Savol: Assalomu alaykum. Men ingliz tili fani o‘qituvchisiman. Toifam oliy. Maktabimizda 6 nafar ingliz tili o‘qituvchisi bor, ularning toifasi esa meni toifamdan past. Shu sababli men 30 soat dars olaman desam, derektorimiz sizga 30 soat bersak oxirida bir nafar o‘qituvchiga dars yetmay qoladi deb bunga qarshilik qilyapti. Direktorning harakatlari qonuniymi?
Savolga Ulug’bek Po’latov
javob berdi:
Ma’lumki, “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (ro‘yxat raqami № 3271) muvofiq darslar o‘qituvchilar o‘rtasida ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.
Bunda ustuvor ketma-ketlik bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi. Umuman olganda o‘qituvchida qolganlarga nisbatan yuqori malaka toifasi yoki nizomda (3271) nazarda tutilgan boshqa yutuqlar mavjud bo‘lsa, ularga 30 soatgacha dars berish mumkin.
❗️Ammo masalaning ikkichi tomonini ham hisobga olish zarur.
Qonunchilikka ko‘ra o‘qituvchilarga bir yarim stavkagacha ishlashiga ruxsat beriladi. Ammo bu ta’lim muassasasidagi boshqa bir o‘qituvchining ishsiz qolishi hisobiga amalga oshirilishi noto‘g‘ri.
Malaka toifasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilar «menga 30 soatgacha dars olish mumkin, boshqa o‘qituvchilarga dars yetmasa ham direktor menga 30 soat dars berishga majbur. Chunki “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda shunday qoidalar nazarda tutilgan» degan fikrga kelmoqda.
Lekin ushbu nizomda ustuvor ketma-ketlik bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga aynan 1.5 stavka (30 soat) dars berilsin degan jumla mavjud emas. Nizomni e’tibor bilan o‘qisangiz u yerda ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etilgan.
Maksimal miqdor degada aynan 30 soat dars berish nazarda tutilmayapti. Bu yerda turli hil toifadagi o‘qituvchilar orasida eng yuqori toifaga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga qolgan o‘qituvchilarga nisbatan ko‘proq dars soati ajratilishi mumkinligi haqida gap ketmoqda.
Aytaylik, maktabda 6 nafar ingliz tili o‘qituvchilarining ichida bir nafari oliy toifali, bir nafari birinchi toifali, qolgan 4 nafari mutaxasis. Shunda oliy toifali o‘qituvchiga 27 soat, birinchi toifali o‘qituvchiga 25 soat, qolgan 4 nafariga esa darslar teng miqdorda taqsimlansa, eng yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan o‘qituvchi maksimal miqdordagi dars soati bilan ta’minlangan hisoblanadi.
Maktab direktori oliy toifali o‘qituvchini 30 soat dars bilan taminlash uchun, ba’zi bir xodimlarni ishsiz qoldirolmaydi. Chunki qonunchilikda belgilab berilgan boshqa qoidalar ham mavjud. Ya’ni maktab direktori ish beruvchi sifatida boshqa xodimlarning ham mehnat huquqlarini buzmaslikka majbur. Dars taqsimlashda toifasiz o‘qituvchiga dars yetmay qolganligi sababli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilolmaydi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:36