Maktablarda «yoshlar yetakchisi» lavozimi qayta joriy qilinishi mumkin
Ma’lumki, Prezidentning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan umumta’lim maktablaridagi yoshlar yetakchisi lavozimi tugatilgandi.
Yoshlar yetakchisi lavozimi tugatilganligi sababli uning lavozim vazifalari ta’lim muassasalaridagi psixolog, harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga yuklatilgandi.
Ammo sentabr oyida umumta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlarda hisobot-saylov yig‘ilishini yuqori saviyada tashkil etish, hamda yoshlar bilan ishlashni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida har bir ta’lim muassasasida jamoatchilik asosida “Yoshlar yetakchisi” lavozimi joriy qilinadi.
Bu haqda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va Xalq ta’limi vazirligining joriy yilning 12 avgust kuni hududiy xalq ta’limi boshqarma boshliqlari va yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlariga yuborgan ko‘rsatma xatida ma’lum qilingan.
Ushbu xatda joriy yilning 16 avgust kuniga qadar jamoatchilik asosida “Yoshlar yetakchisi” lavozimiga har bir ta’lim muassasasidan 35 yoshdan oshmagan shijoatli, tashabbuskor, yoshlar manfaatlarini himoya qila oladigan, yetakchilik qobiliyatiga ega 3 nafar nomzodlarning ro‘yxatini shakllantirish, nomzodlarning belgilangan grafik asosida respublika komissiyasi suhbat jarayonlarida ishtirokini ta’minlash topshirig‘i berilgan.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:29