RADIOUZATKICH

RADIOUZATKICH — radiochastotalar diapazonidagi elektr tebranishlarni antenna orqali elektromagnit toʻlqinlar tarzida uzatuvchi qurilma (qurilmalar majmui); asosiy elementlari: yuqori chastotali elektr tebranishlar generatori, uzatilayotgan xabarlarga muvofiq ularning parametrlarini boshqaradigan (modulyatsiyalaydigan) modulyatordan iborat.

Radiouzatkich axborotlarni radiotoʻlqinlar yordamida uzatish tizimlari va qurilmalarining muhim qismi. Radiouzatkich ish toʻlqini diapazoniga, antennaga berilayotgan tebranish quvvatiga, ish turiga (telegraf, telefon va b.), modulyatsiyalash usuliga (amplitudali, chastotali, fazali va b.), generatsiyalovchi elektron asboblari xiliga (lampali, tranzistorli, magnetronli, klistronli va b.), vazifasiga (aloqa, eshittirish, lokatsion, televizion va b.), oʻrnatilishiga (statsionar, koʻchma) qarab xillarga boʻlinadi.

Radiouzatkich oʻzgarmas tok (kam hollarda oʻzgaruvchan tok) energiyasini radiochastota tebranishlari energiyasiga aylantirib beruvchi generator, modulyator va elektr manbaidan iborat. Dastlabki Radiouzatkich lardan birini rus ixtirochisi A. S. Popov 1895-y. ixtiro qilgan. Radioaloqa, televideniye, radioeshittirish, radiolokatsiya, radionavigatsiya va texnikaning boshqa sohalarida, ilmiy eksperimentlarda qoʻllaniladi.