Maktab bitiruvchilariga shahodatnomalar tantanali topshiriladi
Ijtimoiy tarmoqlarda, 9- va 11-sinf oʻquvchilarining shahodatnomalarini olish yuzasidan murojaat kelib tushmoqda.
Xalq taʼlimi vazirligi ushbu murojaatlarga javoban quyidagilarni maʼlum qiladi.
Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda 11 yillik majburiy taʼlim joriy etilgani sababli, aksariyat 9-sinf oʻquvchilari taʼlimni oʻz maktabida davom ettiradi, ularning shahodatnomalarining originali ham maktabda saqlanadi. Agar 9-sinfdan keyin oʻquvchi boshqa maktabga yoki akademik litseyga oʻqishga qabul qilinsa, ushbu oʻqishga kirgan taʼlim muassasasi tomonidan berilgan maʼlumotnoma (talon) asosida shahodatnomaning original nusxasi berib yuboriladi. Bu masalada ota-onalar maktab direktoriga murojaat etishlari mumkin.
11 yillik majburiy taʼlimni tamomlaganidan soʻng esa ularga shahodatnomalar tantanali ravishda topshiriladi.
Shuningdek, joriy oʻquv yili 11-sinf bitiruvchilari maktabdan shahodatnomasining asl nusxasini olmasdan ham OTMga hujjat topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish mumkin. Xalq taʼlimi vazirligining
attestat.uzedu.uz elektron platformasi Davlat test markazining
my.dtm.uz sayti bilan integratsiya qilingan. Yaʼni, bitiruvchilar
my.dtm.uz saytidan roʻyxatdan oʻtish jarayonida shahodatnoma maʼlumotlarini kiritishi shart emas, saytda bitiruvchining tamomlagan maktabi va shahodatnoma raqami avtomatik tarzda paydo boʻladi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:54