RAHIMOV Qadamboy Yoqubovich (1948.1.6, Urganch tumani Qorovul qishlogʻi) — dirijyor, bastakor. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1991). Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika in-tini tugatgan (1971). Urganch ped. bilim yurtida oʻqituvchi (1971—79), Komiljon Otaniyozov nomidagi viloyat filarmoniyasida direktor va badiiy rahbar (1979—86), Ogahiy nomidagi viloyat musiqali teatrida bosh dirijyor (1986-y. dan). «Olma pishganda keling» (E. Samandar), «Jobbi jujakning hiylasi» (K. Avaz) kabi musiqali komediyalarga, «Jahannam» (K. Avaz), «Tilim asalim» (H. Rasul, Sh. Fayzullayev b-n) va b. pyesalarga musiqalar bastalagan. Shuningdek, xor asarlari, qoʻshiqlar («Goʻzal», «Muhabbat qolur», «Ketdi dilni kuydirib» va b.) muallifi.