Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Ey Allohning Rasuli! Siz biz bilan hazil-mutoyiba qilasiz-ku» deyishdi.
«Men haqdan boshqani gapirmayman», dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni «To‘g‘ri, hazil-mutoyiba qilaman, biroq o‘sha hazilim ham faqat haq bo‘ladi. Nohaq gapni gapirmayman», deganlar.
Demak, hazil-mutoyiba shariatimizda bor ekan, biroq kuldiraman deb, hazil ekan deb, yolg‘on, nohaq, bo‘lmag‘ur gaplarni gapirib bo‘lmaydi.
Musulmonchilikdagi hazil ham haqiqatga asoslangan bo‘lishi kerak.
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ulov so‘rab keldi. Shunda u zot:
«Bo‘pti, seni tuyaning bolasiga mindirib qo‘yamiz», dedilar.
«Tuyaning bolasini nima qilaman?» dedi u.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Axir tuya tuyani tug‘adimi?» dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Bu yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda nozik uslub ila hazillashganlar. Ulov so‘ragan kishiga katta tuya bermoqchi bo‘lganlar. Lekin berishdan avval: «Senga tuyaning bolasini beraman», deganlar.
U kishi «tuyaning bolasi» deganda bo‘taloqni tushunib, «Uni nima qilaman?» deb hayron bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Axir katta tuya ham tuyaning bolasi bo‘ladi-ku», degan ma’noda gap aytganlar.
Ko‘rib turibmizki, bu gap haqiqatdan chetlashmagan hazil bo‘lgan. Katta yoshli tuya ham, albatta, tuyaning bolasi bo‘ladi, biroq har doim «tuyaning bolasi» deganda bo‘taloq tushuniladi. Shuning uchun u kishining xayoli boshqa yoqqa ketgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mana shu shaklda hazil-mutoyiba qilgan ekanlar.
Bizda hazil deb aytiladigan ma’no arablarda «mizoh» yoki «mazah» so‘zlari bilan ifoda etiladi. Aslida «hazil» so‘zi ham arabcha. Ammo arablar uni boshqalar bilan bo‘lgan so‘zlashuvda yengil va beozor kulgili gap ma’nosida kam ishlatishadi. Bizda esa aksincha, «mazah»ni birovni ermak qilish ma’nosida tushuniladi.
Hazil do‘st-birodar va tengdoshlar orasida olib boriladigan so‘zlashuvda yengil va beozor kulgili gap ma’nosida bo‘lsa, mandub hisoblanadi. Albatta, bunda ozor, zarar, g‘iybat, masxara, ayblashga o‘xshash narsalardan chetda bo‘lish shart qilinadi.
Me’yoridagi hazil-mutoyibada mehnat mashaqqatlari va turli ta’sirlardan bir oz yengillashish hamda xushvaqtlik topish bor.
Ahli-ayoli va bola-chaqasi bilan hazil-mutoyiba qilish esa musulmonlarning shiori va nabiylarning axloqidir.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:53