Turob Maqsud. Turob Maqsud haqida: hayoti, asarlari, faoliyati
Turob Maqsud haqida: hayoti, asarlari, faoliyati, tarjimai hol, batafsil ma’lumotlar
Yozuvchi Turob Maqsud 1947 yil 11 sentyabrda Jizzax shahrining Ravalliq mahallasida tugʻildi.
Fargʻona davlat pedagogika institutining tabiatshunoslik fakultetida tahsil oldi (1967–1972). Guliston, Paxtakor tumanlari gazetalarida, Jizzax viloyati teleradiokompaniyasida, “Xalq taʼlimi” jurnalida, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida, Xalq taʼlimi vazirligida, Jizzax viloyat hokimligida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati boʻlimida xizmat qildi.
Turob Maqsudning “Qaytmas toʻlqinlar” nomli birinchi hikoyasi “Sharq yulduzi” jurnalida bosilib (1973 yil 1-son), “Yilning eng yaxshi hikoyasi” deb topildi. Shundan soʻng yozuvchining “Qaytmas toʻlqinlar” (1980), “Kattalar va men” (1983), “Beshik” (1985), “Pariga oshiq oʻsmir” (1990) kabi kitoblari chop etildi. Jizzax viloyat teatrida sahnalashtirilgan “Izgʻirin abadiy esmaydi” dramasi respublika teatr jamoalari koʻrigida birinchi oʻrinni (1997), “Boyqush” dramasi respublika drama teatrlari oʻrtasidagi zamonaviy asarlar koʻrigida ikkinchi oʻrinni (1999) oldi. Shuningdek, mazkur teatrda qoʻyilgan “It qopgan odam” komediyasi ham tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Turob Maqsudning yana “Yurakka qasida” (2000), “Muallim ishqi” (roman, 2002), “Umr bahori” (2003), “Ilinj” (roman, 2008), “Qaytmas toʻlqinlar” (roman, 2014) kabi kitoblari ham nashr etildi. U koʻplab publitsistik maqolalar, “Devor” videofilmi ssenariysining muallifidir. Bir qator asarlari rus, qozoq, uygʻur tillariga tarjima qilindi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:10:03