O‘g‘lim AQSHga kelmasidan avval Toshkent shahridagi mashhur 300-umumta’lim o‘rta maktabning 10-sinfida o‘qirdi.
Amerikaga keldik, bola o‘qishni davom ettirishi kerak. Amerikada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik huquqshunosning yordami bilan o‘g‘limni maktabga qabul qilish haqidagi hujjatlarini sodda qilib aytganda, o‘zimizning XTBga yubordik. Uch kun o‘tib telefon raqamimga SMS keldi. Unda farzandimizning talab etiladigan hujjatlari joyda ekani, ular biz yashaydigan joyga yaqin davlat maktabiga yuborilgani ma’lum qilingandi.
Ikki kun o‘tib, telefon raqamimga yana SMS keldi. U o‘g‘limning maktabda ta’lim olish ko‘nikmalariga mas’ul bo‘lgan maktab maslahatchisidan ekan. Maslahatchisi bizni Amerikaga kelganimiz bilan tabriklab, 31 oktabr soat 7.30 ga biz bilan, o‘zimizni tilga aytganda, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bilan uchrashuv tayinlanganini, agar uchrashuv vaqti bizga to‘g‘ri kelmasa, biz vaqtni taklif qilishimiz mumkinligi ma’lum qilingandi. Vaqt bizga ma’qul bo‘lgani uchun, uchrashuvga yetib boramiz, deb javob yozdik.
Belgilangan vaqtdan yarim soata kechikib yetib bordik. Eshik oldidagi xodima muddaomizni bilgach, ratsiyada kim bilandir gaplashdi. Zum o‘tmay, o‘rta yoshlardagi ayol shoshib yetib keldi. U bizga, 10 daqiqa eshik oldida kutib turganini, bizning qoramiz ko‘rinmagach, bugun kelishmaydi, degan xayolda yuqoriga chiqib ketganini aytib, qayta-qayta uzr so‘radi (garchi ayb bizda bo‘lsa ham).
U bizni adashmasam, o‘zimizni tilda aytganda “zauch”ni huzuriga boshlab bordi. “Zauch” xonim, kabinetiga kirishimiz bilan, bizni ming yillik qadrdonini ko‘rgandek, o‘ta xursandchilik bilan kutib oldi. Keyin suhbatimizning rasmiy qismi boshlandi. U o‘g‘limizning maktabdagi muvaffaqiyatlari, yutuqlari, qiziqishlari haqida batafsil so‘radi. Bu farzandingizni maktabimizda yaxshi ta’lim olishi uchun nihoyatda muhim, deb qo‘ydi.
Suhbatni yanada muhim qismi keldi. O‘g‘lim va bizdan qaysi fanlardan ta’lim olishni istaysiz, deb so‘radi. Tushunyapsizmi, qaysi fanlardan o‘qishni o‘quvchi, keyin ota-ona tanlarkan!!! Istisno bor, dedi: faqat Amerika tarixi fani bilan jismoniy tarbiya majburan o‘qitilarkan. O‘g‘lim ingliz tili, algebra, astranomiyani tanladi. Bo‘ldi, faqat shu fanlar o‘qitilarkan, zarurat tug‘ilsa, o‘g‘lim o‘ziga yoqqan boshqa fanlarni kelgusi oydan qo‘shtirishii mumkin ekan.
Mendan o‘g‘lingiz shu fanlardan ta’lim olishiga rozimisiz, deb so‘radi. Roziman, dedim. Faqat… maslahatchi-tarjimonga ilinj bilan qarab: “o‘g‘lim ayol-erkak munosabatlari haqidagi fandan ta’lim olishini istamayman”, dedim. U savolimdan ajablandi, “zauch” undan battar ajablanib, bizda unaqa fan yo‘qku, dedi. Tushundimki, eshitganlarimiz hammasi haqiqat bo‘lavermaydi.
“Zauch” gapi: maktabda o‘quvchining ta’lim olishi to‘lik davlat hisobidan. Faqat tushlik pullik, ye’tiqodingizdan kelib chiqib ovqatlanaverasiz. Agarda siz farzandingizning tushlik puliga qiynalsangiz, bu xarajatni ham davlat o‘z zimmasiga oladi. Farxandingizning maktabga kelishi, uyga oborib qo‘yishi maxsus yo‘nalishdagi avtobus orqali amalga oshiriladi, bu ham bepul…
Bu orada qayergadir chiqib ketgan maslahatchi qo‘lida bir to‘p narsalar bilan qaytib keldi: ikkita daftar, qora, ko‘k rangli ruchka, qaychi, noutbuk. O‘g‘lingiz uchun kunlik kerak bo‘ladigan o‘quv qurollari, dedi. Kitoblarchi, deb so‘radim. “Zauch” bu so‘rovimdan ajablandi, keyin hamma darsliklar mana bu noutbukda, kerakli adabiyotlar kamlik qilsa, AQSHning istalgan kutubxonasidan onlayin tarzda shu noutbuk orqali foydalanishi mumkin, dedi.
Eng muhimi: hamma biladi, AQSHda o‘zbek diasporasi unchalik katta emas. Lekin. Suhbatimiz yakunida “zauch” ayrim hujjatlarga qo‘l qo‘yishingiz kerak, dedi. Maslahatchi, bir to‘p qog‘ozlarni qo‘limga tutqazdi. Angrayib qoldim, ular o‘zbek tilida edi. Uyga kelib, hijjalab o‘qib chiqdim, na imloviy, na stilistik xato topa oldim, bu gugldan emas, professional tarjimondan taqdim qilingan ish edi.
Dilshod Islomov
Mavzuga doir:
Nyu-Yorkdagi o`zbek maktabida odobnoma darsi o`tiladiAmerika ta’lim tizimi O‘zbekiston ta’lim tizimini o‘zgartirishi mumkinmi?Dunyoning turli mamlakatlaridagi maktablarda o’tiladigan noodatiy darslarJoylangan vaqt: 2022-11-29 21:29:31