasasining akkreditatsiyadan o‘tganligi borasidagi ma’lumotlar bilan ham qiziqib ko‘rishi lozim.
— Xorijiy imtihonsiz qabul qiluvchi arzon oliy ta’lim muassasalari diplomlari bizda o‘tadimi?
— Xorijda ta’lim olishni niyat qilgan abiturientlarga imkon qadar ta’lim sifati yuqori bo‘lgan, ta’lim tizimi rivojlangan davlatlarda tahsil olishni tavsiya etamiz. Chunki O‘zbekiston ta’lim tizimidan yuqori bo‘lgan ta’lim sohasiga ega bo‘lgan davlatda tahsil olgan bitiruvchi ertaga mehnat bozorida ham tez o‘z-o‘rnini topadi. Bilamizki, yuqori sifatli ta’lim arzon bo‘lmaydi. Ko‘p reklama, e’lonlarni kuzatadigan bo‘lsak, bir yillik o‘quv jarayoni 400 AQSh dollari bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari ham bor. Bu kabi to‘lov shartnoma summasi bilanyuqori sifatli ta’lim olish deyarli imkonsiz. Bu kabi o‘quv muassasasida tahsil olgan bitiruvchi ertaga diplomini nostrifikatsiya qilishda va hatto ishga joylashishda ham muammoga duch kelishi mumkin. Chunki bugun mehnat bozorida quruq diplomli emas, yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj bor.
azon.uz