ROSSIYA-BUXORO SHARTNOMALARI

ROSSIYA-BUXORO SHARTNOMALARI — Rossiya imperiyasi bilan Buxoro amirligi oʻrtasida 1868, 1873, 1885, 1894, 1900-y. larda tuzilgan shartnomalar. Bu shartnomalar podsho Rossiyasiga Buxoro amirligi xududidan har tomonlama foydalanish imkoniyatini bergan.

1868-y. 23 iyun sulh shartnomasi. Buxoro bilan Rossiya qoʻshinlari oʻrtasida boʻlgan Zirabuloq jangidan keyin Samarqandda imzolangan. Bu shartnomaga binoan, Xoʻjand, Oʻratepa, Jizzax, Samarqand va Kattaqoʻrgʻon sh. laridan to Zirabuloqqacha boʻlgan Buxoro amirligining yerlari Rossiyaga kiritildi va Turkiston generalgubernatorligi tarkibida Zarafshon okrugi (keyinchalik Samarqand viloyati) tashkll qilindi. Buxoro amiri Muzaffar oltin hisobida 500 ming rubl harbiy tovon toʻlagan va rus savdogarlariga amirliqda erkin savdosotiq qilish uchun qulay shartsharoit yaratib berish majburiyatini olgan. Rus mollaridan ular qiymatining atigi 2,5% miqsorida boj oladigan boʻlgan.

1873-y. 28 sent. shartnomasida Buxoro amirligi Rossiyaning protektorati (tobesi; homiyligi ostidagi hudud) deb eʼlon qilingan. Zarafshon daryosining yuqori qismi — Sharqiy Buxoro (Badaxshon, Pomir)dagi ayrim viloyatlar qoʻldan ketgan; Amudaryoning chap sohilidagi yerlar esa (Balx, Mozori Sharif, Shibirgʻon, Qunduz va b.) Afgʻonistonga berilgan. Buxoroning xorijiy davlatlar bilan mustaqil aloqa yuritishi taqiklangan.

1885-y. 25 iyul shartnomasida Buxoro amirligi hududidan t. y. oʻtkazishga kelishilgan. Yoʻl qurilishi uchun 6 ming desyatina yer ajratilib, rus maʼmurlari ixtiyoriga topshirilgan. 1885-y. 12 noyab. da Buxoro amirligida «Rossiya imperatorligining siyosiy agentligi» taʼsis qilingan (q. Buxorodagi vakolatxonalar).

1894-y. 27 may shartnomasi iqtisodiy xususiyatga ega boʻlib, unga koʻra har yili 15 noyab. dan 10-martgacha Zarafshon daryosining suvi amirlik yerlariga toʻliq, 10-iyundan 15 avg. gacha (dehqonchilik uchun suv eng kerak paytda) esa faqat 40% oqiziladigan boʻlgan. ROSSIYADA 1905-07 YILLAR INQILOBI – 1900-y. 27 yanv. shartnomasiga koʻra, Amudaryo qirgʻogʻidagi 10514 desyatina yer (Termiz va uning atroflari) harbiy istehkomlar va chegara toʻsiklari qurilishi uchun ajratilib, mustamlakachilar qoʻliga berildi. Yangi Termiz sh. Rossiya ixtiyoriga oʻtgan.

Rossiya-Buxoro Shartnomalari natijasida Buxoro amirligi oʻzining eng serhosil yerlari — Zarafshon vodiysining katta qismidan ajraldi, Sharqiy Buxorodagi mavqei zaiflashdi, Amudaryoning chap sohilidagi yerlarini Afgʻonistonga berishga majbur boʻldi, Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy jihatdan tobe boʻlib qoldi.

Ad.: Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000.