Bizni qon-qonimizga singib ketgan bir illat bor. Bu — sira ham dam olmay ishlash samara beradi deb hisoblashimiz. Ko‘pchilik nega bunday deyapsiz, axir ko‘proq ishlansa mehnat samaradorligi oshadiku deyishi mumkin. Lekin bu noto‘g‘ri, inson vaqtida dam olishni ham bilishi
kerak.
Bizning xalq ta’limi bo‘limi boshqarma boshliqlari, mudirlar va ayrim maktab direktorlari ko‘proq yig‘ilish o‘tkazib, xodimlarni tinim bilmay ishlatib go‘yoki o‘zini judayam yaxshi ishlayapman deb hisoblaydi. Ular ish sifatiga emas balki, uni tinim bilmay bajarilishiga urg‘u beradi xolos.
Misol uchun, maktab direktori va uning o‘rinbosarlari yozgi ta’tilda ham, garchi qonunan mehnat ta’tilida bo‘lishlariga qaramay ishlayveradi. Ularning miyasiga «rahbar xodim ta’tilga chiqmaydi» degan tushuncha singdirilgan. Boshqarma boshliqlari va mudirlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi.
Hozir yozgi ta’tilda dam olmaslik odati sekin-sekin o‘qituvchilarning ham ongiga singdirilyapti. Aniqrog‘i yuqoridan berilgan topshiriqlar ularning dam olishiga yo‘l qo‘ymayapti. Chunki, ular to‘garak o‘tishi kerak, yoki bo‘lmasa nomi ulug‘ surpasi quruq yozgi oromgohga kelib bolalarni «issiqxona»da ushlab o‘tirishi kerak, juda bo‘lmasa qanaqadir jadval to‘ldirishga jalb qilinadi.
Yuqoridagi ayrim «mas’ullar» esa direktor yoki «zamdirektor», «zavuchlar» ta’ilga chiqishi bilan qo‘l ostingdagi o‘qituvchilar faloncha to‘garak o‘tishini nazorat qilasan, maktabingda «Yozgi oromgoh» tashkillaysan, qayerdan bo‘lsa ham homiy topib maktabni remont qilasan, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rasan deb bosim o‘tkazadi. Shu tashvishlar bilan bo‘lib, pedagog xodimlar sentabr oyi kelib qolganini bilmay ham qolishadi.
Keyin yana o‘sha eski tashvishlar boshlanadi. Direktor, «zamdirektor», «zavuch» va o‘qituvchilar yoz mavsumida ham umuman dam ololmaydi. Keyin yana maktablarga tekshiruv, davomat masalasi, o‘quvchilar sho‘xligi… Xullas hammasi shu tarzda qayta-qayta takrorlanaveradi.
Ayrimlar balki bu fikrimga qarshi chiqar. Lekin, kasblar orasida eng ko‘p asabi ketadigan soha bu o‘qituvchilik. Ularga vaqtida ta’til beraylik. Tinimsiz ishlash, ularni shu issiqni kunida sababsiz maktabda ushlab o‘tirishimizdan hech ham ma’ni yo‘q. Sifatli ta’lim kerak bo‘lsa, sifatli ta’til o‘tkazaylik.
P.S: Xa aytgancha, bu post bir yil avval yozilgan. Ammo hozir ham o‘z aktualligini yo‘qotmagan.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:06