Yaqin 1000 yil orasida birorta tabib yoki shifokorga shu soxadan behabar odamning maslahat yoki ko‘rsatma berganini yoki operatsiya jarayonida jarroxning ustiga «minvolib» «unday qil, bunday qil»-deganini eslay olmayman.
Safarga chiqqan inson samolyot uchuvchisi yoki kema kapitaniga ixtiyorini topshiradi, ha deganda ularning ishiga aralashib burun suqmaydi.
Agar har bir «maxmadona» samolyot shturvalini boshqarsa nima bo‘lishini ko‘z oldingizga keltiring.
Nonvoy mustaqil non pishirsa, podachi qo‘y boqsa, quruvchi qursa nima uchun o‘qituvchi mustaqil dars o‘tolmaydi?
Har qanday kas «unday emas, bunday o‘qit», «meni farzandimni erkala, meni farzandim birinchi partada o‘tirishi kerak, meni farzandimga alohida e’tibor ber, farzandimga 2 baho qo‘yma, darsni mana bunday o‘t, uy vazifasini mana bunday bahola…» degan ko‘rsatma-yu buyruqlarni beraverishi oqibatida bolalarda na bilim, ustozlarda na ishtiyoq qoldi.
Ey inson!
Farzandingni maktabga, Ustozga berdingmi, endi sabr va mas’uliyat bilan natijani kut.
Farzandingni nazorat qil. Ustoz dars — operatsiya jarayonida. Farzandingni bu operatsiyadan muvaffaqiyatli chiqishi sening sabr-toqatingga bog‘liq.
Operatsiyaga zarur vositalarni, mablag‘ni yetkazib berish sening vazifang.
Kun tun, kerak bo‘lsa uxlamay farzanding haqqiga duo qil. Jarroh — o‘qituvchi farzandingni eson omon qo‘lingga topshirsin. Solih, bilimli inson bo‘lib yetishgan farzand ustozidan ko‘ra eng avvalo senga, jamiyatga kerak.
Shunday ekan ustozlarga, o‘qituvchilarga o‘qitishni, tarbiyalashni o‘rgatmoqchi bo‘lgan «do‘stim».
Siz o‘zingizning ishingizni qiling. O‘qitishni o‘z egalariga qo‘yib bering.
©️ Qobiljon Qosimov
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:08