RYUKYU

RYUKYU, Nansey — Yaponiyadagi orollar arxipelagi, Kyusyu va Tayvan o. lari oraligʻida. Sharqiy Xitoy dengizini Tinch okeandan ajratib turadi. Shim. sharqsan jan. gʻarbga yoy shaklida 1200 km masofaga choʻzilgan. Ryukyu 98 orolni oʻz ichiga olgan 6 ta yirik orollar guruhidan iborat. Umumiy mayd. 4,8 ming km2. Yirik orollari — Okinava va Amami. Orollarning jan. sharqiy qismi asosan, mezozoyning karstli ohaktoshlaridan, shim. gʻarbi vulkan jinslaridan tuzilgan. Seysmik faol zona, tez-tez zilzila boʻlib turadi, 3 ta harakatdagi va bir nechta soʻngan vulkan bor. Yer yuzasi plato va past togʻlardan (bal. 300—500 m), shuningdek, past sohilboʻyi terrasalaridan iborat. Eng baland joyi 1935 m (Yaku o. da). 29° sh. k. dan janubda orollar marjon riflari bilan oʻralgan. Fosforit va toshkoʻmir konlari bor. Iklimi shim. da subtropik, jan. da tropik, mussonli (yillik yogʻin 2000—3500 mm), vaqtvaqti b-n tayfunlar boʻladi. Oʻrtacha t-ra yanv. da 14—18°, iyulda 27 — 28°. Doim yashil tropik oʻrmonlar bor. Sholi, batat, shakarkamish ekiladi. Baliq ovlanadi. Shoyi toʻqiladi. Eng katta shahri — Naxa.