o‘qituvchilarga yangi toifa maoshi qachondan to‘lanadi?
Malaka toifasi oshirilgan o‘qituvchilarga qachondan boshlab toifa bo‘yicha maosh to‘lanadi?
Savol: O‘qituvchi attestatsiyadan o‘tgandan keyin uning malaka toifasi (lavozimi) oshirilsa, ana shu toifa bo‘yicha haq to‘lash qachondan boshlanadi? Attestatsiya komissiyasi qaroridan so‘ngmi yoki sertifikat berilgan sanadanmi, yoki yangi o‘quv yilidanmi?
Javob: Attestatsiya yakunlanganidan so‘ng bir oy muddatda Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan attestatsiya natijalariga ko‘ra oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalari hamda bosh, yetakchi va katta o‘qituvchi lavozimlari berilgan pedagog kadrlarning ro‘yxati tasdiqlanadi hamda ro‘yxatga asosan pedagog kadrlarga QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikatlar Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali onlayn generatsiya qilinadi.
Navbatdagi majburiy va navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga ko‘ra malaka toifasi oshirilgan yoki saqlangan, shuningdek, navbatdagi majburiy attestatsiya natijalariga ko‘ra malaka toifasi tushirilgan pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlari hamda maktab boshqaruv (ERP) dasturlari bilan integratsiya qilinadi.
Shundan so‘ng pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi hamda ularning ish haqlari sertifikat generatsiya qilingan kundan boshlab qayta hisoblanadi.
Manba: Xalq ta’limi Info
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:27