RAHIMOV Habibulla Gʻaybullayevich

RAHIMOV Habibulla Gʻaybullayevich (1946.31.10, Tojikistonning Nov tumani) — kompozitor, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi (2001). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1974). Qodiriy nomidagi Madaniyat in-tida oʻqituvchi (1977—89), hoz. Oʻzbekiston konservatoriyasida dotsent (1990-y. dan), Oʻzbekiston bastakorlar uyushmasi kotibi (1992-y. dan). 3 simfoniya, turli (alt, violonchel, ovoz, fortepiano, qashqar rubobi va b.) sozlar uchun konsertlar va konsertinolar, «Ona qalbi», «Alpomish va Oybarchin» operalari, shuningdek, «Parvona», «Kelin tanlov» kabi musiqali drama va komediya, oratoriya va kantata, puflama sozlar orkestri, oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri uchun, arab, turk, yapon, koreys va b. xalqlar kuylari asosida kamer orkestr uchun musiqalar, kamervokal, kamercholgʻu asarlar yozgan.