Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev “Miranda qoidasi” haqida
“Miranda qoidasi” haqida.
Hozir OAV va internetda tilga olinayotgan “Miranda qoidasi”ga shubha bilan qarayotgan odamlarni ham tushunsa bo‘ladi. Izohlar, postlar, munosabatlarda bu tez-tez ko‘rinyapti. Ammo “qog‘ozda yozilib, ishlamaydigan yana bir qoida nega kerak?”, “baribir hech narsa o‘zgarmaydi”, degan fikrlarga qo‘shilmayman.
Bu yerda eng katta asosiy farq bor: qonunlarda yo‘q narsani bajarmaganlik qonunbuzilish emas, ammo qonunda belgilangan talabni bajarmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ya’ni hozir ushlangan shaxsga huquqlarini tushuntirmagan organ xodimlariga hech qanaqa e’tiroz bildirolmaysiz, talab ham qilolmaysiz.
Ammo bu Konstitutsiyaga kiritilgandan keyin, majburiyatga aylanadi. Ha, to‘g‘ri, darrov hamma bunga amal qilavermaydi, bu tizim to‘liq ishlab ketmaydi. Toki normal holatga kelgungacha, minglab qoidabuzarliklar bo‘lishi, minglab holatlarda organ xodimlari o‘z majburiyatini bajarmasligi, ushlangan shaxslar huquqlari yana buzilishda davom etishi mumkin, ha. Ammo endi organ xodimlari har bir holatda qonunbuzarga aylanadi. Farqni ko‘ryapsizmi?
Bitta misol keltiraman. Masalan, oxirgi paytlarda avtoblogerlarning tashviqoti ortidan juda ko‘p haydovchilar YPX xodimlaridan qoidada yozilganidek, to‘xtatish sababi, xizmat guvohnomasi, dislokatsiya va boshqa narsalarni talab qilishni o‘rganib olishdi. Agar xodim o‘zini tanishtirmasa, bodi-kamerasi ishlamayotgan bo‘lsa yoki boshqa qandaydir noqonuniy harakat qilsa bir zumda internetda “yulduz”ga aylanyapti.
“Miranda qoidasi” ham xuddi shunaqa bo‘ladi. Qoida Konstitutsiyaga kiritiladi, qolganini o‘zingiz talab qilib olaverasiz. Jamiyat bu qoidani qabul qilishga, hazm qilishga tayyor bo‘lsa, eng asosiysi, talab qilsa, ertami-kechmi, o‘z-o‘zidan tizim ishlashni boshlaydi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:00