Ishsiz odam ham aliment to’lashga majburmi?
Savol: Assalomu alaykum. Sayt ochilganiga juda xursand bo’ldik. Qilgan ishlaringizdan Alloh rozi bo’lsin, jazakollohu xoyron!
Menga aliment to’g’risida yangi qonunlar kerak, aliment to’layapman. Agar men hozir hech qayerda ishlamasam bir nafar farzandimga qancha aliment to’lashim kerak? Sud ijrochilari O’zbekiston bo’yicha o’rtacha ish haqini 4 dan birini to’laysiz deyapti, o’ylab ko’ring, agar odam ishlamasa, bu pulni qayerdan oladi? Masalan, hozir O’zbekistonda o’rtacha ish haqi 280000 so’m bo’lsa, shuning 4/1 qismi, ya‘ni 75 ming so’m ishlamagan odam uchun yoki davlat mussasalarida ishlamasdan o’z kasbidan oyligi 200000 so’m bo’lgan odam uchun bu juda katta pul, axir. O’zimni oilam ham bor, farzandim bor. Shuning uchun hozirgi kunda ishlamayotgan yoki daromadi o’zgaruvchan odam uchun aliment miqdori qancha? Iltimos, shuni batafsil tushuntirib beringlar. Andijondan Abdullo.
Javob: O’zbekiston Respublikasining aliment to’g’risidagi qonun normalari O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 5-bo’limida keng yoritilgan.
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga aliment to’lash tartibi haqida O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 98-moddasida batafsil ma’lumot berilgan bo’lib, unga ko’ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to’lash tartibini o’zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to’lash tartibi va shakli haqida ota-ona o’rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo’lmasligi kerak.
Oila Kodeksining 99-moddasiga ko’ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onasining har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun – to’rtdan bir qismi; ikki bola uchun – uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun – yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa e’tiborga loyiq holatlar hisobga olingan holda sud tomonidan kamaytirlishi yoki ko’paytirilishi mumkin.
Ushbu Kodeksning 102-moddasiga ko’ra ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdorini aniqlash tartibi quyidagicha:
Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment to’lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to’lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Aliment to’lashi shart bo’lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo’lmay, o’zgarib tursa yoki daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo’lsa, shuningdek, daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati bo’lmasa yoiki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega bo’lmasa, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun to’lanishi lozim bo’lgan aliment miqdori har oyda pul bilan to’lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Kodeksga binoan, aliment undirishda quyidagi daromadlar hisobga olinadi:
Aliment O’zbekiston Respublikasi hududda va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi.
Chet el valyutasida olinadigan daromadlar aliment undiriladigan kunda amalda bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi bo’yicha so’mda hisoblanadi.
Belgilangan aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment to’lashdan butunlay ozod qilish ham mumkin. Oila Kodeksining 105-moddasiga ko’ra, aliment to’layotgan o’ta-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo’lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta‘minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek, aliment to‘layotgan ota (ona) nogiron bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.
Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta‘minotida bo‘lsa, sud aliment to‘layotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to‘lashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni to‘lashdan ozod qilish uchun asos bo‘lgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.
Aliment to’lovchining moddiy ahvoli o’zgarsa yoki boshqa sabablar ro’y bersa, Kodeksning 132-moddasiga asosan, aliment to‘lash to‘g‘risidagi ota-ona o’rtasida oldindan bo’lgan kelishuv taraflarning roziligi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish ham o‘sha shaklda amalga oshiriladi.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganda hamda aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida ular o‘zaro kelisha olmaganda, manfaatdor taraf kelishuvni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi da‘vo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Sud aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvni o‘zgartirish yoki bekor qilish masalasini hal qilishda taraflarning e‘tiborga loyiq har qanday manfaatini hisobga olishi kerak.
Kodeksning 138-moddaga asosan, aliment to‘lovchi ish, o‘qish joyi va turar joyi o‘zgarganda, shuningdek, qo‘shimcha ish yoki boshqa daromad olsa, bu haqda uch kun ichida sud ijrochilarini hamda aliment oluvchini xabardor qilishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan ma‘lumotlarni belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra xabar qilmagan taqdirda, alimentni ushlab qolishi lozim bo’lgan ish beruvchi va aliment to‘lovchi shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Kodeksning 146-moddasiga ko’ra, aliment miqdori sud tartibida belgilanganidan keyin taraflardan birining moddiy yoki oilaviy ahvoli o‘zgarsa, sud ulardan har birining talabiga ko‘ra alimentning belgilangan miqdorini o‘zgartirishga yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsni aliment to‘lashdan ozod qilishga haqli. Aliment miqdorini o‘zgartirishda yoki uni to‘lashdan ozod qilishda sud taraflarning e‘tiborga loyiq boshqa manfaatlarini hisobga olishga haqli.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 60-moddaga ko’ra, o‘n olti yoshdan boshlab to pensiya bilan ta‘minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, ishga va ish haqiga (mehnat daromadiga) ega bo‘lmagan, ish qidiruvchi shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan, mehnat qilishga, kasbga tayyorlash yoki qayta tayyorlashdan o‘tishga, malakasini oshirishga tayyor mehnatga qobiliyatli shaxs ishsiz deb e‘tirof etiladi. Bundan ma’lum bo’ladiki, ishsiz deb e’tirof etilishingiz uchun siz mahalliy mehnat organidan ish qidiruvchi sifatida ro’yxatdan o’tishingiz lozim bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida”gi qonunining 3-moddasi 2-qismiga ko’ra, ish bilan ta‘minlash davlat xizmatida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab 10 kun ichida taklif etilgan o‘ziga maqbul ishni ikki marta rad etgan shaxslar ish qidirayotgan deb e‘tirof etilmaydi va taklif etilgan ishni rad qilgan vaqtdan boshlab 30 kalendar kun o‘tgandan keyingina ishsiz sifatida takroran ro‘yxatga olinish huquqiga ega bo‘ladi. Ishsizlar sifatida ro‘yxatga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasining normativ hujjatlari bilan belgilanadi.
Tegishli organ tomonidan ishsiz deb topilgan shaxslarga Mehnat kodeksiga va “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida”gi qonunning 26-moddasiga asosan ishsizlik nafaqasi to’lanadi. Kodeksning 65-moddasida va “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida”gi qonunning 29-moddasida uning shartlari va muddatlari belgilangan. Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e‘tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e‘tiboran tayinlanadi. Qaramog‘ida uchtagacha kishi bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshga to‘lmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq to‘lanadigan jamoat ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi. Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n birinchi kundan e‘tiboran kuchga kiradi.
Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o‘n uch kalendar hafta mobaynida to‘lanadi.
Ishsiz shaxs nafaqa olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organida yo‘qlamadan o‘tishi kerak.
“Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida”gi qonunning 30-moddasiga asosan ishsizlik nafaqasi miqdorini aniqlash tartibi quyidagicha belgilangan:
1. Ishidan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ishsizlik nafaqasi avvalgi ish joyidagi oxirgi bir yilgi ish haqiga foiz nisbatida belgilanadi. Boshqa hamma hollarda ishsizlik nafaqasi eng kam miqdordagi ish haqiga foiz nisbatida belgilanadi.
2. 16 yoshga to‘lmagan bolalari va qaramog‘ida boshqa kishilar bo‘lgan ishsizlarga nafaqa miqdori 10 foiz oshiriladi.
3. Ish haqiga koeffitsiyentlar belgilangan joylarda yashovchi shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorlari ularning shu joylarda yashagan davri uchun mazkur joyda noishlab chiqarish tarmoqlarining xodimlariga belgilangan koeffitsiyentni qo‘llagan holda tayinlanadi.
4. Ishsizlik nafaqasining miqdori belgilangan tartibda indekslanishi lozim.
Belgilangan aliment to’lovini to’lashdan bosh tortish yoki sud ijrochilarining xatti-haraktalariga boshqa tarzda qarshilik ko’rsatish jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasida shunday qoida belgilangan:
“122-modda. Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta‘minlashdan bo‘yin tovlash
Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta‘minlashdan bo‘yin tovlash, ya‘ni ularni moddiy jihatdan ta‘minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, —
eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —
ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
“Sud hujjatlarini bajarishdan bo’yin tovlash va ularning ijro etilishiga to’sqinlik qilish uchun javobgarlikka doir qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi qarorida aliment to’lashdan bosh tortish harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksi 122-moddasining tatbiq etilishi xususida batafsil to’xtalib, shunday tushuntirish beriladi:
“14. Quyidagilar shaxsni JK 122-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish shartlari hisoblanadi:
moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta‘minlash uchun mablag‘ to‘lash to‘g‘risidagi sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorining mavjudligi;
jami bo‘lib uch oydan ortiq muddat mobaynida ushbu mablag‘ni to‘lanmasligi.
15. Surishtiruv, tergov organlari va sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta‘minlashdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek ota-onani moddiy ta‘minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun qarzdorlikning umumiy muddati ketma-ketligidan qat‘i nazar uch oyni tashkil etishi lozim.
Bunda, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta‘minlashdan bo‘yin tovlash deb, shaxsning sud hujjatida belgilangan aliment miqdorini to‘liq hajmda to‘lamasligi holati ham tushunilishi lozim.
16. Shuni nazarda tutish lozimki, Oila Kodeksining 140-moddasi mazmuniga ko‘ra, agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs muayyan davrda ishlamagan bo‘lsa, aliment bo‘yicha qarz qarz undirilayotgan paytdagi O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.
Oila Kodeksining 141-moddasi talablaridan kelib chiqib, sud hujjatida belgilangan miqdordagi aliment qarzlarini to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etishga faqat sud tartibida yo‘l qo‘yiladi.
Shu bois, aliment to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etish to‘g‘risida sud qarori mavjud bo‘lmagan taqdirda, shaxsning moddiy va oilaviy sharoiti og‘irligini vaj qilib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashi JK 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida qabul qilinmasligi lozim.
17. Sud hujjatining ijro etilishiga to‘sqinlik qilish alohida jinoyat tarkibini tashkil etganligi sababli, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta‘minlashdan bo‘yin tovlayotgan shaxsning sud hujjatini ijro etilishiga to‘sqinlik qilishi JK 122-moddasi bilan birga JK 232-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinadi”.
Qo’shimcha ma’lumot uchun:
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 232-moddasi:
“232-modda. Sud hujjatini ijro etmaslik
Muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlashni ma‘muriy jazo qo‘llanilganidan keyin davom ettirish, shuningdek sud hujjatining ijro etilishiga to‘sqinlik qilish, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch oygacha qamoq bilan jazolanadi.
O‘sha qilmishlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch oydan olti oygacha qamoq yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Oila Kodeksining 140-141-moddalari:
“140-modda. Aliment qarzining miqdorini belgilash
Aliment qarzining miqdori sud ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ushbu Kodeksning 99-moddasiga asosan voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi. Agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e‘tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to‘lanadigan qat‘iy summasini belgilashi mumkin.
141-modda. Aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish
Taraflar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflarning o‘zaro roziligi bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lanadigan hollar bundan mustasno.
Agar sud aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra aliment to‘lamaganligini aniqlasa hamda uning moddiy va oilaviy ahvoli yig‘ilgan aliment qarzni to‘lashga imkon bermaydi deb topsa, aliment to‘lovchining da‘vosiga binoan uni aliment qarzlarini to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etishga haqlidir”.
tashabbus.org