RAKETA-YADRO QUROLLARI

RAKETA-YADRO QUROLLARI — yadro va termoyadro zaryadli raketalar; dushmanga zarba berishning qudratli vositasi. Raketa-yadro qurollari jang olib borish hamda strategik vazifalarni hal qilishda qoʻllaniladi. Raketa-yadro qurollari turli sinfdagi raketalarning yaratilishi hamda turlicha quvvatdagi yadro, termoyadro zaryadlarining ishlab chiqilishi bilan yuzaga keldi. Raketa-yadro qurollarida qirgʻin vositasi yadro zaryadi, nishonga yetkazish vositasi — raketa. Raketalar yer sharining har qanday nuqtasiga qisqa muddatda (40 min. ga yaqin vaqt ichida) yadro zaryadini elta oladi. Raketa-yadro qurollarining asosiy vazifasi dushmanning yadro qurollari va b. ommaviy qirgʻin vositalarini yoʻq qilishdir. Raketa-yadro qurollarini ommaviy suratda qoʻllash jang maydonida qisqa muddat ichida dushmanga hal qiluvchi zarba berish va kuchlar nisbatini oʻz foydasiga tubdan oʻzgartirish imkonini beradi.