RAYNIS

RAYNIS Yan (taxallusi; asl ismsharifi Yanis Pliyekshans) [1865. 30.8(11.9), Varslavani qishlogʻi, hoz. Yekabpile tumani — 1929.12.9, Riga] — Latviya xalq shoiri (1940), daramaturg va jamoat arbobi. Peterburg untini tugatgan (1888). «Diyenas lapa» gaz. muharriri (1891—95). Revolyutsion faoliyati uchun qamalgan (1897). Pskovga, soʻngra Vyatka gubernyasidagi Slobodskoy sh. ga (1899) surgun qilingan. 1903-y. surgundan kaytgan. Shveysariyada emigratsiyada boʻlgan (1905—20). «Moviy oqshom sadolari» (1903), «Boʻron nihollari» (1905), «Ajoyib kitob» (1909), «Boshi va oxiri» (1912), «Dagʻdagʻaning besh nusxa daftari» (1920 — 25) va b. sheʼriy toʻplamlar muallifi. «Ave sol» dostonida (1910) quyosh ozodlik simvoli sifatida tasvirlangan. «Guvullayver, shamol» pyesasi (1913) Latviya dramaturgiyasida muhim oʻrin tutadi. «Oʻt va tun» (1905), «Indulis va Ariya» (1911), «Iosif va uning akaukalari» (1919) pyesalari ham bor. Rus dostonlari asosida «Ilya Muromes» tragediyasini yozgan (1922). Asarlari oʻzining yangi uslubi, chukur falsafiy teranligi va yuksak gʻoyaviyligi bilan ajralib turadi, «Yangi zamon» sheʼriy toʻplami oʻzbek tiliga tarjima qilingan (1967).