Maktablar uchun jadvalshunos lavozimi kerak shekilli
Maktablarda yana bitta yangi lavozim joriy qilish kerakka o‘xshaydi.
O‘qituvchilar qog‘ozbozlikdan qutqarildi ammo ularga endi elektron shaklda bajariladigan ishlar yuklash boshlanibdi. Metodistlarni o‘zi bitta ma’lumotni o‘qituvchidan oy davomida 10-15 martta qayta-qayta so‘rar ekan. Hammasi jadval ko‘rinishida. Ayniqsa rahbar xodimlarning asosiy vaqti mana shu ishlarni bajarishga sarf bo‘lmoqda.
«Har kuni bitta jadval o‘ylab topiladi. U shunday murakkabki, uni ichini to‘ldirguncha tushlik vaqti bo‘ladi» — deydi kuzatuvchilarimizdan biri. Maktab ma’muriyati bu jadvalni to‘ldiradi, keyin uni hududiy xalq ta’limi bo‘limiga yuboradi, ular esa hamma maktabnikini kechgacha jamlab viloyat boshqarmasiga yuboradi. Viloyat esa uni vazirlikka yuboradi. Bu jarayon har kuni, qayta-qayta takrorlanadi.
Eng qizig‘i shundaki, bunday ma’lumotlar yig‘ilishi hech narsani hal qilmaydi. Yoki siz biror marta kam ta’minlangan, huquqbuzarlik sodir etgan, ota-onasi ajrashgan yoki chet elga ketgan o‘quvchiga yuqori tashkilotlardan kelib, aynan maktab ma’muriyati bergan jadval asosida birorta mas’ul amaliy yordam berganini ko‘rganmisiz?
Baribir bizni bu kasalimiz tuzalmas ekan, shuning uchun maktablarda «Jadvalshunos» lavozimini joriy qilib qo‘yaqolish kerak. Shunda yangi-yangi jadvallar turini kashf qilishga ulguramiz, bundan esa ancha odamni ishli qilgan bo‘lamiz. Zo‘ra? Eng muhimi jadvalku bizga to‘g‘rimi?
Bu gaplarimni jiddiy qabul qilib olmanglar. Shunchaki jadval deb mukkasidan ketgan kadrlar bilan ishlayotganimiz uchun shunday kesatiq ma’nosida gapirdim bularni.
O‘zi biz qachon shu «kasallikka» chalindik? Qachon o‘zgaramiz? Shu jadvallar kimga kerak? Qog‘ozbozlikni o‘rnini endi shu bilan to‘ldirdikmi? Kimdir shu haqda o‘ylaydimi? Kim ta’lim sifatini nazorat qiladi? Kimga kerak shuncha raqamlar? Kimdir izoh beroladimi?
© Ulug‘bek Po‘latov
Mavzuga doir:
Jadvallar bilan ishlash ta’lim rivoji uchun xizmat qilmaydi
MAKTABLARDA YANGI TASHKIL ETILATIGAN LAVOZIMGA KIMLAR TAYINLANADI?
O’qituvchi qalbidagi gaplar hazil she’rlarda
Joylangan vaqt: 2022-11-29 21:29:42