RABINJON

RABINJON, Arbinjon — Soʻgʻdning qad. shaharlaridan biri. Samarqand sh. dan 100 km gʻarbda, Fay (Pay) kanali boʻyida joylashgan. Rabinjon xarobalari Narpay tumanidagi Koʻhna Oromijon sh. xarobasi oʻrnida boʻlgan deb taxmin qilinadi. Rabinjonni A. Yu. Yakubovskiy (1934), G. A. Pugachenkova (1969), shuningdek, Oʻzbekiston FA Arxeologiya in-ti xodimlari (1971— 73) oʻrganishgan. Shahar toʻrtburchak qoʻsh devor va xandaqlar bilan oʻralgan mustahkam qalʼadan iborat. Narpay kanali qirgʻogʻida joylashgan alohida qoʻrgʻon boʻlgan. Qalʼa 3 tomondan shahriston va mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan. Hovuz, bozor va hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan shahristonning jan. tomonida koshinkorlik va maʼdan eritish korxonalari boʻlgan. Shahriston va rabod hududidan kanal oʻtgan. Shahar hayotining dastlabki davri 4—7-a. larga toʻgʻri keladi. Shu davrga oid binokorlik qoldiqlari, haykaltaroshlik namunalari, oltindan ishlangan ziynat buyumlari saqlangan. 9—10-a. larda R. Yaqin va Uzoq Sharq mamlakatlari bilan Movarounnaxrni bogʻlab turadigan yirik shaharga aylangan. Bu yerda qad. soʻgʻd sanʼati namunasi saqlangan uy va 10-a. ning 1-yarmiga oid 44 ta oltin tanga topilgan. 1158-y. da Xorazmshoh Elarslon qoʻshinlari b-n Samarqandning qoraxoniy hukmdori Chagʻrixon qoʻshinlari oʻrtasidagi jangdan soʻng Rabinjon vayronaga aylangan.

Ad.: Bartold V. V., Sochineniya, t. 1, M. 1963.