Deyarli butun dunyoda virus xavf solishi bilan avvalo bog‘cha va maktablarning yopilishi, shuningdek, jamiyatda ijtimoiy masofani saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlar ota-onalarda farzandlarining xavfsizligini o‘ylab xavotir hamda turli savollar paydo qilmoqda.
VVS e’lon qilgan va kun.uz nashri tomonidan
chop etilgan quyida maqolada koronavirusning bolalarga ta’siri haqidagi turli savollarga javob beriladi.
1. Bolalarga koronavirus yuqadimi?Ha, koronavirus kattalar singari bolalarga ham yuqadi va ularda ham Covid-19 alomatlari paydo bo‘ladi.
«Pandemiya boshlanishida ko‘pchilik koronavirus bolalarga yuqmaydi deb o‘yladi, ammo keyin ma’lum bo‘ldiki, bu xavfli virus kattalarga qanday bo‘lsa, bolalarga ham o‘shanday yuqadi. Faqat bolalar kasallik davrini kattalarga nisbatan yengil o‘tkazadi», deb tushuntirdi Oksford universiteti yuqumli kasalliklar bo‘yicha pediatr va immunologiya professori Endryu Pollard.
Xitoyning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazining 20 fevraldan boshlab o‘tkazgan tahlillariga ko‘ra, 72 314 nafar bemorning atigi 2 foizini 19 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etgan.
AQShda o‘tkazilgan tadqiqotlar esa koronavirusga chalingan 508 nafar bolada birorta o‘lim holati yuz bermaganini ko‘rsatgan. Virus yuqtirgan bolalar jami bemorlarning atigi 1 foizini tashkil etgan.
«Dastlab virus kattalar o‘rtasida tarqala boshladi, bu tabiiy, ular virusni odam ko‘p bo‘ladigan joylarda, shuningdek, sayohatlarda yurib yuqtirgan. Endi esa karantin tufayli ular uylarida farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishyapti va shu sabab virus yuqtirgan bolalarning soni oshib boryapti», deydi Buyuk Britaniyadagi Sauthempton bolalar shifoxonasida bolalar yuqumli kasalliklari bo‘yicha maslahatchi Sanjay Patel.
Xavfli virusni bolalar kattalarga, ayniqsa keksalarga qaraganda kamroq yuqtirmoqda, ammo bu ma’lumotlar aldamchi bo‘lishi ham mumkin. Sababi aksariyat mamlakatlarda Covid-19 simtomlarini yuqtirib faqat ahvoli og‘irlashgan bemorlar kasalxonalarga olib kelinyapti. Tabiiyki, hisobotlar kasalxonada ro‘yxatdan o‘tganlarga qarab yuritiladi.
Bolalar virusni yengil o‘tkazayotganiga sabab aksariyat hollarda kasallikka chalingani ham bilinmay kasalxonaga murojat qilmayapti, degan taxminlar ham yo‘q emas. Aynan shu sababli hisobotlarda bolalarning koronavirus yuqtirish darajasi past bo‘lib qolayotgan bo‘lishi mumkin.
«Shubhasiz, bolalar o‘rtasida koronavirus yuqtirish holatlari biz o‘ylaganimizdan ko‘ra ko‘proq. Axir biz mamlakatdagi har bir bolani tekshirib ko‘rmaganmiz-ku?», deydi doktor Patel bu borada.
2. Bolalarda kasallikning kechishi kattalardan qanday farq qiladi?«Bizdagi yangi koronavirus mavzusiga bag‘ishlangan keng qamrovli ma’lumotlarda diqqatga sazovor narsa bor: hatto juda jiddiy yuqumli kasalliklarga chalingan va immunosupressiv terapiya yoki onkologiya bo‘yicha davolanadigan bolalar ham kattalar, ayniqsa keksalarga qaraganda osonroq Covid-19 yuqtiradi», deydi yaqinda Oksford universitetida kornonavirusga qarshi eksperimental vaksinani yaratgan guruh boshlig‘i Endryu Pollard.
Umuman olganda, Covid-19 yuqtirgan bolalarda kasallik belgilari kattalarga qaraganda yengil kechadi. Shunga qaramay, belgiyalik 12 yoshli qiz va angliyalik 13 yoshli bolaning o‘limi barchani o‘ylantirib qo‘ydi. Ular Yevropada koronavirusning eng yosh qurbonlari bo‘lib turibdi. Avvalroq Xitoyda ham 14 yoshli bolaning o‘limi haqida xabar berilgandi.
Xitoylik tadqiqotchilar ham koronavirus bolalarda yengil o‘tishini tasdiqlashdi. Xitoyda ushbu kasallikka chalingan bolalarning yarmidan ko‘pi yengil isitma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, burun oqishi, tana og‘rig‘i kabi yengil alomatlarga duchor bo‘lgan. Ularning uchdan birida pnevmoniya alomatlari sezilgan va isitma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i kuchliroq bo‘lgan, ammo nafas qisib qolishi kuzatilmagan.
Sauthempton universiteti pediatr-konsultanti Grem Robers shunday tushuntiradi: «Koronavirus yuqtirgan bolalar asosan yuqori nafas yo‘llaridan (burun, og‘iz, tomoq) aziyat chekadi. Ularda bu oddiy shamollash alomatlariday bo‘lib ko‘rinadi, virus bolalarning ichki nafas yo‘llari va o‘pkaga tushmaydi, u kattalarda bo‘lgani kabi bolalarning hayotiga jiddiy xavf solmaydi».
Kasallik jiddiy yoki og‘ir bosqichga o‘tgan (o‘tkir nafas olish yetishmovchiligi boshlangan) va ahvoli favqulodda og‘ir bo‘lgan bolalarning ulushi Xitoyda yoshi kattalarga (19 foiz) qaraganda ancha past (6 foiz). Buning yana bir sababi shuki, yoshi kattalar va keksalarda boshqa kasalliklar ham bo‘lsa ular koronavirusga chalinganda buning oqibati ayanchli tugashi mumkin. Koronavirus bilan vafot etayotganlarning aksariyatida boshqa turli kasalliklar ham bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu virus avvalo surunkali kasalligi borlar uchun xavfli.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xitoydagi vakolatxonasi fevral oyida tayyorlagan hisobotga ko‘ra, ushbu kasallikka chalinganlarning atigi 2,4 foizini 18 yosh va undan kichik yoshdagilar tashkil etgan. Ularning 2,5 foizida kasallik jiddiy shaklga, bor yo‘g‘i 0,2 foizida esa og‘ir xavfli holatga o‘tgan. Bolalarning bir qismida esa infeksiyaga chalinganiga qaramay, umuman simptomlar bo‘lmagan.
Ochiq qolayotgan eng muhim masala shuki, koronavirus yuqtirgan bolalarning aksariyatida faqat yengil alomatlar bor yoki bolalar virusni kattalarga o‘xshab yuqtirmaydi.
3. Nega bolalar koronavirusni kattalarga qaraganda yengil o‘tkazadi?«Bu virus yangiligi uchun, biz hozircha u haqda yaxshi bilmaymiz. U nega bolalarda oson kechadi, buning ham aniq sabablari ma’lum emas. Taxmin qilish mumkin bo‘lgan sabablardan biri shuki, virus hujayra ichiga kirishi va uni buzish harakatini boshlashi uchun oqsilga muhtoj. Ehtimol, bolalarda nafas olish yo‘llari sezuvchanligi kamroq bo‘ladi va shu tufayli ularda virus faqat yuqori nafas yo‘llariga ta’sir qiladi», deydi Grem Robers.
Oksford tadqiqotchisi Endryu Pollard yana bir taxminni ilgari surdi: «Ehtimol, gap bolalarda emasdir, ammo yoshi kattalarning organizmida bo‘layotgan o‘zgarishlar turli viruslarga chalinish ehtimolini oshirishini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo o‘rta yoshdagilar ham bolalarga qaraganda ko‘proq virus yuqtirishi xavfiga duch kelmoqda. Shunday ekan, tananing qarishi virusni ko‘proq yuqtiradi degan qarash ham bu virus qanday tarqalishi haqidagi savolga to‘liq javob emas».
Ya’ni, bu taxminga ko‘ra, bunday o‘zgarishlar tananing yangi infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini susaytiradigan immunitet tizimining qarishi bilan bog‘liq.
Bolalarning immuniteti birinchi navbatda u hali endi shakllanayotganligi bilan ko‘p jihatdan kattalarnikidan farq qiladi.
Ayniqsa bog‘cha yoki maktab yoshidagi bolalar ko‘proq turli nafas olish yo‘llari infeksiyalarini yuqtirishga moyil bo‘ladi – ularning qonida aksiltanachalar kattalarnikiga qaraganda ko‘proq.
«Aftidan, bolalar organizmi kattalarnikiga qaraganda virusli infeksiyalarga, masalan, kattalarda uncha uchramaydigan haroratning tez-tez ko‘tarilishiga nisbatan ko‘proq reaksiyaga kirishadi. Bolalarning immunitet tizimi virusni yaxshiroq nazorat qila oladi va uni pastga tushishga yo‘l qo‘ymay yuqori nafas yo‘llarida zararsizlantiradi», deydi Grem Robers.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:46:42