Ishtixon tumanidagi istirohat bogʻida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
Viloyatdagi faol oʻqituvchilar taklif etilgan forumda taʼkidlanganidek, davr shu qadar shitob bilan oʻtyaptiki, islohotlarning barcha bosqichi ilm-fan, texnika asosida jadallik bilan rivojlanishni taqozo qilmoqda. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari har bir chiqishlarida taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini zamonaviylashtirish, xalqaro talablar darajasiga koʻtarish vazifasini qoʻymoqda.
Prezidentimizning 2022-yil 3-fevralda qabul qilingan “Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishiga asosan Samarqand viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston — Finlandiya pedagogika instituti va hududiy malaka oshirish markazi hamkorligida mutaxassis va 2-toifali oʻqituvchilar malakasini oshirishga mutasaddi etib belgilandi. Ana shu oʻqituvchilarga metodik yordam beruvchi mobil metodik guruhlar tashkil etildi. Bu guruhlar oʻqituvchilar bilan belgilangan kunlarda offlayn yoki onlayn shaklda mashgʻulot olib boradilar. Asosiy maqsad mutaxassis va ikkinchi toifadagilarni birinchi va oliy toifali oʻqituvchilar safiga qoʻshishdir.
Binobarin, mobil metodik guruhlar, avvalo, yuqorida aytilgan toifa pedagoglari oʻrtasida targʻibot ishlarini olib boradi, oʻz ustida ishlash, intilish nechogʻlik samarali ekanligini tushuntiradi. Buning uchun 420 nafar tajribali, fidoyi, oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar saralab olingan. Ular oʻtgan besh oy davomida 167 ta tayanch maktablarda yosh va malaka toifasi boʻlmagan 10 ming nafarga yaqin pedagoglar uchun mahorat darslari tashkil etdi. Shuningdek, viloyatdagi 30 ta maktabda ham bunday guruhlar yoʻlga qoʻyildi. 9 ta fan boʻyicha haftalik, oylik va yarim yillik monitoringlar olib borildi. Metodik xizmat boʻlimi tomonidan 100 nafardan ortiq oʻqituvchining ilgʻor tajribalari viloyat miqyosida, yana shuncha muallimning tajribasi esa mamlakat miqyosida ommalashtirildi.
Tabiiyki, bu jarayon maktablar hayotiga oʻziga xos joʻshqinlik berdi. Koʻplab darslar ochiq tarzda oʻtkazilyapti. Oʻqituvchilar dars samaradorligini oshirishda bir-biriga koʻmaklashyapti.
— Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi Milliy reyting koʻrsatkichlari boʻyicha respublikamizda 10 oʻrinda turibdi, bu yaxshimi? Bu savolni oʻzimiz oʻzimizga berishimiz kerak, — dedi tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. — Ishtixon tumanidagi 1-IDUM viloyatda birinchi oʻrinda, respublikadagi 10 mingta maktab orasida 25-oʻrinda. Narpay tumanidagi 63-maktab viloyatda oxirgi, respublikada 9557 oʻrinda. Shuningdek, Kattaqoʻrgʻondagi 67-maktab, Nuroboddagi 24-maktab, Narpay tumanidagi 2-maktab reytingda viloyatda ham, respublikada ham quyi oʻrinlarda. Bu maktab rahbarlari xulosa chiqarish kerak, vijdoni qiynalishi kerak.
Darhaqiqat, Milliy reyting boʻyicha viloyatda oʻtgan yilga nisbatan biroz oʻsishga erishgan boʻlsada, hali oldinda dolzarb vazifalar turibdi. Shunga koʻra yaxshi koʻrsatkichlarga erishmagan maktablar bilan ishlash rejasi tuzib olindi. Misol uchun, taʼlim sifati past maktablarga viloyatdagi, qolaversa, boshqa yurtimiz boʻylab tajribali, oliy va birinchi toifali oʻqituvchilarni jalb etgan holda bu ilm dargohlarini toʻq qizil toifadan sariq va yashil maktablar toifasiga koʻtarish belgilandi.
Ustozlar milliy forumi doirasida Milliy reyting natijalari boʻyicha yuqori oʻrinda turgan maktablar oʻquvchilari, fidoyi va faol ustozlar taqdirlandi.
Manba:
xs.uzJoylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:45