RASHIDXON

RASHIDXON, Abdurashidxon (1509/10, Andijon — 1563, Xoʻtan) Moʻgʻuliston xoni (1533—63). Sulton Saʼidxonnnng oʻgʻli. Rashidxon jasur sarkarda, usta mergan, sayyoh, turk va fors tillarida Rashidiy taxallusi bilan ijod qilgan shoir hamda turli musiqa asboblarini chala bilgan sozanda va bastakor boʻlgan. Mirzo Haydar oʻzining mashhur «Tarixi Rashidiy» asarining nomini Rashidxon ismiga qoʻyganligini taʼkidlaydi. Rashidxon otasi davrida (1521—22) Yettisuv va Oqsuv voliysi hamda otasi urush safarida boʻlganida xon noibi vazifasini bajargan. Oʻz hukmronligi davrida muvaffaqiyatli ichki va tashqi siyosat olib borgan. Xonlikka boʻysunishdan bosh tortgan, xavf tugʻdirgan qoʻshni xonlik va qabilaurugʻ (qozoq, qirgʻiz, qalmoq, moʻgʻul)larga qarshi yurishlar (1537—38, 1544—45) olib borgan, chegaralarni mustahkamlagan. Ilmmaʼrifat, adabiyotsanʼat va uning muxlislarining homiysi boʻlgan. Madrasa, maktab, masjid, xonaqoh, hammomlar qurdirgan. Islom dini va tasavvufning rivojiga keng yoʻl ochib bergan. Naqshbandiya tariqatining yirik vakili Xoja Muhammad Sharif R. ning piri, ustozi edi. Rashidxon davrida Yorkend sh. da «Yashil Madrasa», 360 hujrali 2 qavatli hammom, Rashidiya madrasasi qurilgan. Madrasada musiqa va xattotlikka alohida eʼtibor berilgan. Turkiy xalqlarning madaniy merosi boʻlgan 12 maqom xonning rafiqasi Omonnisoxonim tomonidan tartibga solingan. Navoiyning oʻlmas asarlari mazkur musiqa xazinasidan oʻrin olgan. Xonning oʻzi 12 maqomning 24 shoʻbasini yaxshi bilgan. Rashidxon «Devoni Rashidiy», «Gʻazaliyoti Rashidiy» va «Salotinnoma» kabi asarlar muallifi. Biroq ular bizgacha yetib kelmagan, faqat turkiy va forsiy gʻazal va ulardan namunalar qoʻlyozma kitoblarda tilga olinib, qoʻshiklarda aytilib kelinmokda.

Omonbek Jalilov.